O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yildagi 7 may “Iqtisodiyot tarmoqlari va sohalariga innovasiyalarni joriy etish mexanizmlarini takomillashtirish bo’yicha qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi PQ-3698-sonli qaroriga asosan SamDU rektorining 2018 yil 9 iyuldagi 460-ij-sonli buyrug’iga asosan universitetda “Ilmiy-innovasion ishlanmalarni tijoratlashtirish bo’limi” tashkil etildi. Ilmiy-innovasion ishlanmalarni tijoratlashtirish bo’limi Nizomi Samarqand Davlat universiteti Ilmiy kengashining 2018 yil 6 iyuldagi 13 - son majlisi qarori bilan tasdiqlangan.
Bo’limga ajratilgan shtatlar soni 6 ta (direktor, kichik ilmiy xodim va bosh hisobchi o’rinbosari) bo’lib, asosiy moliyalashtirish manbai “Innovasion jamg’arma” mablag’lari va sohalar bo’yicha tuziladigan pullik xo’jalik shartnomalari hisobidan.
Ilmiy-innovasion ishlanmalarni tijoratlashtirish bo’limi universitet huquqiga tegishli bo’lgan ilmiy-innovasion ishlanmalarni hamda ilmiy-tadqiqot faoliyat natijalarini tijoratlashtirishni ta’minlash maqsadida tashkil etilgan.
Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti
Ilmiy-innovasion ishlanmalarni tijoratlashtirish bo’limi boshlig’i fizika-matematika fanlari nomzodi, dosent Xaydarov Xayrillo Safarovich
Tel.: +998(99) 596-26-75, E-mail: patent@samdu.uz
Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti
Ilmiy-innovasion ishlanmalarni tijoratlashtirish bo’limi kichik ilmiy xodimi Umarov Zafar Xudoynazarovich
Tel.: +998(99) 576-78-29, E-mail: patent@samdu.uz
Tijoratlashtirish bo’limi faoliyatining maqsadi va asosiy yo’nalishlari
Tijoratlashtirish bo’limi universitet huquqiga tegishli bo’lgan ilmiy-innovasion ishlanmalarni hamda ilmiy-tadqiqot faoliyat natijalarini tijoratlashtirishni ta’minlash maqsadida tashkil etilgan.
Asosiy yo’nalishlari:
Bozorni tizimli tahlil qilish va innovasion mahsulotga bo’lgan ehtiyojni o’rganish, innovasion mahsulotlarni tijoratlashtirish bilan bog’liq bo’lgan rentabellikni baholash;
tijoratlashtirishga va amaliyotga tadbiq etishga tayyor loyihalarni saralash;
innovasion loyihalarni amalga oshirishga investorlar, hamkorlar va boshqa manfaatdor shaxslarni jalb etish;
yangi texnologiyalarni joriy etish va innovasion mahsulot ishlab chiqarish maqsadida sanoat korxonalari bilan hamkorlik qilish.
Tijoratlashtirish bo’limi funksiyalari
O’rnatilgan tartibda byudjet va byudjetdan tashqari manbalardan moliyalashtiriluvchi universitet ilmiy-tadqiqot ishlariga professor-o’kituvchi, yordamchi va ishlab chiqarish xodimlarini, doktorantlarni, talabalarni, hamda chetdagi tashkilotlar mutaxassislarini jalb etish va buyurtmachilarga oliy ta’lim muassasasi taqdim etadigan xizmatlarni;
universitet intellektual mulk obyektlarini huquqiy himoya qilish bo’yicha ishlarni bajaradi, jumladan, patentlashtirish uchun talablarni tayyorlash, rasmiylashtirish va taqdim etish hamda intellektual mulk obyektlarini O’zbekiston Respublikasida va xorijda qayd etadi;
qonuniyatchilikda nazarda tutilgan intellektual mulk obyektlari mualliflari bilan shartnomalar tuzishni tayyorlaydi va ta’minlaydi hamda ularni bajarilishini nazorat qiladi;
boshqa bo’linmalar bilan birgalikda universitet intellektual mulk obyektlariga huquqni uzatishni rasmiylashtirilish bo’yicha ishlarni amalga oshiradi;
universitet olimlari tomonidan yaratilgan ishlanmalar va ITF natijalari to’g’risida ma’lumotlarni yig’ish, saqlash va ma’lumotlar bazasini shakllantirish, intellektual faoliyat natijalaridan samarali foydalanish bo’yicha ishlarni amalga oshiradi;
