Buyuk Sohibqiron tavallud topgan qishloq - Xo'ja Ilg'orda tarixiy tadbir boshlandi

img

BUGUN — SOHIBQIRON AMIR TEMUR TAVALLUD TOPGAN KUN!

Buyuk Sohibqiron, davlat arbobi Amir Temur tavalludining 682 yilligi mamlakatimizda yangi bosqichda, xalqchil ruhda amalga oshirilayotgan islohotlarga hamohang o`zgacha ko`tarinkilik bilan nishonlanmoqda.

9-aprel tongi Amir Temur tavallud topgan qadimiy va gullab-yashnayotgan qishloq – Xo`ja Ilg`orda har qachongidanda fayzli, shukuhli boshlandi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.

Barcha qishloqning eng fayzli va tarixiy go`shasi – buyuk Sohibqiron tug`ilishi bilan bog`liq qadimiy quduqqa tutash maydon tomon oshiqmoqda. Bu erda Qashqadaryo viloyati hokimligi, Madaniyat vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi, O`zbekiston yoshlar ittifoqi, Milliy teleradiokompaniya, Milliy axborot agentligi hamkorligida Xalqaro press-klubning “Xo`ja ilg`or qayta kashf qilingan tarix – yangi sayyohlik yo`nalishi” mavzuida sayyor sessiyasi tashkil etildi.

Tadbir xalq sayli tusini olgan. Ko`klam tarovati, ajib hislar kezib yurgan yashil dalalar qo`ynidagi maydon sahni bezaklari barchaga yaxshi kayfiyat ulashmoqda. Sahna atrofida milliy hunarmandlik namunalari, xalq o`yinlari namoyishi, etnografik chiqishlar, Amir Temur davrini eslatuvchi uyg`un kompozisiya, o`tovlar xorijlik sayyohlarda ham katta qiziqish uyg`otgan.

– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan Amir Temur shaxsiga hurmat, Sohibqiron bobomiz va temuriylar davrini qaytadan kashf qilish, Amir Temur davrining nafaqat O`zbekiston, balki dunyo xalqlari davlatchiligida tutgan o`rnining o`ziga xos xususiyatlarini ochib berish, bu jihatlarning yoshlarimiz hayotidagi tarbiyaviy ahamiyatini oshirishga alohida e`tibor qaratib kelinmoqda, – deydi Xalqaro press-klub raisi Sherzodxon Qudratxo`jaev. – Biz davlatimiz rahbarining bu g`oyat muhim ahamiyatli tashabbusi va sa`y-harakatlaridan ilhomlangan holda, Xo`ja Ilg`or qishlog`ida sayyor press-klub sessiyasi o`tkazmoqdamiz. Maqsadimiz siyosiy tahlikali, xalq mo`g`ullar istilosidan zulm chekayotgan bir davrda dunyoga kelgan va ozodlik uchun kurashib, buyuk davlatga asos solgan bobomiz siymosini qayta kashf qilish, Xo`ja Ilg`orda yangi sayyohlik manzilini yaratish.

Tadbir “O‘zbekiston-24” telekanali orqali namoyish etib boriladi. Dastlabki jonli efir soat 10:15 da bo`lishi rejalashtirilgan. Kun davomida Xo`ja Ilg`or tantanalari bir necha bor jonli efirda xalqimiz va xalqaro miqyosda tomoshabinlar e`tiboriga havola etiladi.

Tarixiy tadbirda Amir Temur hazratlarining dunyoga kelgunicha, tug`ilish, bolalik va balog`at yoshidagi hayotidan, vatanini bosqinchilar zulmidan ozod etish, davlatchilik asoslari, mamlakat boshqaruvidagi eng muhim falsafiy jihatlar teatrlashtirilgan sahnalar orqali ochib beriladi. Bobomiz tug`ilib, voyaga etgan qishloqqa ilk bor kelib turgan xorijlik sayyohlar, qashqadaryolik olimlar fikri jamoatchilikka etkaziladi.

Tadbir doirasida taniqli san`atkorlar ishtirokida konsert dasturi namoyish etiladi.