OAK RAISI SAMDU OLIMLARI BILAN UCHRASHDI

img

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestasiya komissiyasi raisi Ahmadbek Yusupov 6 fevral kuni Samarqand davlat universiteti huzuridagi ixtisoslashgan ilmiy kengashlar raislari,  kotiblari hamda ilmiy tadqiqotchilar bilan uchrashdi.

Ochiq muloqot tarzida o’tgan tadbirda Oliy attestasiya komissiyasi faoliyati bilan bog’liq islohotlar haqida so’z bordi. Prezident Sh. Mirziyoyev tashabbusi bilan  ilmiy darajalar va ilmiy unvonlar berish tartibini jahon standartlariga moslashtirish maqsadida Ixtisoslashgan Kengashlarga bosqichma-bosqich akademik mustaqillik berish bo’yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan ma’lumot berildi.

Hozirgacha 10 ta Ixtisoslashgan ilmiy Kengashlarga akademik mustaqillik berilganligi, 2024 yilga qadar qolganlariga ham shunday imkoniyat berish bo’yicha yo’l xaritasi ishlab chiqilganligi ta’kidlandi.

Oliy attestasiya komissiyasining interaktiv.oak.uz platformasida yosh olim va tadqiqotchilarga qulaylik yaratishga qaratilgan 7 ta tizim ishga tushirilayotganligi, jamoaviy elektron ekspertiza tizimi orqali dissertasiyalarni rasmiylashtirish hamda ko’chirmachilik (plagiat) holatlarini anonim ekspertizadan o’tkazish imkoniyati paydo bo’lganligi to’g’risida ma’lumot berildi. Elektron OAK tizimi ortiqcha qog’ozbozlikka chek qo’yishi, himoyalarning shaffof o’tishini ta’minlashi ta’kidlandi.

Ahmadbek Yusupov elektron OAK tizimi dissertantning Ixtisoslashgan ilmiy Kengashga bormasdan himoya qilishi, hatto taqrizchi va rasmiy opponentlar taqrizlarini onlayn rasmiylashtirish imkoniyatini berishini, bu – birinchidan,  dissertantga moliyaviy tomondan ko’mak bo’lsa, ikkinchidan, subyektiv omillar ta’sirini kamaytirishini hamda himoyalar jozibadorligini ta’minlashini ta’kidladi.

Qizg’in munozara ruhida o’tgan tadbirda kengash raislari, kotiblar hamda dissertantlar o’zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob oldi.

                                                           

                        Samarqand davlat universiteti Matbuot xizmati