ITF va innovasion loyihalar natijalarini ilmiy-texnik, ilmiy-uslubiy va innovasion potensiallarni ekspertizasini, tahlilini va baholashni tashkil etadi, eng muhim va raqobatdosh ishlanmalarni aniqlaydi;
innovasion siklning barcha bosqichlarida ITF natijalariga huquqni uzatish va taqsimotini qamrab olgan holda intellektual mulkni boshqarish bo’yicha tavsiyalar ishlab chiqarishni amalga oshiradi;
texnologiyalarni transfer etish sohasida, innovasion loyihalarni biznes rejalarni tayyorlashda, ITF natijalarning huquqiy himoyasini ta’minlashda, potensial investorlarni izlashda konsultativ xizmatlar ko’rsatadi;
universitet intellektual mulk obyektlaridan noqonuniy foydalanish faktlarni aniqlaydi va ko’rsatilgan huquqbuzarliklarni bartaraf etishga va keltirilgan zararni qoplashga yo’naltirilgan takliflarni ma’muriyatga chora ko’rish uchun kiritadi;
universitetning intellektual mulk obyektlariga mulkiy huquqlarini himoya qilishda, hamda mualliflarning mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlarini himoya qilishda ko’maklashadi;
universitet xodimlari uchun intellektual mulk sohasida seminar-treninglar tashkil etadi;
universitet byudjet loyihasiga kashfiyot va patent-lisenzion faoliyat bo’yicha, innovasion tadbirkorlik va texnologiyalar transferi bo’yicha takliflar tayyorlaydi va kiritadi;
intellektual mulk obyektlardan foydalanish, ularni yaratish, himoya qilish bilan bog’liq masalalarni to’g’risida hujjatlarni ishlab chiqadi.
Tijoratlashtirish bo’limi faoliyatnini ta’minlash
Tijoratlashtirish bo’limi xodimlarining lavozim oylik maoshi universitetda qabul qilingan oylik ish haqi tizimi va shakllariga muvofiq belgilanadi. Ilmiy-innovasion ishlanmalarni tijoratlashtirish bo’limi xodimlarining oylik maoshi ustama va boshqa rag’batlantiruvchi to’lovlarni o’z ichiga qo’shishi mumkin va universitet oylik ish haqqi hamda universitetning moddiy rag’batlantirish to’g’risidagi Nizomi va Innovasion jamg’armasi Nizomiga muvofiq belgilanadi.
Tijoratlashtirish bo’limini oliy ma’lumotga ega bo’lgan shaxs boshqaradi, u ilmiy ishlar va innovasiyalar bo’yicha prorektor tavsiyasiga ko’ra universitet rektori buyrug’i bilan tayinlanadi va bo’shatiladi.
Tijoratlashtirish bo’limi xodimlari tanlov asosida ishga qabul qilinadi.
Xodimlar lavozimlari innovasion faoliyat yo’nalishi bo’yicha Klassifikatorda belgilangan lavozimlar va kasblar ro’yxatidan aniqlanadi.
Tijoratlashtirish bo’limi faoliyati universitet Innovasion fondi hisobidan moliyalashtiriladi.
Huquq va majburiyatlari
o’rnatilgan tartibda universitetning boshqa bo’linmalaridan tijoratlashtirish bo’limi uchun zarur bo’lgan barcha hujjatlar va ma’lumotlarni olish;
universitet rahbariyatiga intellektual mulk obyektlarini yaratish, himoya qilish va tijoratlashtirish faoliyatlari samaradorligini oshirish bo’yicha takliflarni kiritish;
bo’lim boshliqlaridan va mansabdor shaxslardan intellektual mulkni himoyasini ta’minlash bo’yicha zarur harakatlarni amalga oshirishni talab etish;
O’zbekiston Respublikasi qonunchilik aktlari talablarining yoki intellektual mulk sohasida kelishilgan majburiyatlarning buzilishi kuzatilganda, ularni bartaraf etish uchun zarur bo’lgan choralarni ko’rish to’g’risida rahbariyatga ma’lumot berish;
o’z kompetentlik doirasida va rahbariyatning topshirig’iga asosan SamDU nomidan tashqi tashkilotlar bilan ish olib borish.
“Ilmiy-innovasion ishlanmalarni tijoratlashtirish bo’limi”ning faoliyati
Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti Ilmiy-innovasion ishlanmalarni tijoratlashtirish bo’limi tomonidan tasdiqlangan “YO’L XARITAGA” asosan ishlar amalga oshirildi.
