Manzil: 140104, O`zbekiston, Samarqand shahri, Universitet xiyoboni, 15-uy

O’ZBEKISTON FANLAR AKADEMIYASI PREZIDENTINI MAMLAKATIMIZNING YUKSAK MUKOFOTI VA TAVALLUDINING  75 YILLIGI BILAN QUTLAYMIZ!

img

Samarqand davlat universiteti jamoasi, yirik  fizik olim, yadro fizikasining bilimdoni, fizika-matematika fanlari doktori, professor, O’zbekiston Respublikasi fan arbobi, fanlar akademiyasi prezidenti Yo’ldoshev Behzod Sodiqovichni shonli 75 yillik yubileyi bilan qutlaydi.

Davlatimiz rahbari tomonidan, mamlakatimizda ilm-fan sohasini rivojlantirish, fan-texnika taraqqiyotini yuksaltirishdagi samarali mehnati, xorijiy ilmiy markazlar bilan hamkorlikni mustahkamlash, yuqori malakali kadrlarni tayyorlash, ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki hamda tavalludining 75 yilligi munosabati bilan Yo’ldoshev Behzod Sodiqovich “Fidokorona mehnatlari uchun” ordeni bilan mukofotlandi.

Akademik B.Yo’ldoshevning ko’p yillar davomida samarali mehnatlarini, har bir masalaga jiddiy va astoydil yondashishi, mamlakatimiz ravnaqi yo’lida xizmatlarini doimo e’tirof etamiz va yuksak mukofot bilan samimiy tabriklaymiz.

Sizni mamlakatimiz va jahon fizika fani rivojiga salmoqli hissa qo’shgan taniqli olim, fizika fani sohasida yangi yo’nalish va katta ilmiy maktab asoschisi sifatida ham yaxshi bilamiz.

Sizning rahbarligingizda elementar zarralar fizikasi, yadro fizikasi sohasi rivojlandi, jahon standartlariga mos keluvchi radioizotoplarni keng ko’lamda ishlab chiqarish yo’lga qo’yildi, mahalliy tog’-kon sanoati chiqindilaridan asl va nodir metallarni qo’shimcha ravishda ajratib olish texnologiyasi ishlab chiqildi, sanoat, qishloq xo’jaligi va tibbiyot sohalarida yadro texnologiyalaridan foydalanish yo’lga qo’yildi.

Xususan, Samarqand davlat universiteti uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash sohasida qilgan xizmatlaringiz alohida tahsinga sazovor. Uzoq yillar davomida universitetning ilmiy xodimlari va talabalariga “Elementar zarralar fizikasi” va “Yuqori energiyalar fizikasi” maxsus fanlaridan rus, ingliz va o’zbek tillarida saboq berilishiga, shuningdek, kafedrada “Yuqori energiyalar fizikasi” yo’nalishi bo’yicha ilmiy tadqiqotlar olib borilishida, bu sohada xalqaro hamkorlikni yo’lga qo’yishda katta yordam ko’rsatib kelmoqdasiz.

Hurmatli Behzod Sodiqovich! Sizning respublika va dunyo ilm-fani taraqqiyotiga qo’shgan salmoqli hissangizni, O’zbekistonda yadro energetikasi istiqbollari bo’yicha olib borayotgan tashabbuslaringizni Samarqand davlat universiteti jamoasi yuksak qadrlaydi hamda Sizga mustahkam sog’liq, ishlaringizga katta muvaffaqiyatlar tilaydi.

  Samarqand davlat universiteti jamoasi