Samarqand davlat universitetida “Fizika-2024” III xalqaro forumi o’z ishini boshladi. Mazkur anjuman O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, O‘zRFA Yadro fizikasi va SamDU Muhandislik fizikasi institutlari hamkorligida tashkil etilgan.  

    “Fizika-2024” III xalqaro forumning asosiy maqsadi materiya va koinotning tuzilishi, kondensirlangan holat fizikasi, amaliy fizika kabi yo‘nalishlarda  dunyo miqyosida erishilgan yutuqlar bilan yaqindan tanishishdir. Shuningdek, xalqaro ilmiy aloqalarni yanada kengaytirishdan iborat. 

    Forumda   AQSH, Ozarbayjon, Ruminiya, Rossiya, Belorussiya, Qozog‘iston kabi davlatlardan 154 nafar olim ma’ruzalari bilan qatnashmoqda.

    Anjumanda materiya va koinotning tuzilishi, kondensirlangan holat fizikasi, amaliy fizika bo‘yicha ilmiy izlanishlar natijalari muhokama qilinmoqda.

    “Fizika-2024” III xalqaro forumini Samarqand davlat universiteti rektori, O’zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov kirish so’zi bilan ochdi.

    Forumning yalpi majlisida O’zRFA prezidenti, akademik Behzod Yo’ldoshev, AQSH ning Texas universiteti Nanotexnologiyalar instituti direktori oʻrinbosari, ITMO universiteti gibrid nano fotonika hamda optoelektronika laboratoriyasi mudiri, O’zbekiston Respublikasi fan arbobi Anvar Zohidov, Rossiyaning Birlashgan yadroviy tadqiqotlar instituti direktori, akademik Grigoriy Trubnikov, Rossiya Fanlar akademiyasi akademigi Vladislav Khomich, professor Dilbar G’ulomovalar ma’ruza qildi.

    Anvar Zohidov, O’zbekiston Respublikasi fan arbobi:

    - Bugun Samarqand davlat universitetida tarixiy voqea. Dunyoning yetakchi fizik olimlari yig’ilgan. AQSH ning Texas, Rossiyaning Moskva, Dubna kabi universitetlarining ilmiy xodimlari dolzarb mavzularni muhokama qilmoqda. Ushbu forumning maqsadi fizik muammolarni aniqlash va kelajak texnologiyalarini yanada rivojlantirishdan iborat.  SamDU da fizika sohasiga oid 10 ga yaqin ilmiy maktablar, zamonaviy laboratoriyalar faoliyat ko’rsatadi. Shuning uchun xalqaro forumni Samarqand davlat universitetida o’tkazyapmiz. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, SamDU rektori Rustam Xolmurodov tashabbusi bilan Markaziy Osiyoda yagona bo’lgan Samarqand Kvant markazi tashkil etildi. Mazkur markaz zamonaviy texnologiya va fizikaning eng yuqori natijalarini qo’lga kiritish imkoniyatini yaratadi.

    Khomich Vladislav, Rossiya Fanlar akademiyasi akademigi:

    -  “Fizika-2024” III xalqaro forumi MDH davlatlari uchun muhim o’rin tutadi. Forumda sohaga oid eng dolzarb ma’ruzalar tinglanmoqda. Qaysidir ma’noda so’nggi yillarda fizikaga oid xalqaro tadbirlarlarning nufuzi pasayib qolgan edi. Samarqand davlat universitetida bugungi tadbirning o’tkazilishi maqsadga muvofiq bo’ldi. Xorijlik olimlar mazkur forumga katta qiziqish bildirmoqda va yuqori saviyada o’tkazilayotganligini alohida e’tirof etmoqda. Anjumandagi ma’ruzalar fanning rivojlanishi uchun xizmat qilishiga ishonaman.

    Ilhom Sodiqov, O'zRFA Yadro fizikasi instituti direktori, akademik:

    - Samarqand davlat universitetida o’tkazilayotgan xalqaro forumda yosh tadqiqotchilar, magistrantlar va talabalar ham ishtirok etmoqda. Bu ularning katta yutug’i deb bilaman. Tadbirda ishtirokchilar tomonidan eng dolzarb mavzuda ma’ruzalar qilinmoqda. Yangi ixtirolar haqida bahs-munozaralar bo’lmoqda. Anjumandagi yosh tinglovchilar o’zlari uchun munosib yo’nalish yoki ilmiy rahbar tanlashi, yetakchi olimlardan bir qator tavsiyalar olishi, hamkorlikda nufuzli jurnallarda maqolalar e’lon qilishi, xalqaro grantlarda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo’lmoqda. Tadqiqotchilar bundan unumli foydalanishiga ishonaman.

    Xalqaro forum 25-aprelga qadar davom etadi…

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati,

Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.