Адрес: 140104, Республика Узбекистан, город Самарканд, Университетский бульвар, 15

Телефон: +998 66 2391140 Факс: +998 66 2391140 Email: devonxona@samdu.uz

Mirzo Ulug‘bekning 625 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan “Mirzo Ulug‘bek ilmiy merosining zamonaviy astronomiya fani va ta’limi ravnaqidagi roli” mavzusidagi Respublika yosh astronom talabalarining IX‑ilmiy-amaliy seminar-treningi

PRESS-RELIZI

Jahon ilm-fan ahli, ayniqsa, o‘zbek xalqi 2019-yil 22-mart kuni o‘zining sevimli farzandi, qomusiy olim, davlat va jamoat arbobi Mirzo Ulug‘bekning 625 yilligini keng nishonlashdi. Mamlakatimizning barcha hududlarida, ta’lim muassasalari va ilmiy tadqiqot institutlarida bu bayram milliy madaniyatimizning ulkan yutug‘i, buyuk bobomizning dunyo tamadduni rivojlanishidagi hissasi sifatida e’tirof etildi.

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Astronomiya instituti jamoasi uzoq yillardan buyon Mirzo Ulug‘bekning astronomiya fanidagi betakror tadqiqotlarini o‘rganish, yoshlar o‘rtasida targ‘ib qilishda tashabbus ko‘rsatib kelmoqda. Institut jamoasi, xususan, rahbariyatining bevosita ishtirokida bir qancha oliy ta’lim muassasalarida (SamDU, AnDU, O‘zMU va h.k.) o‘quv-ilmiy rasadxonalar tashkil qilindi va ular zamonaviy teleskoplar bilan jihozlandi. Jamoa tomonidan har yili Respublika oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan iqtidorli talabalar va yosh olimlar uchun ilmiy konferensiya va seminar-treninglar o‘tkazib kelinmoqda. Bu tadbirlar har yili turli oliy ta’lim muassasalarida o‘tkazilishi bilan ham keng yoshlar ommasini jalb qilishda muhim rol o‘ynamoqda. 2017-yilda ana shunday tadbirlardan biri Andijon davlat universiteti bazasida o‘tkazildi. 2019-yilda buyuk bobomizning tavalludlarining 625 yilligi munosabati bilan bu buyuk inson yashagan, ishlagan, madrasa va rasadxona qurgan, o‘zining mashhur “Ziji”ni yaratgan Samarqand shahrida, va aynan Samarqand davlat universitetida tashkil qilinishi o‘zgacha bo‘lmoqda.

Bu yilgi seminar-treningda Andijon davlat universiteti, Farg‘ona davlat universiteti, O‘zbekiston Milliy universiteti, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti, Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti, Muqimiy nomidagi Qo‘qon davlat pedagogika instituti, Jizzax pedagogika instituti, Qarshi davlat universiteti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Qarshi filiali, Navoiy davlat pedagogika instituti xamda Samarqand davlat universiteti talaba va magistrantlari qatnashishadi. Talabalar va yosh olimlar seminar-treningda taniqli olimlar (akademik Sh.Egamberdiyev, prof.B.Axmedov, prof.B.Maxmudov, prof.S.Ilyasov dots. Yu.Tillayev)ning qatnashishi va ma’ruzalar bilan chiqishi ushbu anjumanning yuqori saviyada tashkil qilinayotganligidan dalolat beradi.

Seminar-trening dasturida iqtidorli talaba va yosh olimlarning ma’ruzalaridan tashqari Samarqand davlat universitetidagi “Astronomiya ilmiy-o‘quv markazi”dagi optik ko‘zgusining diametri 48 sm bo‘lgan Grabb-Parsons teleskopida osmon jismlarini kuzatish, olingan tasvirlarni tahlil qilish va dunyoning boshqa rasadxonalaridagi natijalar bilan taqqoslash kabi ishlar bilan iqtidorli talabalar tanishishadi va bevosita o‘zlari kuzatuvlar olib borishadi. Optik teleskop yordamida Yupiter, Mars, Saturn sayyoralari, Oy va boshqa osmon jismlarining kuzatilishi va zamonaviy yorug‘lik detektori yordamida bu yoritkichlarning tasvirlari olinadi. Bu kuzatuvlar O‘zFA AI (Yu.Tillayev, D.Mirzaqulov) va SamDU xodimlari (A.Ajabov, B.Jo‘rayev, F.Hamroqulov) tomonidan tashkillashtiriladi.

Seminar-trening dasturidan Ulug‘bek madrasasi va rasadxonasiga sayohat, bu ilm-fan maskanlaridagi muzey eksponatlari va ilmiy ma’lumotlar bilan tanishish ham joy olgan.

Tadbirning tantanali ochilishida SamDU rektori, professor R.I. Xalmurodov va O‘zFA Astronomiya instituti direktori, akademik Sh.A. Egamberdiyevlarning tadbir ishtirokchilariga tabriklari hamda plenar yig‘ilishda O‘zFA Astronomiya instituti direktori, akademik Sh.Egamberdiyev, shu institut professori B.Axmedov, SamDU proyektori H.A. Xushvaqtov, professor M.Q. Qodirovlarning ma’ruzalar bilan chiqishlari rejalashtirilgan.

Tadbir yakunida seminar-trening ishtirokchilari va yosh olimlar sertifikatlar bilan taqdirlanishi hamda Samarqand shahrining diqqatga sazovor joylariga tashrif buyuradilar.

Seminar-treningning tantanali ochilishi va birinchi plenar yig‘ilishi 2019-yil 9-aprel kuni soat 11:30 da Samarqand davlat universiteti Bosh binosi kichik majlislar zalida boshlanadi.

TAShKILIY QO‘MITA