Samarqand davlat universitetiga 1420 yilda asos solingan

SamDU rektori: devordagi tuynuk o’g’rini jalb etadi

img

Abituriyentlar va ularning ota-onalarida hali ham oliy ta’lim muassasiga o’qishga kirishda tanish-bilishchilik yoki birovga pora berish hojatni chiqaradi, degan xom fikrlar bor va bundan foydalanish niyatida bo’lgan firibgarlar ham kam emas. Ushbu tushunmovchiliklarga izox bermoqchi edim.

O’tgan davr mobaynida Samarqand Davlat universiteti ma’muriyati abituriyentlarni o’qishga qabul qilishda ADOLAT tamoyilini o’rnatish, shaffoflikni ta’minlash, ushbu jarayonda korrupsiyaviy holatlarga barham berish, jumladan ijodiy imtihonlar orkali o’qishga kirishning “korrupsion jozibadorligini” keskin kamaytirish maksadida yukori boshqaruv va nazorat idoralariga o’z takliflarini kiritdi va bir qator ijobiy o’zgarishlar amalga oshirildi. Jumladan, Oliy ta’lim vazirligining tashabbusi bilan 2020-2021 o’quv yili uchun qabulda fanlar majmuasiga o’zgartirish kiritilib, ijodiy imtihonlar kiritilishi mantiqsiz bo’lgan ta’lim yo’nalishlari soni kiskartirildi.

Masalan:

“Ijtimoiy ish” ta’lim yo’nalishida mavjud bo’lgan kasbiy (ijodiy) imtihon bekor qilindi. Endilikda ushbu ta’lim yo’nalishini tanlagan abituriyentlar to’liq test sinovlarini topshirib, o’qishga kiradilar;

2020-2021 o’quv yilida abituriyentlarni o’qishga qabul qilish uchun Samarqand Davlat universiteti bo’yicha test sinovlari bilan birgalikda kasbiy(ijodiy) imtihon qabul qilinadigan “Madaniyat va san’at muassasalarini tashkil etish hamda boshqarish”, “Chaqiriqqacha harbiy tayyorgarlik” ta’lim yo’nalishilari bo’yicha qabul bekor kilingan. Mazkur ta’lim yo’nalishlari mavjud bo’lgan oliy ta’lim muassasalarida ham kasbiy-ijodiy imtihonlar bekor qilinib, endilikda abituriyentlar faqat test sinovlari natijalariga ko’ra talabalar safiga qabul qilinadilar;

joriy yildan boshlab o’qitish tojik tilida bo’lgan barcha ta’lim yo’nalishlariga abituriyentlar to’liq test sinovlari asosida qabul qilinadi.

Bundan tashqari :

1. O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi tayanch oliy o’quv yurtlar bilan hamkorlikda ta’lim yo’nalishlari bo’yicha fan dasturlarini soddalashtirish yuzasidan ishlar olib borilmoqda. Unga ko’ra abituriyent imtihon topshiradigan oliy ta’lim muassasasiga bir kunga kelib, imtihonni bir soatda topshirib ketadi.

2. Fan komissiyalari va a’zolarini tayinlash. Fan komissiyalari raisi va a’zolari O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirining alohida buyrug’i bilan tayinlanadi. Bunda, ushbu oliy ta’lim muassasasi professor-o’qituvchilari ijodiy imtihonlarni qabul qilishda mutlaqo ishtirok etmaydi, ya’ni Samarqand Davlat universiteti professor-o’qituvchilari va boshqa xodimlariga SamDUda alohida iqtidor asosida o’qishga kirish imtihonlarini qabul qilishlariga yo’l qo’yilmaydi. Bunday imtihonlarni, Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirining buyrug’iga asosan, Respublikadan, o’zining raisi va a’zolari ishtirokidagi komissiyalar qabul qiladi.

Oshkoralik va jamiyatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligiga katta e’tibor berilayotgan bugungi kunda kimlardir nimaningdir evaziga qaysidir OTMga o’qishga kiritib qo’yishni va’da qilayotgan ekan, bunday ish uning qo’lidan kelmasligini, o’zi esa ashaddiy FIRIBGAR ekanligini barcha bilishi kerak. Abituriyentlarimiz ularning bunday havoyi so’zlariga uchmasdan, o’z bilim va iqtidoriga ishonishlari lozimligini ta’kidlaymiz.

Kirish imtihonlariga keng jamoatchilik (mahalla, nuroniy jamg’armalari va boshqa jamoatchilik tashkilotlari vakillari, deputatlar va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar) vakillarining erkin qatnashishlari ta’minlanadi.

Alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim yo’nalishlariga o’qishga kirish uchun imtihon topshiriladigan binolar so’nggi rusumdagi kameralar orqali to’liq videokuzatuv ostiga olinadi. Olingan videoyozuvlarning saqlanishi ta’minlanadi.

“Tuynuklar” berkitilyapti, pirovardida bu choralar adolat mezonining barqaror bo’lishiga va ta’lim sifatini amalda ta’minlashga olib keladi.

R.XOLMURODOV,

SamDU rektori