Samarqand davlat universitetida "Zol-Gel 2020" MDH davlatlarining 6-xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tdi

img

     Samarqand davlat universitetida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining “Fizika-Quyosh” ishlab chiqarish birlashmasi Materialshunoslik ilmiy-tadqiqot instituti, Turin politexnika universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘z ishini boshladi. Ushbu anjuman mavzusi bugungi kunda dolzarbligi, zamonaviy dunyo uchun muhimligi bilan ahamiyatlidir.

     Ushbu konferensiyada MDH davlatlarining yetakchi universitetlari professor-o‘qituvchilari bilan birgalikda Yaponiya, Fransiya, Italiya, Xitoy, Shvetsiya universitetlaridan ham olimlar ishtirok etmoqda.     

     - Biz bu konferensiyaga uzoq muddat davomida tayyorlandik, xalqaro Zol-Gel jamiyati bilan ko‘p bora muhokama qildik, - deydi Sankt-Peterburgdagi ITMO universiteti professori, kimyo fanlari doktori, Xalqaro Zol-Gel jamiyati raislar kengashi a’zosi Vladimir Vinogradov.   - Lekin pandemiya sharoitiga qaramasdan, ushbu konferensiyani masofaviy va an’anaviy tarzda tashkil etilganidan xursandmiz. Biz hammamiz Zol-Gel sohasi bo‘yicha ish olib boramiz. Ishonamanki, ushbu konferensiyaning o‘tkazilishi ilmli va yetuk olimlarni yagona fan doirasida birlashtiradi. Shuningdek, biolog olimlarning yangi loyiha va natijalarini kutyapmiz.

     Alohida ta’kidlab o‘tishim kerakki, Samarqand o‘zining ajoyib ob-havosi, go‘zal arxitekturasi va samimiy insonlari bilan menda juda yaxshi taassurot qoldirdi. Ayniqsa, Samarqand davlat universitetining ushbu konferensiyada faol ishtirok etayotgani tahsinga sazovordir.

     Olim Ro‘zimurodov, Toshkentdagi Turin politexnika universiteti professori, kimyo fanlari doktori:

     - Ushbu xalqaro konferensiya 2010 yilda ilk bora tashkil etilgan edi. Bugungacha Rossiya, Ukraina, Armaniston kabi davlatlarda bo‘lib o‘tdi. Kengashda bu safargi anjumanni O‘zbekistonda, ilm-ma’rifat shahri bo‘lmish Samarqandda o‘tkazish taklifi ilgari surildi. Samarqand o‘zining qadimiy ta’lim markazi ekanligi bilan barchani o‘ziga jalb qilib kelganligi sir emas. O‘tgan asrlarda bo‘lgan Birinchi va Ikkinchi Renessans markazi ham aynan shu tuproqdir. Bugun men Samarqand davlat universiteti talabalarining rus va ingliz tillaridagi ma’ruzalarni oson tushunib, konferensiyada ishtirok etayotgani guvohi bo‘ldim. Men o‘ylaymanki, aynan Samarqand yangi Uchinchi Renessansning poydevori bo‘ladi, bunda barcha yo‘nalishlar, aniq, tabiiy, ijtimoiy va boshqa fanlar birdek yuksaladi.

     Olga Shilova, Sankt-Peterburg silikat kimyosi instituti professori, Xalqaro Keramika Akademiyasi akademigi:

     - Butun umrim davomida Zol-Gel texnologiyasi bilan shug‘ullanib kelyapman. Bugungi konferensiyani juda katta intiqlik bilan kutdik. Tashkilotchilar tomonidan ushbu anjumanni nafaqat onlayn rejimda, balki turli davlat vakillari bilan o‘tkazish tahsinga sazovor. Bilasizmi, ushbu loyiha turli davlat olimlarini yagona g‘oya ostida birlashtirishi bilan muhimdir. Konferensiyaning O‘zbekistonda va aynan Samarqandda o‘tkazish taklifiga keladigan bo‘lsak, ushbu shahar nafaqat O‘zbekistonning, balki Yevrosiyoning  marvaridi hisoblanadi. Uning juda qadimiy tarixi va madaniyati, yetuk ilmi mavjud.

     Shuningdek, biz shaharda yangi infratuzilmani, ko‘plab tadbirkorlik obyektlari va yangi qurilishlarni ko‘rdik.

     Samarqand davlat universitetida o‘tkazilayotgan ushbu konferensiyadagi muhit menda juda yaxshi taassurot qoldirdi. Juda ko‘p hisobotlar topshirildi, savollar murakkab va aniq. Bizga nimadir yetishmayotgan bo‘lsa bu - vaqt. Biz ko‘proq muhokama qilishni va uchrashishni istardik. Aynan Samarqand davlat universiteti bizni bunga musharraf qilgani uchun tashkilotchilarga minnatdorlik izhor etaman.

     Noryigit Musulmonov, Samarqand davlat universiteti kimyo fakulteti dekani, dotsent:

     - Bugun Samarqand davlat universiteti katta xalqaro anjumanga mezbonlik qilmoqda. Bu Samarqand davlat universitetininmg xalqaro maydondagi reytingi kundan kunga oshib borayotganidan dalolatdir. Xususan, ushbu o‘quv yilida universitetimiz rektori, professor, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov tashabbusi bilan ko‘plab xorijiy konferensiya va ilmiy anjumanlar Samarqand davlat universitetida o‘tkazilmoqda.  Bularning barchasi oliy o‘quv yurtining xalqaro maydondagi o‘rnini qayta tiklash, uning dunyo miqyosdagi nufuzi va o‘rnini yanada yuksaltirish yo‘lida bajarilmoqda.

     Bugungi konferensiya universitetimizda o‘tkazilishining muhim bir jihati sifatida fakultetimizdan uch nafar professor-o‘qituvchining doktorlik dissertatsiyasi aynan Zol-Gel mavzusiga taalluqli ekanligini aytib o‘tishimiz o‘rinlidir.

Konferensiya o‘z ishini 15 oktabrga qadar davom ettiradi.

Otabek SA’DULLAEV, 
Samarqand davlat universiteti 
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.