Universitetda innovasion muhitni yaxshilash va olimlar tomonidan yaratilgan ilmiy-innovasion ishlanmalarni amaliyotga tadbiq etish borasidagi quyidagi yo’nalishlarda hududiy muammolar bo’yicha ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda:
Mahalliy xom-ashyo sifatida O’zbekistonning turli xududlarida o’sadigan o’simliklardan olinadigan efir moylaridan tibbiyot, parfyumeriya va oziq-ovqat sanoatida foydalanish;
Farmasevtika uchun dorivor o’simliklarni intensiv o’stirish va yetishtirish texnologiyasini ishlab chiqish;
Kimyo sanoatida xorijiy texnologiyalarni mahalliylashtirish va import mahsulotga bo’lgan ehtiyojni qondirish, eksportbop mahsulot ishlab chiqarish;
Kartoshka sifati va hosildorligini oshirish bo’yicha ilg’or texnologiyalarni joriy qilish va hosildorlikka ta’sir etuvchi omillarni amaliy jihatdan asoslash;
Sho’rlangan yerlarda mineral va organik o’g’itlarni samarali qo’llash usullari va texnologiyalarini ishlab chiqish;
Tomchilatib sug’orish orqali organik o’g’itlardan samarali foydalanish texnologiyasini ishlab chiqish va amaliyotga joriy qilish;
Tuproq unumdorligini oshirish va namligini saqlash muammolarini tadqiq etish va joriy qilish;
Oqsil miqdori va nonbopligi yuqori bo’lgan mahalliy yumshoq bug’doy navlarini yaratish;
Cho’l yaylovlari hosildorligini tiklashning barqaror usullarini ishlab chiqish va amaliyotga joriy qilish;
Materiallarning radiasion xavfsizligini baholashning tezkor usulini ishlab chiqish;
Iqtisodiyotning turli sohalariga tegishli amaliy masalalarni matematik modellashtirish, ularni tadqiq etish va joriy etish;
Atrof-muhit obyektlaridagi tabiiy va sintetik, hamda zaharli moddalarni nazorat qilishning innovasion usullarini yaratish;
O’zbekiston geosistemalarining suv, iqlim va boshqa tabiiy resurslari, ulardan rasional foydalanish, baholash masalalarini tadqiq qilish;
Tuproq unumdorligini oshirish va tuproq erroziyasi muammolarini tadqiq qilishga yo’naltirilgan innovasion faoliyatni yo’lga quyish;
O’simliklar va qishloq xo’jaligi ekinlarini himoya qilishning innovasion usullarini ishlab chiqish.
Bugungi kunga qadar universitet professor-o’qituvchilarining 80 dan ortiq ishlanmalari xalq xo’jaligining turli sohalariga xo’jalik shartnomalari asosida joriy qilindi. Jumladan, AO SP “UzBAT AO”, “Kattaqo’rg’on yog’-moy”, “Texnologiya” XK, “Bo’ston Samarqand servis” shirkati, “Boydovur qo’sh servis” MChJ, «Determination» OOO, "Naql Maxsus Quruvchi" MChJ, "Laylo Tursunova yerlari" f/x, "Ne'matillo Sherboburlar dalasi" f/x, Narpay tumani "Maroqand sifat" MChJ, "Muxtorov muin OT", “Sho’rtangaz kimyo majmuasi” MChJ, "Tarnov sabzavotlari" f/x, "Raxmatova Nigora" f/x, “Xislatoy Nigora” MChJ, “Agro Bebik 23” MChJ, Tayloq tuman hokimligi, Samarqand viloyat xokimligi, Payariq tuman hokimligi, Ishtihon tuman hokimligi, Urgut tumani maktabgacha ta’lim bo’limiga va boshqalarga nikotin saqlagan izopropanol eritmalari tozalash va uni nikotindan ajratib olish texnologiyasini yaratish, paxta yog’i tarkibida gossipol miqdorini aniqlash bo’yicha asbobning namuna nusxalari ishlab chiqish, loyiha qilinadigan inshoatlarda ekologik xujjatlarni ishlab chiqish, Bo’stonsaroy Samarqand servis shirkati hududida obodonlashtirish va chiqindilar bo’yicha ekologik pasport ishlab chiqish, MChJ “Boydovur qo’sh servis” korxonasida shartnomaviy munosabatlarga oid hujjatlarni yuritishda huquqiy va ilmiy-metodik maslahat berish va xizmat ko’rsatish, Samarqand yosh muhandislar maktabining uslubiy va qurilmaviy ta’minotini yaratish, termokley ishlab chiqish, shaxsda ekomadaniyat hissini oshirishning obyektiv va subyektiv omillari, O’simliklar xosildorligiga mikroelementlarning ta’siri, G’o’za hosildorligiga mikroelementlarning ta’siri, "Payariq tumani tarixi" nomli uslubiy qo’llanma yaratish, G’o’za parvarishida agrobiotexnologik tadbirlarni o’tkazish tartibi, Tayloq tumanining 2030 yilgacha ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining asosiy yo’nalishlari, "Katalizator" ilmiy tadqiqot laboratoriyasini jihozlash. Quyonlarning o’sishi va rivojlanishida, ozuqa rasionini tarkibiy ta’siri, Probiotikli rasionlarning quyonlar qonini morf-biokimyoviy ko’rsatkichlariga va uning mahsulotlarga ta’siri, “Xislatoy Nigora” MChJ va “Agro Bebik 23” MChJ korxonalarining moliyaviy xolatini yaxshilash kabi tayyor ishlanmalar tijoratlashtirilgan.
