Address:140104, O`zbekiston, Samarqand shahri, Universitet xiyoboni, 15-uy

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tanlov e’lon qiladi

img

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi o‘z Ustavining 45- va 49-bandlariga binoan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zoligiga (akademiklikka) quyidagi fan sohalari bo‘yicha tanlov e’lon qiladi: 

FAN SOHASI                    O‘RINLAR SONI 

Fizika-matematika fanlari               5 

Kimyo fanlari                                 4 

Biologiya fanlari                             2 

Geologiya-mineralogiya fanlari        1 

Texnika fanlari                               5 

Qishloq ho‘jaligi fanlari                   2 

Tarix fanlari                                   2 

Iqtisodiyot fanlari                           1 

Filosofiya fanlari                            1 

Filologiya fanlari                            3 

Geografiya fanlari                          1 

Yuridik fanlar                                1 

Pedagogika fanlari                        1 

Tibbiyot fanlari                              5 

Farmatsevtika fanlari                     1 

Veterinariya fanlari                        1 

San’atshunoslik                            1 

Jami:                                           37 


O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Ustavi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi haqiqiy a’zolari (akademiklari)ni tanlov asosida saralash va tasdiqlash tartibi haqida Nizom”ga asosan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zoligiga (akademiklikka) nomzodlar quyidagi talablarga javob berishi lozim: 
O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lishi va kamida so‘nggi besh yil davomida O‘zbekiston Respublikasida doimiy ishlagan bo‘lishi; 
fan doktori ilmiy darajasi va professor ilmiy unvoniga ega bo‘lishi; 
ilm-fanning muayyan sohasida ilmiy jamoatchilik tomonidan tan olingan, fanni shaxsan o‘zi yoki ilmiy va ilmiy-texnik muammolar bo‘yicha jamoa bo‘lib ishlashda faol ishtirok etish asosida erishgan shaxsiy yutuqlari hamda salmoqli ilmiy natijalari bilan boyitgan olim bo‘lishi; 
o‘z yo‘nalishida yangi ilmiy maktab tashkilotchisi va rahbari yoki mavjud ilmiy maktabning rivojida bevosita ishtirok etgan bo‘lishi va bu uning fan nomzodlari yoki falsafa doktorlari hamda kamida ikki fan doktori (tibbiyot fanlari uchun – kamida uch fan doktori) tayyorlashi bilan tasdiqlangan bo‘lishi; 
joriy etilgan ishlanmalarga egaligi yoki u rahbarlik qilayotgan xodimlar jamoasi erishgan fan yutuqlari ishlab chiqarishga joriy etilishida hamda amaliyotda foydalanilishida bevosita ishtirok etgan bo‘lishi; 
fundamental, amaliy tadqiqotlar va innovatsion ishlanmalarning ilmiy rahbari ekanligi yoki so‘nggi yillarda shu yo‘nalishdagi ilmiy loyihalarga rahbarlikni amalga oshirgan bo‘lishi; 
xalqaro ilmiy hamkorlikdagi xalqaro ilmiy loyihalarda ilmiy rahbar bo‘lishi yoki ularning bajarilishida ishtirok etishi. 
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Ustavining 51-bandiga binoan Fanlar akademiyasi haqiqiy a’zoligi (akademikligi)ga nomzodlarni ilgari surish huquqi Fanlar akademiyasi haqiqiy a’zolari (akademiklari)ga ularning ilmiy mutaxassisliklariga tegishli ixtisosliklar bo‘yicha, shuningdek, ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim muassasalarining ilmiy-texnik kengashlariga beriladi. 
