Samarqand davlat universitetiga 1420 yilda asos solingan

Oʼqimаy turib oʼqishni koʼchirsа boʼlаdimi?!

img

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda xorijiy (jumladan qoʼshni) davlatlardagi oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan (olgan) talabalarning respublika oliy taʼlim muassasalariga oʼqishini koʼchirish jarayoni haqida bir yoqlama yozilgan maqola va murojaatlar uchrab turibdi. Аyniqsa, “ishi bitmayotganligidan” nolib, turli idoralarga shikoyat qilishdan tap tortmaydiganlar koʼpaydi. Muddao ravshan – shovqin-suron koʼtarish va amaldagi tartibni chetlab boʼlsa-da, boshqalar qatori talabalikka qabul qilinish.

Bu kabi qalbaki hujjat egalari aslida koʼrsatilgan xorijiy oliy taʼlim muassasasida oʼqish tugul, uning qaerda joylashganligini ham bilmasa-da, oʼz shikoyatlarida yurtimiz oliy taʼlim muassasalarini adolatsizlikda, oʼqishni koʼchirishni paysalga solishda qasddan ayblashmoqda-ki, bunisiga endi toqat qilib boʼlmaydi.

Vaholanki, Oʼzbekiston Respublikasi Oliy va oʼrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan quyidagi holatlarda oʼqishni koʼchirishga ruxsat etilmasligi belgilab qoʼyilgan:

-         davlat akkreditatsiyasidan oʼtmagan oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotganlarga;

-         masofaviy (onlayn) taʼlim shaklida tahsil olayotganlarga;

-         xorijda oʼqiyotgan oliy taʼlim muassasasi tomonidan talabaning oʼqishi toʼgʼrisidagi soʼrovnomaga salbiy javob olingan taqdirda.

Shu bilan birga, oʼqishini koʼchirayotgan fuqaroning pasportidagi kirish-chiqish belgisini batafsil tekshirish, mabodo muayyan qoʼshni davlatga kirib chiqish belgilari umuman boʼlmaganda yoki faqatgina bir kunga borib kelgan boʼlsa, shuningdek, xorijiy davlatlardan oʼqishni imtihonsiz koʼchirishga ruxsat berish toʼgʼrisidagi buyruqdan soʼng, yaʼni 2020 yilning 6 fevralidan 15 martigacha chiqib kirgan boʼlsa (ilgari biror marta ham chiqmagan), bunday fuqarolarni talabalikka qabul qilmaslik toʼgʼrisida vazirlikning topshirigʼi bor.

Аmaldagi tartib shunisi bilan adolatliki, oʼqishni koʼchirish boʼyicha hech qanday vakolatga ega boʼlmagan firibgarlar bilan “oldi-berdi” qilgan fuqarolar qingʼir maqsadlariga erisha olmayaptilar. Endi ular qay eshikka bosh urmasin, avvalboshdan qingʼir yoʼlni tutganliklari tufayli, “oʼzlari pishirgan oshni aylanib ham, oʼrgilib ham ichishga” majburlar.

Oʼz navbatida, barchamiz, har birimiz “oʼqimay turib oʼqishni koʼchiraman” deya xom xayollar ogʼushida yurgan fuqarolarni bu yoʼldan qaytarsak, yaxshi boʼlardi.

 

Samarqand Davlat universiteti matbuot xizmati