Samarkand State University
of the name Alisher Navoi

 
Enter to webmail
User
Pass
Rector

SHIRINOV TEMIR SHIRINOVICH

      Tarix fanlari doktori, professor,Alisher Navoiy nomidagi Samarqand Davlat universiteti rektori. Temir Shirinov – O’rta Osiyo bronza va ilk Temir davri arxeologiyasi sohasida jahonga tanilgan olim.
      1993 yildan 2004 yilgacha O’zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Arxeologiy instituti direktori lavozimida ishlagan. 2002 yildan hozirgacha O’zbekiston Fanlar akademiyasi Samarqand bo’limi raisi, 2004 yil 22 iyuldan Samarqand davlat universiteti Rektori sifatida faoliyat ko’rsatmoqda.
      Doktorlik dissertasiyasini 1993 yilda Rossiya Fanlar akademiyasi Arxeologiy instituti huzuridagi ixtisoslashgan kengashda «O’rta Osiyo janubi bronza davri ilk shahar madaniyati» mavzuida 07.00.06 – arxeologiya ixtisosligi bo’yicha himoya qilgan.
      U arxeologiya olamida mashhur bo’lgan Jarqo’ton, Bo’ston, Sopollitepa, Molali, Kuchuktepa va boshqa yodgorliklarda ilmiy-tadqiqot qazishmalari o’tkazdi.
      Olim ilmiy faoliyati davomida O’zbekiston xalqlari va uning davlatchiligi tarixi muammolarini oydinlashtiruvchi bir necha arxeologik kashfiyotlar qilishga muvaffaq bo’ldi: O’zbekiston hududlarida urbanizasiya jarayonlari – ilk shahar madaniyatining shakllanishi qariyb 4 ming yil muqaddam boshlanganligini Jarqo’ton, Molali, Sopollitepa, Dalvarzintepa yodgorliklaridan topilgan arxeologik manbalar asosida isbotlab berdi. Olimning ushbu arxeologik kashfiyotini xalqaro ilmiy munozaralarda jahon tarixchilari tan oldi (1993 yil Moskva, Rossiya Fanlar akademiyasi Arxeologiya instituti; 1995, 1997 yil Parij, A.Gime Sharq Xalqlari Muzeyi; 1996 yil Polsha, Varshava Universiteti; 1998 yil Rim va Bolonya universitetlari; 1998 yil Avstriya, Vena universiteti; 1999 yil AQSh, Kaliforniya universiteti; 2000 yil Yaponiya, Nara Arxeologiy institutlarida qilingan ma’ruzalar). Natijada O’zbekiston ilk shahar madaniyatining shakllanishi davri qariyb 1,5 ming yilga qadimiylashtirildi.
      O’zbekiston davlatchiligi tarixi ildizlari bronza davriga borib taqalishini, qadimgi Mesopotamiya va Misrda «nom», shahar-davlatlari bo’lgani kabi bizning hududlarimizda ilk davlatchilik shakli «voha-davlatchalari» ekanligi va shular asosida «Katta Xorazm», «Baqtriya», «So’g’d» podsholiklari shakllanganligini isbotlab berdi (1993 yil Moskva, «O’rta Osiyo janubi bronza davri ilk shahar madaniyati»). Shu tariqa O’zbekiston davlatchiligining tarixi 3 ming yildan ortiqroq ekanligi ilmiy isbotlandi. («O’zbekiston davlatchiligi tarixi, Toshkent». 2001 y.); «Avesto» zardushtiylik dinining shakllangan muhiti O’zbekiston hududlarida bronza va ilk Temir davrida yashagan xalqlarning diniy tizimlaridan kelib chiqqanligini «Jarqo’ton olov ibodatxonasi», «Ko’kcha 15» yodgorliklaridan topilgan manbalar asosida isbotladi; O’zbekistonda omoch bilan shudgorlab dehqonchilik qilish madaniyati, hunarmandchiligi va uning Texnologiyasi tarixi qariyb 4 ming yilga teng ekanligini aniqladi(1987, Toshkent, «O’rta Osiyo ikki daryo oralig’i bronza davri Mehnat va qurol-aslahalari»). Natijada O’zbekiston qadimgi Sharq sivilizasiyasining yorqin o’choqlaridan biri ekanligini ilmiy isbotlashga va uning jahonda tan olinishiga xizmat qildi.
      U O’zbekiston arxeologiya fani yutuq-larini, davlatchilik tarixini, buyuk sivilizasiyasi ko’rinishlarini keng targ’ib qilib kelmoqda. U kishining sa’y-harakatlari natijasida Fransiyada chiqadigan «Dossier Archeologie» jurnalining ikki soni (1997, 1999), Italiyada chiqadigan «I Viaggi di Respubblika» jurnalining bir soni (2001) yurtimiz sivilizasiyasi tarixiga maxsus bag’ishlandi.
      T.Shirinov Londondagi «Jahon arxeologlari Kongressi» a’zosi, Parijdagi «Temuriylar davri tarixi va madaniyatini o’rganuvchilar jamiyati» vitse-prezidenti, Germaniya Arxeologiy institutining muxbir a’zosi, Yaponiya Tokio Soko universiteti oliy darajadagi mukofoti sovrindori, Polsha Varshava universiteti oltin medali sohibi, YuNESKOning Markaziy Osiyoni tadqiq qilish xalqaro instituti ilmiy Kengashi a’zosi, O’zbekiston Respublikasida o’tkaziladigan ko’pgina yubiley hukumat komissiyalarining a’zosi, «07.00.06-arxeologiya» ixtisosligi bo’yicha ixtisoslashgan doktorlik va nomzodlik dissertasiyalari himoya qilish birlashgan Kengashi raisidir.
      O’zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan «Mehnat shuhrati» ordeni(2001) va «O’zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 10 yilligi» ko’krak nishoni(2001) bilan mukofot-langan.
      Oilali, 2 nafar farzandi bor.

Select language
Google

SAC

Supreme attestation commission

ZIyoNet

Information educational network

GovUZ

Samarkand State University - 2010