Maʼlumki, 2022-yil 23-aprel kuni Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati aʼzosi Rustam Xolmurodovning tashabbusi bilan, Turkiya respublikasining TIKA xalqaro agentligining moliyaviy-texnik yordamida SamDU qoshida Turkologiya ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etilgan edi. O‘tgan bir yildan ziyod davr mobaynida institutning ilmiy xodimlari turkologiyaning turli dolzarb mavzularida tadqiqotlar olib borib, jiddiy yutuqlarni qo‘lga kiritdilar.

    Bugun Turkologiya institutida mazkur ilmiy-tadqiqot dargohining o‘tgan davr mobaynida amalga oshirgan ishlarining yakuni bo‘lmish kitoblar hamda yangidan tashkil etilgan “Turkologik tadqiqotlar” xalqaro ilmiy jurnalining taqdimot marosimi o‘tkazildi.

    Nufuzli anjumanda Samarqand davlat universiteti professori Jo‘liboy Eltazarov, Turkiya Respublikasining Samarqanddagi Bosh konsuli Salih Janer, Anqara Yildirim Boyazid universiteti professori Tuba Tumbulog‘lu va ilmiy jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Tadbirni turkolog-olim, professor Jo‘liboy Eltazarov kirish so‘z bilan ochdi.

    SamDU xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori Akmal Axatov Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodovning tabrigini o‘qib eshittirdi.

    Tadbirda dastlab SamDU Turkologiya ilmiy-tadqiqot instituti olimlari tomonidan o‘zbek tiliga tarjima qilingan Anqara Yildirim Boyazid universiteti professori Tuba Tumbulog‘luning “Temuriylar sivilizatsiyasiga doir izlanishlar” nomli kitobi xususida maʼlumot berildi. Muallif ushbu kitobning mazmun-mohiyati haqida alohida to‘xtaldi.

    Filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Zokir Boynazarovning “Mahmud Qoshg‘ariyning “Devonu lug‘atit-turk” asaridagi olamning lisoniy manzarasi” hamda SamDU tadqiqotchisi, PhD Bayram Bilir “O‘rxun-Yenisey obidalari matnlarini o‘qish va transkripsiya qilish muammolari” nomli kitoblarning zamonaviy turkologik tadqiqotlar uchun ahamiyati xususida mualliflar hikoya qilib berdilar.

    So‘ngra SamDU dotsenti Sirojiddin O‘sarov “Temuriylar davri tarixiga Turkiya tarixshunosligidan bir nigoh” nomli maʼruzasi orqali qardosh mamlakatda Amir Temur va temuriylar sivilizatsiyasiga oid tadqiqotlarning ko‘lami va mazmun-mundarijasi haqida axborot berdi.

    Shuningdek, “Turkologik tadqiqotlar” xalqaro ilmiy jurnali bosh muharriri professor Jo‘liboy Eltazarov ushbu jurnal va uning oldiga qo‘yilgan vazifalar hamda kelajakdagi faoliyati haqida o‘z fikrlarini bildirdi.

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati.