Adabiyotshunos Otabek Jo’raboyev “Hayrat ul-abror” dostoni tarkibidagi na’t boblarining matnini tahlil etib, turli nashrlardagi matniy tafovutlar haqida fikr yuritgan. Shu o’rinda bir bayt yuzasidan olimning olib borgan tahlillari e’tiborimizni jalb etdi.

    Dostondagi “Avvalg’i na’t” tarkibida kelgan quyidagi baytning uchta nashrdagi variantlari qiyoslangan.

Xususan, “Porso Shamisev domla matnida:

                   “Ho”i muhabbat anga-o‘qdur nasib,

                    Kim ani haq dedi o‘ziga habib.

Mukammal asarlar to’plami matnida:

                   “Ho”i muhabbat sanga-o‘qdur nasib,

                     Kim seni haq dedi o‘ziga habib.

Vahob Rahmonov domla matnida:

                   “Ho”i muhabbat anga-o‘qdur nasib,

                   Kim seni haq dedi o’ziga habib.

Mazkur baytlar qiyoslangan holda, quyidagi variant baytning eng to’g’ri varianti sifatida taqdim etiladi:

“Ho”i muhabbat anga-o‘qdur nasib

                  Kim, ani Haq dedi o‘ziga: “Habib!”.

“Baytda vasf etilayotgan uchinchi shaxs “anga” va “ani” (ya’ni, Rasululloh s.a.v.) ekanligi yanada oydinlashadi”.

Qayd etish lozimki, ustoz matnshunos Porso Shamsiyev “Hayrat ul-abror” dostonining arab yozuvidagi tanqidiy matnini 1970-yilda nashr ettirganlar. Qiziq tomoni, ushbu tanqidiy matnda yuqoridagi bayt “sanga” (ﺳﻨﻜﺎ) va “seni” (ﺳﻴﻨﻰ) tarzda yozilgan. Bundan chiqadiki, Porso Shamsiyev dostonning tanqidiy matnini tayyorlayotganda ushbu baytni tahrir qilganlar.

Adabiyotshunos Akram Malik 2021-yilda dostonning tabdili va sharhini e’lon qildi. Unda yuqoridagi bayt quyidagi shaklda berilgan:

“Ho”i muhabbat sanga o‘qdur-nasib

Kim, seni Haq dedi O‘ziga habib.

Ushbu baytdagi olmoshlarning qaysi shaxsda bo’lishiga doir xulosa chiqarishdan oldin undan avvalgi baytlar va ularning tabdili, mazmuni bilan tanishish lozim bo’ladi. Zero u “o’zidan avvalgi baytlarning uzviy davomi”dir.                      

                   Ey qilibon lam’ayi nurung zuhur,

                   Andaki ne soya bor erdi ne nur.

Nasriy bayon: Olamda na nur va na soya mavjud bo’lmagan paytda Sening nuring shu’lasi zuhur etdi.

                   Nurungga tob ikki jahondin burun,

                   Har ne yo’q andin burun, andin burun.

Nasriy bayon: Sening nuring ikki jahondan oldin, nimaiki eng qadimiy bo’lsa, undan ham oldin tovlandi.

                            Zoviyayi jismg’a har zotdin,

                            Ruh yoqib sham’ bu mishkotdin.

Ushbu baytning bir necha xil tabdil va talqinlari bor. Jumladan:

Abduqodir Hayitmetov tabdili: Jism (tana) qismlari (burchak)iga yig’ilgan, har narsaning asl Zoti(dan namunalar) joylashtirilgan tokchaga ruh sham’ yoqdi.

Otabek Jo’raboyev tabdili: U (Rasululloh)ning jismining har bir burchagiga (har bir juz’iga Alloh o’z) zotining har bir sifatidan yuqtirdi; bu go’yo chiroqpoyadagi sham’ni ruh yoqqanidek.  

         Akrom Malik tabdili: Alloh taolo har zotning jism uyi burchagida shu chirog’dondan ruh sham’ini yoqdi.

