____1927 yil 3 yanvarda Samarqand oliy pedagogika instituti ta’sis etildi. Dastlabki yillarda bu oliy o’quv yurtida ijtimoiy-siyosiy, fizika-texnika, tabiatùunoslik, filologiya bo’limlari mavjud edi.
____Samarqand oliy pedagogika instituti 1930 yilda A.Ikromov nomidagi O’zbek pedagogika akademiyasiga aylantirildi. 1933 yilda u O’zbekiston davlat universiteti deb nomlandi va buyuk o’zbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiyning 500 yillik yubileyi munosabati bilan universitetga uning nomi berildi.
____1941-1944 yillarda O’zbekiston davlat universiteti Toshkent davlat universiteti bilan vaqtincha birlashtirildi. 1944 yil 24 martdan boshlab, universitet o’z faoliyatini Samarqand shahrida qayta boshladi.
____O’zbekiston davlat universiteti 1960 yildan boshlab Alisher Navoiy nomidagi Samarqand davlat universiteti deb nomlandi. Universitet tarkibidan qishloq xo’jaligi, tibbiyot, tijorat, pedagogika va chet tillar kabi mustaqil oliy o’quv yurtlari ajralib chiqdi.
____Pedagogika fakulteti dastlab «Maktabgacha tarbiya va boshlang’ich ta’lim uslubiyati» nomi bilan 1966-1967 o’quv yilidan sobiq S.Ayniy nomidagi Samarqand davlat pedagogika instituti tarkibida faoliyatini boshlagan. 1992 yildan esa, Samarqand davlat pedagogika instituti Samarqand davlat universiteti tarkibiga qo’shildi va pedagogika fakulteti shu yildan boshlab universitet tarkibida faoliyat ko’rsata boshladi.
____Universitet moddiy bazasi o’tgan tarixiy yillar mobaynida mustahkamlanib, ayniqsa, mustaqillik yillarida kadrlar tayyorlash sifatini yaxshilashga alohida e’tibor qaratildi. Bu jarayonni samarali yo’lga qo’yishda, oliy ta’lim muassasalari O’zbekiston Respublikasi «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi»ga asoslangan holda pedagogika fakulteti zimmasiga mas’uliyatli vazifalarni qo’ymoqda.
____Pedagogika fakulteti shu yillar mobaynida ma’naviy-ma’rifiy, o’quv-uslubiy, ilmiy tadqiqotchilik hamda yetuk malakali pedagogik kadrlar tayyorlash sohasida samarali ishlarni amalga oshirmoqda.
____2005 yildan O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan oliy o’quv yurtlarining tarkibiy tuzilmasiga binoan pedagogika fakultetiga Kasbiy ta’lim va Musiqiy ta’lim fakultetlari birlashtirildi.