Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati aʼzosi Rustam Xolmurodov, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yurist, “Do‘stlik” ordeni sohibi Alisher Mardiyev O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jaligi xodimi, “Nuroniy” jamg‘armasi Samarqand viloyat bo‘limi  raisi Shuhrat Negmatovlar yig‘ilganlarni yangi institutning ochilish marosimi bilan tabrikladi…

    Dastlab viloyatdagi mehnat faxriylari Samarqand davlat universiteti Muhandislik fizikasi institutini ko‘zdan kechirdi. Shundan so‘ng SamDU Biokimyo institutida yangidan qad ko‘targan maʼruzalar zali, oranjeriya, vivariy hamda molekulyar biotexnologiya va zamonaviy botanik tadqiqotlar ilmiy laboratoriyasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

    - SamDU Biokimyo instituti O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 32 yilligi bayrami oldidan universitet jamoasiga munosib sovg‘a bo‘ldi, - deydi professor Rustam Xolmurodov. - Ushbu institutning asosiy vazifasi ilmiy tadqiqot olib borish bilan birga talabalarga sifatli taʼlim berish hisoblanadi. Bu kampusni butunlay yangiladik, zamonaviy laboratoriyalar tashkil qildik, ayrim laboratoriya jihozlari nafaqat O‘zbekistonda balki Markaziy Osiyoda mavjud emas. Endilikda o‘qish ham o‘qitish ham shunga monand bo‘lishi kerak. Professor-o‘qituvchilar ham talabalarimiz ham  o‘z ustida ko‘proq ishlashi kerak. Barchamizning oldimizda faqat bir maqsad turibdi. U ham bo‘lsa sifatli taʼlim berish. Buning uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan...

    - Samarqand davlat universitetida, keyingi yillarda rektor Rustam Xolmurodov rahbarligida olib borilayotgan ulkan ishlardan xabardorman, - deydi taniqli huquqshunos Alisher Mardiyev. - SamDU da o‘tkazilayotgan xalqaro anjumanlar, professor-o‘qituvchilar erishayotgan yutuqlar, katta bunyodkorlik ishlari har birimizga faxr-iftixor bag‘ishlaydi. Bugun men mutlaqo yangi SamDU ni kashf etdim desam, mubolag‘a qilmagan bo‘laman. Muhandislik fizikasi, Biokimyo institutlari muhtasham binolarini ko‘rib hayratlandim. Xuddi jahonning eng rivojlangan davlatlaridagi taʼlim dargohiga borib qolganday  bo‘ldim. Mana qilsa bo‘lar ekan. Yaratsa bo‘lar ekan.  Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bejizga Samarqand davlat universitetiga tashrif buyurmadi. Universitetda juda katta o‘zgarishlar ro‘y bergan, ajoyib ilmiy muhit shakllangan. Ushbu yaratilgan imkoniyatlar bizning kelajagimizni belgilaydi. Bu yerda ishlaydigan ilmiy jamoaga, rektor Rustam Xolmurodovga  o‘z minnatdirligimni bildiraman…

    - Bugun viloyat faxriylari bilan yoshlikni esga oldik va hozirgi kunni taqqosladik, - deydi Shuhrat Negmatov. - Bu kunlarga shukronalar keltirishimiz kerak. Bizning farzandlarimiz mana shunday joylarda tahsil olishi, doim zamon bilan hamnafas yurishi lozim. Shundagina jamiyatimiz taraqqiy topadi, rivojlanadi. Bugun SamDU Muhandislik fizikasi va Biokimyo institutini ko‘rib havas qildim. Men ham Samarqand davlat universitetida o‘qiganman. Bu yerning bitiruvchisi ekanligimdan faxrlanaman. Farzandlarimizga mana shunday imkoniyatlarni yaratib berganligi uchun Prezident Shavkat Mirziyoyevdan minnatdorman...

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati,

Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.