2020 yil 31 yanvar kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev olimlar, yosh tadqiqotchilar, ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbarlari va ishlab chiqarish sektori vakillari bilan uchrashuv o’tkazdi. Unda ilm-fan sohasidagi eng muhim vazifalar muhokama qilindi.

  2020 yil mamlakatimizda Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili deb e’lon qilinib, bu boradagi ustuvor maqsadlar belgilandi.

  Yurtimizda avvaldan shakllangan ilmiy maktablar salohiyatini hisobga olib, hozirgi bosqichdagi milliy manfaatlarimiz va taraqqiyotimiz yo’nalishlaridan kelib chiqqan holda, bu yil matematika, kimyo, biologiya va geologiya fan sohalarini rivojlantirish tanlab olindi.

  Shu munosabat bilan, 2020 yil 7-8 fevral kunlari O’zbekiston Fanlar akademiyasi va Samarqand Davlat universiteti hamkorlikda mintaqaning ilmiy va amaliy muammolarini o’rganishga bag’ishlangan qo’shma ilmiy-amaliy seminari bo’lib o’tdi.

  Ilmiy-amaliy seminarda O’zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti B.S.Yuldashev, O’zbekiston Fanlar akademiyasi bosh ilmiy kotibi G’.A.Baxadirov, O’zbekiston Fanlar akademiyasi a’zosi A.Qayumov, Samarqand Davlat universiteti rektori R.I.Xalmuradov va 50 dan ortiq olimlar, doktorantlar va mustaqil tadqiqotchilar ishtirok etdilar.

  Ilmiy-amaliy seminar O’zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti B.S.Yuldashev hamda Samarqand Davlat universiteti rektori R.I.Xalmuradovning kirish so’zlari bilan ochib berildi.

  Kirish so‘zida SamDU rektori prof.R.Xalmuradov bugun ilmiy-fan sohasida olib borilayotgan islohotlar, ilmiy-fanni rivojlantirish uchun amalga oshirilayotgan ishlar va bu sohani rivojlantirish uchun oldimizda turgan vazifalarga to’xtalib o’tdi.

  O‘zR FA prezidenti, akademik B.S.Yuldashev 2019-yil 29-oktabr kuni qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining «Ilm-fan va ilmiy faoliyat to‘g‘risida»gi Qonuni ijrosi va O‘zbekistonda ilm-fan sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va Prezidentimizning 2020 yil 31 yanvar kuni ilmiy-fan xodimlari bilan uchrashuvida belgilab berilgan vazifalar to‘g‘risida seminar ishtirokchilariga keng ma’lumotlar berdi.

  Qo’shma ilmiy-amaliy seminarda mintaqaning ilmiy va amaliy muammolarini o’rganishga bag’ishlangan 42 ta ilmiy ma’ruzalar tinglandi.

  Ilmiy seminarda Samarqand (SamDU, SamVMI, SamDAQI, TATU Samarqand filiali, SamDChTI, SamISI), Qashqadaryo (QarDU), Jizzax (JizPI, JizDPI), Navoiy (NavKI, NavDPI) viloyatlaridagi oliy o’quv yurtlarining olimlari o’z ma’ruzalari bilan qatnashdi.

  Seminarda ayniqsa, f-m.f.d., prof. I.F.Ikromovning “Ссилляторные интегралы и их приложения”, f-m.f.d., prof. A.B.Xasanov “Интегрирование модифисированного уравнения кортевега-де фриза с дополнителным членом”, f-m.f.d., prof. Nizomov Ne’matning “Фотоника молекул родаминовых красителей в растворах, полимерных матрисах и пленках”, f-m.f.d. A.Imomovning “Структурные и асимптотические свойства марковских ветвящихся случайных процессов с иммиграцией”, t.f.d., dots. F.Umirovning “Mahalliy xom-ashyolar asosida kompleks samarali defoliantlar olish texnologiyasini ishlab chiqish” nomli ilmiy ma’ruzalari ishtirokchilarda katta qiziqish uyg’otdi.

  Seminar davomida bo‘lib o‘tgan muhokomalarda ilm-fan yo‘nalishlarida yechimini kutayotgan masalalar muhokama qilindi.

  Seminar yakunida shunday akademik-seminarlar an’anaviy tarzda barcha ilmiy-tadqiqot muassasalarida davom ettirilishi ta’kidlab o‘tdildi. Seminarda muhokama qilingan tadqiqiotlar natijalarini amaliyotga qullash bo’yicha tavsiyalar ishlab chiqildi.

  Fanlar akademiyasining ilmiy tadqiqot institutlari bilan oliy ta’lim muassasalarining uzviy hamkorligini tashkil qilish bo’yicha amalga oshiriladigan ishlar kelishib olindi.

Seminarda ilmiy-tadqiqotlar natijalarini tijoratlashtirish faoliyatining uzviy bog’liqligini nazarda tutuvchi, ya’ni ilmiy tadqiqotlarni amaliy ahamiyatiga e’tibor qaratish va dastur ishlab chiqib, uni bosqichma-bosqich joriy etish zarurligi ta’kidlab o’tildi.