Universitet olimlari tomonidan matematika, fizika, kimyo, biologiya, axborot texnologiyalari, geografiya, tarix va iqtisodityot sohalarida yaratilgan ilmiy ishlanmalar respublikamiz xalq xo’jaligining turli sohalariga joriy qilingan. Jumladan,
“SiO2 asosida olingan mezog’ovak sorbentning korxona oqova suvlarini sintetik bo’yoqlardan tozalashda qo’llash” nomli ishlanma MChJ shaklidagi “ATUSH MIHNAT TEXTILE” O’zbekiston-Turkiya xorijiy korxonasida amaliyotga joriy etildi (prof.N.Muxamadiyev, Sh.Sayitqulov).
“SiO2 asosida olingan mezog’ovak sorbentdan qoldiq namlikni quritish” nomli ishlanma MChJ shaklidagi “AHMAD ISROIL TEX” O’zbekiston-Xitoy qo’shma korxonasida amaliyotga joriy etildi (prof.N.Muxamadiyev, Sh.Sayitqulov).
“CdSe/ZnS+stabilizator kvant nuqtalari oqova suv tarkibidan sintetik bo’yoqlarni identifikasiyasida qo’llash” nomli ishlanma MChJ shaklidagi “AHMAD ISROIL TEX” O’zbekiston-Xitoy qo’shma korxonasida amaliyotga joriy etildi (prof.N.Muxamadiyev, Sh.Sayitqulov).
“Narpay iftixor sanoati” MChJ korxonasining atrof-muhitga ta’siri o’rganilgan (dos.T.Madjidova).
O’rta Zarafshon havzasining orografik tuzilishi va joylashgan o’rnining shamollarni vujudga kelishi va dinamikasiga ta’sirini aniqlash orqali hududlarning shamol resurslarining energetik salohiyatini baholash bo’yicha tavsiyalar ishlab chiqildi va O’zbekiston Respublikasi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo’mitasiga joriy qilindi (PhD R.Mamajonov).
Yer osti suvlar sathi va tuproqning minerallashuvi darajasi o’zgarishini tahlil qilish va bashoratlash uchun ishlab chiqilgan matematik va dasturiy ta’minotlar Sirdaryo–Zarafshon irrigasiya tizimlari havza boshqarmasi obyektlarida joriy etildi (PhD Sh.Daliyev).
Oqova suvlari harakati hamda yer osti suvlari sathining va tuproqda tuzlar konsentrasiyasining vaqt davomida o’zgarishini monitoring qilish va bashoratlash uchun ishlab chiqilgan matematik va dasturiy ta’minotlar Samarqand viloyat uy-joy kommunal xizmat ko’rsatish boshqarmasi Davlat «Suvoqova» unitar korxonasi obyektlarida joriy etildi (PhD Sh.Daliyev).
Probiotikli rasionlarning quyonlar qonini morfo-biokimyoviy ko’rsatgichlariga va ularning mahsuldorligiga ta’siri tadqiq qilindi va "Tarnov Sabzovotlari" korxonasiga joriy qilindi (prof.Z.Rajamurodov, PhD M.Qo’ziyev).
Quyonlarni o’sishi va rivojlanishida, ozuqa rasionini tarkibiy ta’sirini o’rganildi va «URGUT SIFAT PARRANDACHILIK» MChJga joriy qilindi (PhD D.Hayitov).
Diasetasellyuloza va poliakrilonitril asosida gaz sezgir materiallar yaratildi va “Marokand MSM” KKga joriy etildi (dos.S.Tillayev).
