Samarqand davlat universiteti talabalari tomonidan “OZODLIK RADIOSI” kanalidagi “SAMDU TALABALARIDAN QAYTA IMTIHONLAR UCHUN PUL TO‘LASH TALAB QILINMOQDA” nomli   murojaati bo‘yicha quyidagilarni maʼlum qilamiz:  

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-iyundagi “Oliy taʼlim muassasalarida taʼlim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini taʼminlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi PQ-3775-son qarorining 4-bandida “taʼlim yo‘nalishlarining o‘ziga xos jihatlarini inobatga olgan holda talabalar bilimini baholashning zamonaviy, shaffof va adolatli usullarini, shu jumladan muayyan fandan dars bergan pedagogning yakuniy nazorat jarayonlaridagi ishtirokini istisno etadigan tizimni joriy etish” vazifasi belgilangan. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 24-iyuldagi “Samarqand davlat universiteti faoliyatini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi  571-son qarorining 1-bandida “Talabalar bilimini xolisona baholash hamda nazorat qilishning shaffof va adolatli tizimini ishlab chiqish, taʼlim jarayoniga tatbiq etish hamda muntazam takomillashtirib borish” topshirig‘i berilgan.

    Ushbu topshiriqqa asosan, 2019-yildan universitetda yakuniy nazoratlarni shaffof va adolatli o‘tkazish maqsadida “Talabalar bilimini baholash bo‘limi” tashkil etildi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad muayyan fandan mashg‘ulot o‘tkazgan o‘qituvchilar yakuniy nazoratga jalb etilmaydi, yakuniy nazorat ishlari (skanerlangan elektron shakli) respublikadagi boshqa oliy taʼlim muassasalariga yuborilib, ularning professor-o‘qituvchilari tomonidan yaʼni tashqi baholanadi. Har bir yakuniy nazorat ishlarini tekshirgan professor-o‘qituvchilarga belgilangan vaqt meʼyorlar asosida universitetning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan to‘lab beriladi.

    O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31-dekabrdagi “Oliy taʼlim muassasalarida taʼlim jarayonini tashkil etish bilan bog‘liq tizimni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi 824-sonli qarorining 1-bandida, 2020/2021-o‘quv yilidan boshlab respublika oliy taʼlim muassasalarida o‘quv jarayonini bosqichma-bosqich kredit-modul tizimiga o‘tkazish tartibi joriy etish vazifasi belgilangan. Shunga asosan, universitetning 1-3-kurslarda o‘qish ushbu qaror asosida amalga oshirilmoqda.

    O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31-dekabrdagi 824-sonli qarori bilan Oliy taʼlim muassasalarida o‘quv jarayoniga kredit-modul tizimini joriy etish tartibi to‘g‘risida NIZOM tasdiqlangan, ushbu nizomning VI bob. Baholash, baholarni konvertatsiya qilish, 29-bandida, talabalar taʼlim dasturi doirasida nizom O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 26.09.2018-yilda 3069 raqam bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

    Samarqand davlat universitetda yakuniy nazoratlarni tashkil etish “Talabalar bilimini baholash bo‘limi” tomonidan amalga oshiriladi va barcha yakuniy nazorat yozma ishlari (skanerlangan elektron shakli) boshqa oliy taʼlim muassasalariga yuboriladi va ularning professor-o‘qituvchilari tomonidan tekshiriladi va baholanadi. Jarayon dars bergan o‘qituvchi va universitet professor-o‘qituvchilarining ishtirokisiz amalga oshiriladi.

    “Ozodlik radiosi”da e‘lon qilingan murojaatda dalil.uz muxbiri, bloger Javohir Sultonov Samarqand davlat universitetida “adolatsizlik bo‘lmoqda”, “universitetda pora olinmoqda”, “talabalarga baholar ataylab qo‘yib berilmayapti va uning evaziga pul olinmoqda”, “talabalar dekan yoki rektorga murojaat qilganda talabaning o‘zining dab-dalasini chiqarishmoqda”, “universitetni mafiya boshqarmoqda”, - degan bo‘hton so‘zlari bilan universitet  va professor-o‘qituvchilar sha‘nini oyoqosti qilmoqda.

    Shuni alohida ta‘kidlash lozimki, bloger Javohir Sultonov aytgan vajlar hech qanday qonunchilikka mos kelmaydi. Eng asosiysi, universitetdagi yakuniy nazoratlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlari hamda vazirlik buyruqlari asosida tashkil etilgan. U haqiqiy holatni bilmasdan, unga berilgan axborotni mutlaqo o‘rganmasdan, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan, bo‘hton ma‘lumotlarni keng ommaga taqdim etib, O‘zbekistonda hamda xalqaro darajada o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘lgan Samarqand davlat universitetini obro‘sizlantirishga hamda universitetning ko‘p sonli professor-o‘qituvchilari jamoasiga ma‘naviy zarar yetkazishga daxl qilmoqda.

    Samarqand davlat universiteti Axborot xizmati barcha uchun ochiq. Axborotlarni chuqurroq o‘rganib, keyin ommaga taqdim etishni tavsiya etamiz. Bu borada hamkorlik qilishga tayyormiz.

 

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati.