Manzil: 140104, O`zbekiston, Samarqand shahri, Universitet xiyoboni, 15-uy

ROLIK

img

Ta’lim jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga ko’tarish, ilg’or pedagogik va axborot texnologiyalarini joriy etish, xalqaro aloqalarni mustahkamlash orqali yetuk kadrlarni tayyorlash Samarqand Davlat universiteti ilmiy pedagogik jamoasining ustuvor vazifasi, kundalik dasturiy shioriga aylangan!

Dargohda O’zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli Farmon va Qarorlari, Vazirlar Mahkamasining «Samarqand Davlat universiteti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida»gi qarori ijrosini ta’minlash yo’lida katta amaliy ishlar qilinmoqda.

Universitetda 16 ta fakultet, 63 ta kafedra, 843 nafar professor-o’qituvchi faoliyat ko’rsatadi.

Universitetning ilmiy salohiyati bugungi kunda 51,2 foizni tashkil qilmoqda. Talabalar soni 15 ming nafardan ziyod.

Universitetda 40 ta ixtisoslik bo’yicha tayanch doktorantura (PhD), 9 ta yo’nalishda doktorantura (DSc) hamda 11 ta Ixtisoslashgan kengash faoliyati yo’lga qo’yilgan.

SamDU ilmiy salohiyatini oshirish maqsadida so’nggi uch yilda universitet professor-o’qituvchilari tomonidan jami – 85 ta doktorlik dissertatsiyasi himoya qilindi.

So’nggi uch yilda davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasida bajarilgan ilmiy-tadqiqot ishlari uchun besh million ikki yuz ellik ikki ming yetti yuz qirq to’rt so’mlik 30 ta fundamental, 18 ta amaliy va 3 ta innovasion loyiha amalga oshirildi.

2016-2018 yillarda 15 ta xalqaro loyiha doirasida bir million besh yuz oltmish yetti ming to’rt yuz sakson to’rt yevro va yigirma ikki ming olti yuz oltmish AQSh dollari miqdorida mablag’ o’zlashtirildi. Shu yillarda universitetning 117 nafar professor-o’qituvchisi xorijning turli grantlari asosida chet mamlakatlarda malaka oshirishda bo’lib qaytishdi.

Iqtidorli talabalarning ilmiy-tadqiqot ishlariga sharoit yaratish maqsadida 100 ga yaqin fan va sport to’garaklari, ilmiy-ijodiy klublar faoliyat olib bormoqda. Ushbu to’garaklarga minglab yigit-qizlar jalb qilingan. E’tirof etish joizki, ayni paytda universitetning jismoniy madaniyat fakultetida tahsil olayotganlar orasidan 14 nafar jahon, 26 nafar Osiyo, 139 nafar O’zbekiston chempionlari, yuzlab xalqaro toifadagi sport ustalari mavjud.

So’nggi uch yilda 3 nafar Prezident Davlat stipendiyasi, 15 nafar talaba Navoiy, Ulug’bek va Islom Karimov nomidagi Davlat stipendiyalari sohibi bo’ldi, 166 nafar yoshlar xalqaro va Respublika olimpiadalarida sovrinli (1-3) o’rinlarni egallashdi.

Kitob-saodat kaliti, u hyech qachon eskirmaydigan bebaho xazina. Universitet kutubxonalari fondi keyingi yillarda ikki million yetti yuz o’n to’rt ming uch yuz yetmish sakkiz nusxaga boyidi.

SamDU rahbarining tashshabbusi bilan “Samarqand kitob olami” markazi tashkil etilgan!

Ta’limda sifat jamiyatning yetuklik darajasini belgilaydi. Bugungi taraqqiyot yo’lidagi O’zbekistonga bilimli, iqtidorli, innovasion kashfiyotga chanqoq yoshlar suv va havodek zarur. O’tgan o’kuv yili dargohda maktabgacha ta’lim fakulteti tashkil etildi. Bu yil esa sanatshunoslik hamda xalqaro ta’lim dasturlari fakultetlari faoliyat boshladi.

Amaldagi yil avvalida “Dorilfunun studiyasi” tashkil etildi. Matbuot xizmati tomonidan hozirga qadar o’nlab davra suhbatlari, muloqot va reportajlar viloyat va MTRK telekanallari orqali efirga uzatilmokda.

Universitetda hozirgi isloxotlar sur’atiga mos ilg’or kadrlarga ehtiyoj mavjud. Shunga ko’ra, 3 yil davomida universitetdan 15 dan ziyod talabalar tayanch doktorantura (PhD), 100 dan ziyod talabalar esa magistratura yo’nalishlarida tahsil olish uchun xorijga yuborildi. Dargohga 100 dan ziyod xorijlik olimlar, professor-o’qituvchilar tashrif buyurishdi. Universitetning 150 dan ziyod professor-o’qituvchilari xorijning nufuzli OTMlarida malaka oshirdi, ilmiy stajirovka, xalqaro konferensiya va anjumanlarda ishtirok etdi.

O’zining olti yuz yillik shonli tarixiga ega Samarqand dorilfununi ta’limda, kadrlar tayyorlashda, innovasion yaratuvchilik salohiyati va nufuzini oshirish yo’lida dadillik bilan odimlashda davom etadi.

SamDU matbuot xizmati.