Fanlar akademiyasi haqiqiy a’zoligi (akademikligi)ga nomzodlarni dastlabki saralash ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim muassasalari tomonidan tegishli ilmiy yoki ilmiy-texnik kengashlar yig‘ilishlarida ochiq ovoz berish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Vakolatga ega kvorum – tegishli kengash ro‘yxatga kirgan a’zolari tarkibining majlisda ishtirok etayotgan kamida 75 foizi mavjud bo‘lganda ovoz berishda ishtirok etgan ilmiy yoki ilmiy-texnik kengash a’zolari kamida uchdan ikki qismining ovozini to‘plagan talabgorlar Fanlar akademiyasi haqiqiy a’zoligi (akademikligi)ga nomzodlar hisoblanadilar. 
Fanlar akademiyasi haqiqiy a’zoligi (akademikligi)ga nomzodlar ko‘rsatgan ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim muassasalari tanlov o‘tkazilishi haqida e’lon berilgan kundan boshlab kechi bilan 30 kun mobaynida Fanlar akademiyasiga Fanlar akademiyasi haqiqiy a’zoligi (akademikligi)ga nomzodlarning ilmiy va ilmiy-tashkiliy faoliyatini tavsiflovchi hujjatlarni ro‘yxatga olish uchun taqdim etadilar. 
Ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim muassasalari rahbarlari Fanlar akademiyasi haqiqiy a’zoligi (akademikligi)ga nomzodlar ko‘rsatish jarayonining xolisligi va taqdim etilayotgan hujjatlarning haqqoniyligi uchun shaxsan javobgardirlar. 
Fanlar akademiyasi haqiqiy a’zoligi (akademikligi)ga nomzod ko‘rsatish uchun taqdimnomaga quyidagilar (2 nusxada) ilova qilinadi: 
ilmiy tashkilotning nomzodning tanlov talablari va mezonlariga javob berishi haqidagi asoslangan xulosasi, ochiq ovoz berish natijalari hamda tanlov mezonlarining qog‘oz va elektron shaklda to‘ldirilgan va tasdiqlangan shakli (tanlov mezonlari shakli Fanlar akademiyasining veb-saytida joylashtiriladi); 
Fanlar akademiyasi haqiqiy a’zoligi (akademikligi)ga nomzodning tarjimai holi; 
xodimlarni hisobga olish bo‘yicha surati yopishtirilgan shaxsiy varaqa hamda ma’lumotnoma-ob’ektivka; 
ish joyidan tasdiqlangan mehnat daftarchasining nusxasi yoki Fanlar akademiyasi haqiqiy a’zoligi (akademikligi)ga nomzodning kamida so‘nggi besh yil mobaynida O‘zbekiston Respublikasidagi mehnat faoliyatini tasdiqlovchi boshqa hujjat; 
fan doktori diplomi va professor attestati nusxalari; 
ilmiy ishlar ro‘yxati (konferensiya tezislari bu hisobga kirmaydi) va nolga teng bo‘lmagan impakt-faktorli («Webof Science» xalqaro ma’lumotlar bazasiga muvofiq) xorijiy nashrlardagi maqolalarning nusxasi; 
xorijiy patentlarning nusxalari (agar mavjud bo‘lsa); 
Fanlar akademiyasi haqiqiy a’zoligi (akademikligi)ga nomzod tomonidan tayyorlangan fan nomzodlari va falsafa doktorlari ro‘yxati (avtoreferatlarni ilova qilgan holda); 
Fanlar akademiyasi haqiqiy a’zoligi (akademikligi)ga nomzod tomonidan tayyorlangan fan doktorlari ro‘yxati (avtoreferatlarni ilova qilgan holda); 
yuqorida keltirilgan talablarga muvofiq, Fanlar akademiyasi haqiqiy a’zoligi (akademikligi)ga nomzod tomonidan fanning muayyan sohasi rivojiga qo‘shilgan hissa, fanni shaxsiy ilmiy yutuqlar va xalqaro ahamiyatga molik natijalar bilan boyitilganligi, shuningdek, uning ilmiy-tashkiliy faoliyati haqidagi davlat va rus tillaridagi qisqacha ma’lumotnoma (ko‘pi bilan 1 bet, satr balandligi 12 pt, Times New Roman shriftida); 
pasport nusxasi va 4x6 sm o‘lchamdagi 8 ta fotosurat. 
Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zoligiga (akademik) nomzodning har bir nusxa hujjatlari alohida jildga joylanadi. Jildning muqovasida nomzodning familiyasi va ismi-sharifi, nomzod ilgari surilayotgan fan sohasi hamda uni ilgari surayotgan ilmiy-tadqiqot yoki oliy ta’lim muassasasining to‘liq nomi yoki tavsiya etayotgan akademikning ismi-sharifi va ixtisosligi ko‘rsatiladi. 

Nomzodning hujjatlari quyidagi manzilga yuboriladi: 
100047, Toshkent shahri, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Ya.G‘ulomov ko‘chasi,70, 322-xona, tel. (371) 233-59-46. 

Manba: uza.uz

http://www.samdu.uz/assets1/plugins