Address:140104, O`zbekiston, Samarqand shahri, Universitet xiyoboni, 15-uy

SamDU rektori: “Amaldagi nizom talabalarni yalqovlikka, o‘qituvchilarni esa loqaydlikka olib kelmoqda”

img

To‘g‘risi, biz ta’lim sifatini yaxshilash uchun juda ko‘p choralarni qo‘lladik. Har bir o‘qituvchi bilan yuzma-yuz suhbatlashib, ta’lim jarayoniga munosabatini o‘zgartirishga chorladik. Kafedra mudirlariga ham darslar sifati, ixcham tatqiqotlar, joriy imtihon va sinovlar ustidan nazoratni kuchaytirish mas’uliyati yuklandi.

Talabalar o‘rtasida yozma sinov o‘tkazildi. Birinchi bosqich talabalariga o‘zlari test sinovida javob yozgan savollar bo‘yicha yozma ish olindi. Natijasi juda yomon chiqdi. Keyin shu mutaxassisliklar va aynan shu savollar bo‘yicha 4-bosqich talabalaridan ham yozma ish oldik. Natija ularda ham yaxshi emas.

Mavjud me’yoriy hujjatlar asosida choralar ko‘rdik. Shu jarayonda oliy ta’lim uchun keskin islohot zarur ekanini tushunib yetdim. Prezidentimizning qarori bu borada bizga chinakam dalda bo‘ldi.

Nazarimda, ularning birlamchisi, eng zaruri, qisqa muddatda ijobiy natija berib, oliy ta’lim sifatini ko‘tarishga olib keladigani talaba mas’uliyatining oshishi, mustaqil bilim olishi, o‘z ustida ishlashiga undaydigan shart-sharoitning shakllanishidir. Shu davrgacha biz oliy ta’lim muassasalarida talabalarning joriy o‘zlashtirishini oshirib baholab kelyapmiz. Sessiya yakunidagi "qarzdorlik" sonidan qat’i nazar, qayta topshirishga ruxsat berilishi talabani darslarni o‘qimaydigan, o‘qituvchini esa o‘z ustida ishlamaydigan qilib qo‘ydi.

Qarorda belgilangan "talabalar bilimini nazorat qilish va baholash tizimi to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqish" bugungi kunning kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalaridan biri, deb bilaman. Chunki amaldagi nizom talabalarni yalqovlikka, o‘qituvchilarni esa loqaydlikka olib kelmoqda.

Talaba bilimini baholashning xolisligini ta’minlash nafaqat uning bilim olishiga intilishini rag‘batlantiradi, balki dars berayotgan o‘qituvchining pedagogik faoliyati samaradorligini baholashda mezon bo‘lishi mumkin. O‘quv yili yakunida ta’lim yo‘nalishi yoki oliy ta’lim muassasalarining o‘rtacha reyting ko‘rsatkichiga nisbatan o‘zlashtirishi past guruhlarning o‘qituvchilari faoliyatiga baho berish omili yuzaga keladi.

Talaba bilimini baholashning yangi tizimiga o‘tish, o‘qituvchilar faoliyatini baholash xulosalari, yakuniy davlat attestatsiyasi shaffofligi, ob’ektivligini oshirish va boshqa bir qator choralarni amalga oshirish "og‘riqli" masala. Lekin bu ishlarni boshlamay mamlakat uchun havodek zarur bo‘lgan, tom ma’noda uning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatadigan muammo - oliy ta’lim sifati masalasini yechib bo‘lmaydi.

Albatta, har qanday dars talabaning o‘zi mustaqil ishlash tajribasiga va kompyuter texnologiyalaridan foydalanish malakasiga hamda o‘zbek tilidan tashqari chet tillaridagi ilmiy va o‘quv adabiyotlarni o‘qish va tushunish darajasiga ega bo‘lsa, yaxshi natija beradi. Agar talaba ta’lim jarayonida faol ishtirok etmasa, oliy ta’lim muassasalaridagi barcha xatti-harakatlar, hattoki, innovatsiyalar ham ijobiy natija bermaydi. Afsuski, bizning kuzatuv va tahlillarimiz shuni ko‘rsatyaptiki, bugungi talabalarning aksariyati rus yoki ingliz tilini deyarli bilmaydi, darslik bilan mustaqil ishlash ko‘nikmasiga ega emas.

Qarorda oliy ta’lim muassasalarida talabalarning o‘qishi va professor-o‘qituvchilarning samarali ishlashi uchun shart-sharoit yaratishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Adolat yuzasidan aytish lozimki, bugungi kunda viloyatlardagi aksariyat oliy ta’lim muassasalarida internet tizimining yomon ishlashi, professor-o‘qituvchilarning kompyuter texnologiyalari bilan ta’minlanganlik darajasining pastligi, chet ellarda malaka oshirish imkoniyatlarining chegaralanganligi, o‘quv-ilmiy laboratoriyalarning jismoniy jihatdan eskirishi ta’lim sifati va samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Rustam XOLMURODOV,

Samarqand davlat universiteti rektori

Manba: www.zarnews.uz