Alqor – shifobaxsh ziravori haqida eshitganmisiz?!
Alqor (ilmiy nomi “Mediasia macrophylla Pimen”) ham dorivor, ham ziravor o’simlik bo’lib, o’zining bir qator shifobaxsh xususiyati bilan xalq orasida mashhur. Alqorning yer ustki qismi parfyumeriya sohasida xushbo’y ifor beruvchi, tibbiyotda kuchli ishtahani ochuvchi vosita hisoblanadi. Alqor tarkibida revmatizm, nefret, ekzema, gerpes, oshqozon – ichak, jigar va shikastlangan joylarni davolash xususiyatiga ega moddalar mavjud.
Xalq tabobatida o’simlikning poyasi, barglari va gullari qo’llaniladi. O’simlik asab tizimiga ijobiy ta’sir ko’rsatib, yurak qon-tomir tizimini yaxshilaydi, qon bosimini me’yoriga keltiradi. Unig yer ustki qismidan oziq-ovqat sanoatida, go’sht va baliq konservalari tayyorlashda foydalaniladi. Barglaridan damlangan choy xushta’m dorivor vosita sifatida kayfiyatni ko’tarib, ruhiyatni tetiklashtiradi. Taomlarga qo’shilsa, tez aynishning oldini oladi.
O`simlikning urug’i, bargi va guli tarkibida juda ko’p miqdorda efir moyi va murakkab lipidlar mavjudligi undan oziq-ovqat sanoatida xushbo’y efir manbai sifatida foydalanish imkonini beradi.
Alqor o’simligi qo’shilgan sut va sut mahsulotlari o’z tarkibini uzoq vaqtgacha tabiiy holda saqlab turadi. Uning soyada quritilgan bargi va urug’lari sabzavotlarni tuzlashda ishlatiladi. Yoqimli xushbo’y hidini uzoq vaqtgacha saqlab turishi, ushbu ziravor va dorivor o’simlikka bo`lgan qiziqishning kuchayishiga asosiy sababdir.
Zebiniso Umurzakova,
SamDU botanika kafedrasi dotsenti,
Yulduz Ikromova
JDPU o’qituvchisi