Sitatoksik faollikka ega preparatlar yaratildi va O’zR FA O’simlik moddalari instituti qoshidagi ishlab chiqarish korxonasiga joriy qilindi (dos.A.Saidov).
“Suvning qattiqligini aniqlash usuli” ishlanmasi “Tanais-sharbat” IChK da joriy etildi (dosent Q.Zohidov).
«Sement klinkerlarini maydalash jarayonini inteksifikasiya qilish uchun organik kuchaytirgichlar» nomli ishlanma Jomboy tumanidagi sement ishlab chiqaruvchi korxonada sinovlardan o’tkazildi va amaliyotga joriy etishga tavsiya etildi (dos.O.Qodirov, ass.N.Egamberdiyev).
Turli obyektlar tarkibidan og’ir metallar ionlarini selektiv, tezkor aniqlash uchun grafitli elektrodlar tayorlanishda oddiylikni, foydalanishda ishonchlilikni namoyon qilganligi sababli ilmiy ishlab chiqarishda o’quv laboratoriyalar va ilmiy tadqiqotlar uchun «El-Xolding» MChJ da seriyali ravishda ishlab chiqarishga tavsiya qilindi (prof.S.Aronbayev, ass.G.Narmayeva).
Tabiiy gaz tarkibidagi metandan yuqori molekulyar birikmalar sintez qilindi va “Sho’rtangaz kimyo majmuasi” ga xo’jalik shartnomasi asosida joriy qilinmoqda (prof.N.Fayzullayev).
Akrilonitril chiqindisidan xalq xo’jaligi uchun muhim mahsulotlar sintez qilindi va “Navoiyazot” AJga joriy qilindi (prof.N.Fayzullayev).
Prapanol eritmasi tarkibidan nikotin ajratib olish texnologiyasi ishlab chiqildi “O’zBAT” qo’shma korxonasiga joriy qilindi (prof.E.Abduraxmonov).
Xususiy klinikalar faoliyatini avtomatlashtirish loyihasining mobil ilovasi yaratildi va “ShaydoMED” klinikasiga joriy etildi (PhD F.Nazarov).
Samarqand yosh muhandislar maktabining uslubiy va qurilmaviy ta’minoti yaratildi va “Determination” MChJga joriy qilindi (prof.A.Axatov).
“Institusional iqtisod” fanidan wyeb platforma, “Ilmiy ishlar portfoliosini shakllantiruvchi portal”, “Sonli usullarda tenglamalarni “Nyuton” usulida yechish dasturiy platformasi” dasturiy ta’minotlari yaratilib, SamDU, O’zMU Jizzax filiali, Jizzax Politexnika institutlarining o’quv jarayonlariga joriy qilindi (prof.A.Axatov, B.Eshtemirov).
"Muxtorov muin OT" korxonasi savdo servisda ish hujjatlarini tarjima qilishda xizmat ko’rsatildi (prof.B.Safarov).
Tayloq tumanining 2030 yilgacha ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining asosiy yo’nalishlari belgilandi va tuman hokimligiga xo’jalik shartnomasi asosida joriy qilindi (dos.B.Boboqulov).
“Xislatoy nigora farm” MChJning faoliyati samaradorligi baholandi va shu asosda moliyaviy holatini yaxshilashga ko’mak berildi (F.Djalilov).
“Agro Bebik 23” MChJning faoliyati samaradorligi baholandi va shu asosda moliyaviy holatini yaxshilashga ko’mak berildi (prof.N.Arabov).
G’o’za parvarishida agrobiotexnologik tadbirlarni o’tkazish tartibi ishlab chiqildi va Narpay tumani "Maroqand sifat" MChJga joriy qilindi (prof.Sh.Xoliqulov)
G’o’za hosildorligiga mikroelementlarning ta’sirini o’rganildi va "Ne'matillo Sherboburlar dalasi" f/xga joriy qilindi (b.f.d.S.O’roqov).
O’simliklar xosildorligiga mikroelementlarning ta’sirini o’rganildi va "Laylo Tursunova yerlari" f/xga joriy qilindi (b.f.d.S.O’roqov).
Innovasiyalar asosida sanoat korxonalari samaradorligini oshirish bo’yicha tavsiyalar ishlab chiqildi va "O’zsanoatqurilishmateriallari" O’zbekiston qurilish materiallari sanoati korxonalari uyushmasiga joriy qilindi (G.Keldiyarova).
Payariq tuman shimoliy-sharqiy qismi Qoraqchitog’ janubiy yon bag’ri hududlarini arxeologik tadqiq qilindi (prof.N.Xolmatov).