    Ta’kidlash kerakki, “jism” so’zi faqat tana (xususan inson tanasi) ma’nosida emas, umuman vujud, ba’zan koinot ma’nosida ham qo’llanadi. “Zot” so’zi esa “Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lug’ati”da:  1. asl, mohiyat; 2. Alloh; 3. jism gavda; 4. shaxs, 5. inson tabiati; 6. nasl-nasab kabi ma’nolarni ifodalashi qayd etilgan.

    Shunday manzarani tasavvur qiling: qorong’u uyning turli burchaklarida turli jismlar mavjud. Biroq yorug’lik bo’lmaganligi uchun ular ko’rinmaydi. Chiroqpoya yoki sha’mdondagi sha’m yoqilgach, uyning burchaklaridagi ashyolar namoyon bo’ladi, go’yoki tiriladi. Baytda ifodalangan yashirin tamsil, bizningcha shu.

    Ushbu baytning asosiy manbai Qur’oni Karimdagi “Nur” surasi 35-oyatidir. Unda shunday marhamat qilinadi: “Olloh osmonlar va yerning nuridir (ya’ni ularning barchasini yoritib, ko’zga ko’rsatib – yo’qdan bor qilib turguvchidir). U Zot nurining (mo’min banda qalbidagi) misoli xuddi bir tokcha, uning ustida bir chiroq, bu chiroq bir shisha ichida, u shisha go’yo bir dur yulduzga o’xshaydi...”.

    Alisher Navoiy koinotni qorong’u uyga “Nuri Muhammadiy”ni esa uni yoritgan, jonlantirgan sham’ga qiyoslagan. Demak, baytning mazmuni: “Vujud (yoki koinot) olamining barcha burchaklaridagi jismlarga (Sening nuring) ruh bag’ishladi, bu go’yoki tokchadagi sham’ barcha ashyolarga ruh bag’ishlagandek (ya’ni namoyon qilganidek)”.

    Bu fikrning mantiqiy davomi keyingi baytda ifodalangan:

                   Topti azal subhi chu bazming charog’,

                   Ne tong agar yorusa yuz ming charog’.

    Azal subhida Sening bazming chirog’i (“Nuri Muhammadiy”) yaratilgach, undan koinotdagi qolgan yuz minglab yoritgichlar nur odi va yorishdi, bunga ajablanmasa ham bo’ladi.

    Baytda chiroq yoki sham’larning yoqilish jarayoni yashirin tamsil qilingan. Ya’ni avval bitta sha’m yoqilib, uning yordamida boshqa yoritgichlar yoqilishiga ishora mavjud. Bu bilan mutafakkir shoir olamdagi barcha nur va nur qaytaruvchi manbalar “Nuri Muhammadiy”dan yaratilganligiga ishora etmoqda.

Bo’ldi sanga Odam sabqatnamo,

Avval o’g’ul, so’ngra gar o’lsa ato.

    Abduqodir Hayitmetov tabdili: Odam Ato Senga nisbatan avvalgiday, aslida u senga o’g’il bo’ldi, so’ng insonlarga ota.

    “Bo’ldi” fe’li “sabqatnamo” sifati bilan qo’shma fe’l hosil qilganda Hazrat Navoiy bu fikrni ya’ni “Odam Atoning go’yoki avvalgidek” ekanligini aksariyat insonlar kabi tasdiqlayotgandek bo’ladilar. Aslida esa, “bo’ldi” fe’li ikkinchi misradagi “o’g’ul” va “ato” so’zlari bilan qo’shma so’z hosil qiladi. Buning uchun esa “Odam” so’zi forscha izofa bilan “Odami sabqatnamo” tarzda o’qilishi lozim. Zero izofa arab alifbosi asosidagi yozuvda ifodalanmasligi ko’pchilikka ma’lum. Shunda vazndagi kichik muammo ham hal bo’ladi:

Bo’ldi sanga Odami sabqatnamo,

Avval o’g’ul, so’ngra gar o’lsa ato.

    Senga nisbatan avvalgiday (ya’ni oldin yashagandek) ko’ringan Odam Ato dastavval senga farzanddir, so’ngra esa ota.

    Shu baytdan boshlab ikki shaxs - Muhammad alayhissalom (sen) hamda Odam Ato (u)ning ota va farzandligi haqida fikr yuritiladi.

Naslda har kim anga payvand o’lub,

Borchasi farzandingga farzand o’lub.

