Samarqand davlat universitetiga 1420 yilda asos solingan

Hujjati haqiqiy fuqaro qo’shni davlatdan bemalol o’qishini ko’chira oladi

img

Shu kunlarda Samarqand davlat universitetida ham qo’shni davlatlar oliy ta’lim muassasalaridan o’qishini ko’chirayotgan fuqarolarning hujjatlarini tekshirish va talabalikka qabul qilish ishlari davom etmoqda. Jami 2939 nafar fuqaroning o’qishini SamDUga ko’chirishga tavsiya etilgan bo’lib, hozirgacha ularning haqiqatda xorijiy oliy ta’lim muassasasida o’qiganligini aniqlash maqsadida universitet tomonidan qo’shni davlatlarning 40 dan ziyod oliy ta’lim muassasalariga so’rov xatlari yuborilgan. Shunday so’rovnomalarga olingan javoblar natijasiga ko’ra, bugungacha 262 nafar fuqaroni talabalikka qabul qilish haqida buyruq chiqarilgan. 

O’qishini ko’chirayotgan fuqaroning yurtimizdagi oliy ta’lim muassasasiga talablikka qabul qilish shartlari nimalardan iborat?

Agar fuqaro qo’shni davlatdan respublikamizdagi OTMga o’qishini ko’chirayotgan bo’lsa, kamida bir semestr mobaynida mazkur davlatning muayyan oliy ta’lim muassasida uzluksiz holda tahsil olgan bo’lishi, shuningdek, ko’chirilayotgan ta’lim yo’nalishiga mazmunan mos (turdosh) ta’lim yo’nalishida to’liq o’qiganligini tasdiqlovchi hujjati bo’lishi kerak, xolos.

Bundan tashqari, qo’shni davlatlardagi oliy ta’lim muassasalaridan respublikamiz OTMlariga o’qishini ko’chirishga ruxsat berilgan fuqarolarni talabalikka qabul qilish to’g’risidagi hujjatlarni rasmiylashtirishda qo’shni davlatlarning akkreditasiyaga ega bo’lmagan OTMlarida yoki ularning filiallarida o’qiganlarning o’qishini ko’chirishga ruxsat etilmasligi belgilab qo’yilgan. Yana shunga qo’shimcha ravishda yuqori idoralarning ko’rsatmasiga binoan, qo’shni davlat oliy ta’lim muassasasiga yuborilgan so’rovnoma natijasiga ko’ra u yerda o’qimaganligi yoki qalbaki hujjatlari mavjudligi aniqlangan fuqarolarga rad javobi berilmoqda.

Ta’kidlash joiz, SamDU xorijdan o’qishini ko’chirayotganlarni talabalikka qabul qilish ishlarida boshqa universitetlardan andoza ko’chirmaydi. Amaldagi tartib-qoida – Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligining buyrug’iga ko’ra, qo’shni davlatlar oliy ta’lim muassasasiga yuborilgan so’rovnomaga olingan javob xatlari hamda tegishli idoralarning o’qishini ko’chirayotgan fuqaroning o’sha davlatga qancha muddatga borib kelganligini tasdiqlovchi ma’lumotlariga tayanib ish tutadi.

Samarqand davlat universitetida o’qishni ko’chirish bo’yicha ishlarning cho’zilganligi aslo kimdandir ta’magirlik qilish maqsadida ataylab qilinayotgan jarayon  emas. Hujjatlarning haqiqiyligini aniqlash muayyan vaqtni talab qiladi. Ayrim xorijiy oliy ta’lim muassasalariga uch martalab xatlar yuborilgan. Ba’zilaridan xat kelmasligining sababi aslida fuqaroning o’sha universitetda o’qimaganligi bilan izohlanmoqda. Tahlillar shuni ko’rsatmoqdaki, ba’zi bir talabgorlar tomonidan taqdim etilgan hujjatlar soxta bo’lib chiqmoqda. Ya’ni, “qo’shni davlatda o’qib qaytdim” deb hujjat topshirgan ba’zi fuqarolarning umuman o’qimagani holatlari ham uchrab turibdi. Bundan tashqari, pasportida o’zi o’qigan davlatga chegara postidan o’tganligi va mamlakatimizga qaytib kelganligi to’g’risida muhr urilmagan shaxslar ham aniqlanmoqda.

Shu sababli, qo’shni mamlakatlarda ta’lim olayotganini iddao qilayotganlar tomonidan taqdim etilgan hujjatlar sinchkovlik bilan ko’zdan kechirilmoqda. Aniqki, bu jarayon biroz vaqt talab etadi. Hujjatlarida kamchilik aniqlanmagan fuqarolar talabalar safiga hyech qanday istisnosiz qabul qilinadi.

Samarqand davlat universitetiga shu masalada murojaat qilgan fuqarolar yoki ularning ota-onalariga mazkur tartib-qoidalar erinmasdan tushuntirilmoqda.

Shu ma’noda biz xorijiy davlat oliy ta’lim muassasalarini ayblashdan butunlay yiroqmiz. Ammo, yuborilgan so’rovnomalarga javob kelishi kechikayotgani bor gap. Lekin, ishontirib ayta olamizki, o’qishida, hujjatlarida muammosi yo’q fuqarolarning barchasi talabalikka so’zsiz qabul qilinadi.

Shu o’rinda qo’shni davlatlarga o’qishga borish istagidagi yoshlarimizni, ularning ota-onalarini ogohlantirib qo’ymoqchi edik:

Hozirda xorijdagi yoki qo’shni davlatlardagi “biz nodavlat oliy ta’lim muassasasasimiz” deb o’zining oliy ta’lim bo’yicha dasturlarini taqdim etayotgan tashkilotlar ko’payib ketdi. Osongina oliy ma’lumotli bo’lishni jozibador reklama usullari orqali taklif etayotgan yoki shu masalada bir zumda hojatingizni chiqarishga, kelgusi yilda farzandingizning o’qishini O’zbekistonga ko’chirishga yordam bera olishini va’da qilayotgan shaxslarning takliflariga aldanib qolmang!

Ogoh bo’ling!

 

 

Samarqand Davlat universiteti ma’muriyati