Samarqand davlat universiteti: Samarqand shahridagi mahallalarda qanday ishlar amalga oshirildi?

img

      Samarqand davlat universitetiga shaharning Xo‘ja Ahrori Valiy, Namozgoh, Temiryo‘lchilar, Bog‘isaroy, Oqsaroy, Bog‘bonlar, Chaqar, Chashma, Baraka, Yangiqo‘rg‘on kabi mahallalari biriktirilgan bo‘lib, ushbu hududlarda qisqa muddat ichida bir qator xayrli ishlar qilindi.

       “Temir daftar”, “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari”da turuvchi fuqarolar bilan ishlash uchun alohida harakatlar rejasi tuzildi.

       Fakultetlar dekanlari, kafedra mudirlari, mazkur mahallalarda yashovchi professor-o‘qituvchilar ishtirokida aholi hayoti to‘liq o‘rganilib, tahlil etildi. SamDU ning raqamli texnologiyalar, jismoniy madaniyat, san’atshunoslik hamda psixologiya va ijtimoiy munosabatlar fakultetlari mazkur mahallalarning barchasida o‘z yo‘nalishlaridan kelib chiqib bir qator tadbirlar tashkil etdi.

Tarix fakulteti mas’ullari Xo‘ja Ahrori Valiy mahallasida

       Mazkur mahallalarda yashovchi 67 nafar yosh universitet huzuridagi tayyorlov kurslariga bepul jalb etildi. 400 dan ortiq mahalla yoshlari sport to‘garaklarida, 200 ga yaqini universitetda tashkil etilgan kompyuter texnologiyalari kurslarida ishtirok etmoqda. Shuningdek, 110 nafar yosh musiqa hamda rassomchilik to‘garaklariga jalb qilindi. 50 nafar xotin-qizlar tikuvchilik kurslarida qatnashmoqda.

Fizika fakulteti mas’ullari Temiryo‘lchilar mahallasida      

       Keyingi kunlarda mahallalarda oqsoqollar, universitet olimlari  hamkorligida yoshlar uchun uchrashuvlar tashkil qilinmoqda. Xususan, psixologiya va ijtimoiy munosabatlar fakulteti professor-o‘qituvchilari tomonidan ayrim oilalarga psixologik maslahatlar berilmoqda.

       Maktabgacha ta’lim fakulteti dekani, professop Baxtiyor Xaydarov tashabbusi bilan Bog‘bonlar mahallasida yashovchi mehnat faxriysi Suzana Bekirovaning uyida qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.

       Samarqand davlat universiteti rektori, Oliy Majlis Senati a’zosi, professor Rustam Xolmurodov tomonidan Temiryo‘lchilar mahallasida istiqomat qiluvchi Mansur Sherqulovga davolanishi uchun moddiy yordam berildi.

Maktabgacha ta’lim fakulteti mas’ullari Bog‘bonlar mahallasida

       Filologiya fakulteti dekani, professor Azamat Pardayev boshchiligida Bog‘isaroy mahallasida yashovchi ehtiyojmand oilalar, yolg‘iz keksalar holidan xabar olinib, hashar uyushtirildi.

Filologiya fakulteti mas’ullari Bog‘isaroy mahallasida

       Jismoniy madaniyat fakulteti dekani  Bahodir Qipchoqov hamda professor-o‘qituvchilar barcha mahallalar o‘rtasida  sportning shaxmat, shashka, mini futbol va basketbol yo‘nalishlarida musobaqalar o‘tkazdi.

Jismoniy madaniyat fakulteti tomonidan tashkil etilgan musobaqalardan lavhalar

       Samarqand davlat universitetining mahallalar bilan hamkorligi davomli bo‘lib,  bu yo‘nalishdagi ishlar ham mazmunan, ham shaklan yanada takomillashtiriladi. Mahallalarda ma’naviy-ma’rifiy tarbiya yanada kuchaytiriladi. Milliy qadriyatlarimiz, urf-odatlarimizni yoshlarga singdirish, o‘rgatish maqsadida taniqli olimlar, mehnat faxriylari, chempionlar, shoir va yozuvchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish rejalashtirmoqda. Bu Samarqand davlat universitetining O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligiga munosib tuhfadir.

 Muso YULDOSHYEV,

Samarqand davlat universiteti professori

Shavkat AKRAMOV olgan suratlar