Manzil: 140104, O`zbekiston, Samarqand shahri, Universitet xiyoboni, 15-uy


SamDU

SAMARQAND DAVLAT UNIVERSITETINING TARIXIY ILDIZLARI

Samarqand ilm-fani va madaniyati jahonga tanilishida Samarqand davlat universitetining o’rni beqiyosdir. Bugungi kunda SamDU Markaziy Osiyodagi eng qadimgi va yirik oliy talim muassasalaridan biri bo’lib, u hozirgi ko’rinishda rasmiy ravishda XX asrning boshlaridan faoliyat ko’rsatayotgan bo’lsada, uning tarixiy ildizlari Mirzo Ulug’bek davriga borib taqaladi (XV asr). Ilmu-fan, ma’naviyat va ma’rifat targ’ibotchilari bo’lgan temuriylar xukmronligi davrida Movarounnahr hududida, xususan, Samarqand shahrida fan va ta’lim taraqqiyoti uchun to’liq asos yaratildi.

Sohibqiron Amir Temur, uning farzandlari va nabiralari tomonidan bunyod etilgan qator madrasalar diniy va dunyoviy bilimlar beruvchi ziyo maskanlari edi. Ayniqsa o’zbek ilmining faxri bo’lgan Muxammad Tarag’ay Ulug’bekning yaratgan ilmiy maktabi, uning salohiyati buyukligi bugungi kunlarda jahon ilm axli tomonidan e’tirof etilgan.

Registon maydonidagi Mirzo Ulug'bek madrasai oliyasi, shak-shubhasiz, Samarqand dorilfununining «beshigi», uning tashkiliy asosi va negizidir. Ushbu «Alma-mater»da Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Ali Qo’shchi, Mavlono Nafis Samarqandiy. Badaxshiy kabi mavlonolar tahsil olishgan va keyinchalik tolibi ilmlarga saboq berishgan. Mirzo Ulug’bek astronomik maktabining vakillari G’iyosiddin Koshiy, Jamshid ibn Ma’sud, Qozizoda Rumiy, Ali Qushchi Muxammad Xavofiylar madrasa dorilfununda matematika, astronomiya, hisoblash asoslari, geografiya kabi dunyoviy fanlardan dars berganlar. Shunday qilib, Samarqand Davlat universitetining ildizlari Mirzo Ulug’bek davriga borib taqaladi. Buning isboti sifatida nufuzli adabiyotchi olimimiz, akademik Boturxon Valixujayevning «Mirzo Ulug’bek davri madrasalari» risolasida Samarqand davlat universiteti Mirzo Ulug’bek madrasasi oliyasining bevosita vorisi bo’lib, uning ta’sis etilish tarixi ham Mirzo Ulug’bek madrasai oliyasining ta’sis etilish tarixiga (1420 milodiy yil) borib taqaladi degan ilmiy xulosasini keltirish joizdir.

Temuriylar davridagi oliy ta’lim an’analari keyingi asrlarda o’z davomini madrasalar bag’rida topdi va bolsheviklar davrigacha uzluksiz ta’lim olish dargoxi sifatida xizmat kildi. 1918-yili Toshkentda tashkil toptan dorulfununning o’ziga xos ta’lim jabxalari Samarqandda ham yuzaga kela boshladi va nihoyat 1927-yil 3-yanvarda Samarqand oliy pedagogika institutini ta’sis etilishi to’g’risida qaror e’lon qilindi. Dastlabki yillarda bu oliy dargohda ijtimoiy-siyosiy fanlar fizika, texnika, tabiatshunoslik, filologiya bo’limlari mavjud edi.

Oliy ta’lim muassasasi o’zining faoliyati davomida bir necha yuz minglab. yuqori malakali mutaxassislarni yetkazib berdi. Binobarin Ibrohim Mo’minov. Sulton Umarov, Ubay Oripov, Yaxyo G’ulomov, Alovuddin Baxovuddinov, Vohid Abdullayev, Akbar Otaxo’jayev, Akobr Adhamov, Toshpo’lat Shirinqulov, Boturxon Valixo’jayev, Sayid Shermuhammedov, Shavkat Vohidov, Tolib Mo’minov, Muxsin Ashurov kabi akademik olimlar shular jumlasidandir.

Hamid Olimjon, Uyg’un, Mirtemir, Usmon Nosir, Habib Yusufiy, Sharof Rashidov, Asqad Muxtor kabi o’nlab ijodkorlar hamda davlat, madaniyat va fan arboblari mana shu universitetda voyaga yetganlar. Universitet bag’ridan Samarqanddagi qishloq ho’jaligi, tibbiyot, kooperativ, chet tillar institutlari o’sib chiqib mustaqil oliy uquv yurtlariga aylandilar.

Oliy ta’lim muassasamizning bugungi kundagi rivoji va tarixi turli vaqtlarda rektorlik qilgan N.Merkulovich, K.Abdullayev, A.Valiyev, H.Fayzullayev, M.Mo’mipov, R.Olimjonov, K.Zokirov, A.To’laganov, V.Abdullayev, Yo.To’raqulov, A.Otaxo’jayev, Sh.Alimov, M.Jo’raqulov, T.Mo’minov, J.Sattorov, T.Shirinov, O.Xalmuxamedov va R.Xalmuradovlarning faoliyatlari bilan bevosita bog’liqdir.

1991 yil 31 avgust - halqimizning asriy va millatimiz tarixida unutilmas sana bo’lib qoldi. Mana shu muqaddas kundan e’tiboran millat va Vatan hayotida tub burilish, o’z taqdirini o’zi belgilash, mustaqillik davri boshlandi. Bu tarixiy burilish Samarqand universiteti zimmasiga katta mas’uliyat va butunlay yangi vazifalar yukladi.

Mustaqillik yillarida SamDUning o'quv, ilmiy va ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi faoliyati shaklan va mazmunan yangilandi. Hozirgi paytda SamDU tarkibida o’n to'rtta fakultet, pedagogik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi, halqaro aloqalar markazi, akademik liseylar, o’quv va muammoviy ilmiy tadqiqot laboratoriyalari, zamonaviy kompyuter sinflari, qator muzeylar, oranjeriya va botanika bog’i, ilmiy kutubxona, yotoqxonalar, dam olish va davolanish maskanlari, sport majmualari mavjud. Universitetimiz talabalari jahon va respublika miqyosidaga sport musobaqalarida ham faol ishtirok etishmoqda. Keyingi o’n yil ichida universitetda ikki nafar jahon Chempionlari, o’nga yaqin jahon chempionati sovrindorlari, halqaro olimpiada o’yinlari ishtirokchilari, o’ndan ortiq Osiyo chempionlari, saksondan ortiq O’zbekiston chempionlari, Respublika talabalar universiadasi chempionlari, o’ndan ortiq halqaro toifadagi sport ustalari yetishib chiqdi.

Universitetda 35 dan ortiq ta’lim yo’nalishlarida bakalavriat va 40 dan ortiq yo’nalishlarda magistrlik mutaxassisliklari bo’yicha jami 13000 nafardan ortiq talaba tahsil olmoqda. Ularga 80 dan ortiq fan doktorlari va professorlar, 300 dan ortiq fan nomzodlari va dosentlar, jami 800 dan ziyod professor-o’qituvchilar saboq bermoqdalar.

SamDU