    Kimki naslda unga (!) (Odam Atoga) payvand bo’lsa, barchasi sening (!) farzanding (Odam Ato) farzandlaridir (ya’ni Sening nabiralaringdir).

                            Kimki munga da’viyi hujjat etar,

                            “Kuntu nabiyyan” anga hujjat yetar.

    Ushbu baytda iqtibos qilingan matn Payg’ambar (a.s.) hadislaridan olingan. Uning to’liq shakli quyidagicha: “Va qavluhu sallallohu alayhi vasallam: “Kuntu nabiyyan va adamu baynar ruhi val jasadi”. (Payg’ambar (a.s.)ning aytganlari: “Men Odamning ruhi jismi bilan birlashmagan paytda payg’ambar edim”).

    Demak Hazrat Navoiy yuqoridagi fikrlariga ushbu hadisni isbot sifatida keltirganlar. Biroq ijodkor mutafakkir sifatida bu bilan qoniqish hosil qilmaydilar:

O’zga dalil istasa tab’i saqim,

Basdurur Odamda “alif”, “dolu”, “mim”.

Borchasi Ahmadda topib izzu shon,

O’g’lida uch harf atodin nishon.

“Ho”i muhabbat sanga-o’qdur nasib,

Kim seni haq dedi o’ziga habib.

     Abduqodir Hayitmetov tabdili: Tabiati nosog’ biron kishi yana boshqa dalil talab qilsa, bunga “Odam” so’zidagi “alif”, “dol” va “mim” harflari borligi yetarlidir. Chunki bu harflarning hammasi “Ahmad” so’zida ham qadr-qiymat topgan bo’lib, o’g’lida (otasida bor) uch harf otadan belgidir. “Ho”si senda muhabbat nasib bo’lganini anglatib, Alloh seni o’ziga “Habib” dedi.

    Ushbu nasriy bayon jiddiy e’tiroz tug’dirmaydi. Biroq unda “biron kishi”, “ham” so’zlari ortiqcha. Shuningdek, unda ayiruv-chegaralov yuklamasi (-o’q)ning ma’nosi inobatga olinmagan. Natijada, ota va o’g’il masalasi tushunarsizroq ifodalangan.

Akrom Malik tabdili: Agar tabiati qusurli bo’lganlar boshqa dalil istasalar, “Odam” so’zidagi “alif”, “dol” va “mim”ga boqsinlar.

Bizningcha, baytlarni quyidagicha bayon etish ma’qulroq:

    Xasta  tabiat yana boshqa dalil talab qilsa, unga “Odam” so’zidagi “alif”, “dol” va “mim” harflarining borligi yetarlidir. Bu harflarning hammasi “Ahmad” ismida izzat va shon-shavkat topgan edi hamda o’g’liga (Odamga) uchta harf otadan (Ahmaddan) nishon bo’lib o’tdi. Muhabbat ramzi bo’lgan “ho” esa Sengagina (Ahmadga) nasib bo’ldi, zero Alloh Senigina o’ziga “Habib” dedi.

    Baytlarning mantiqiy ketma-ketligidan ma’lum bo’ladiki, ularda tilga olingan uchinchi shaxs  Odam ato, ikkinchi shaxs esa osmoniy kitoblarda Ahmad ismi bilan tilga olingan Muhammad (a.s.) ekanliklari oydinlashadi. Binobarin, yuqoridagi bayt variantlarining mazmunga muvofiqi Porso Shamsievning 1958-yilda nashr ettirilgan “Xamsa” tarkibidagi emas, balki 1970-yilda e’lon qilingan “Hayrat ul-abror” ning arab yozuvidagi tanqidiy matnidagi varianti. Undagi variant keyinchalik “Mukammal asarlar to’plami”ning 7-tomiga ham (Bosh harflar masalasini inobatga olmaganda) to’g’ri o’tkazilgan:

                  “Ho”i muhabbat Sanga-o‘qdur nasib,

                   Kim Seni Haq dedi O‘ziga habib.

 

Sobirjon Tohirov

Samarqand davlat universiteti

mumtoz adabiyoti tarixi kafedrasi dotsenti,

filologiya fanlari nomzodi.