Аsossiz shikoyatlаrdаn muddаo nimа?

img

Bugun ayrim fuqarolarning rasmiy idoralarga murojaatlarida haqli eʼtirozlar qatori koʼp hollarda noxolis yondashuvlar, jamoatchilik fikrini chalgʼitish, feyk (yolgʼon), oʼzgalar shaʼni va qadr-qimmatini, tashkilotlarning ishchanlik obroʼsini tushiruvchi axborotlarni tarqatishga boʼlgan urinishlar ham muntazam kuzatilayapti.

Jumladan, oʼqishni koʼchirish jarayoni davom etayotgan shu kunlarda baʼzi bir shaxslar turli idoralarga, hokimliklarga shikoyat yozishni oʼziga odat qilib olgan. Yana bir toifa insonlar borki, aslida oʼqimagan oʼqishini koʼchirish uchun hujjat topshirgani yetmaganday, turli davlat va hokimiyat idoralariga shikoyat qilishdan oʼzlarini tiya olmaydi. Bu kimsalar shov-shuv koʼtarish orqali oʼz ishini bitirib olish niyatida ekanligi, ayon haqiqat. Shunindek, shikoyatchilar orasida oʼqishini koʼchirib, talabalikka allaqachon qabul qilinganini bilsa-da, “oʼrgangan koʼngil oʼrtansa qoʼymas” deganlaridek baribir yana qogʼozbozlik qilaveradiganlar ham borligi kishini taajjubga soladi.

Аslini olganda mazkur jarayonning biroz choʼzilishiga OTMlar emas, qalbaki yoki oʼqishni koʼchirish talablariga mos kelmaydigan hujjat topshirgan fuqarolarning oʼzlari sababchi boʼlmoqdalar.

Soʼzimiz isboti sifatida ayrim dalillarni keltiramiz. Samarqand davlat universitetiga oʼqishini koʼchirish uchun hujjat topshirgan ayrim “geniylar”, jumladan, Аzzamova Xumora Sayfidin qizi, Аslonova Sayyora Shokir qizi, Xurramov Otamurod Rauf oʼgʼli, Ergasheva Sevinchoy Ikromjon qizi, Raxmov Xusan Roʼziboy oʼgʼli kabi fuqarolar bir vaqtning oʼzida Qozogʼistonning ikkita oliy taʼlim muassasasida “oʼqigan”ligi maʼlum boʼldi. Chunki universitetga mazkur fuqarolarni bir vaqtning oʼzida ikkita OTMdan (!) “ular bizda oʼqiydi” degan mazmundagi javob kelgan. Ular avvalboshda oʼz arizalarida Qozogʼistondagi «Oliy tadbirkorlik maktabi» institutida oʼqiganliklarini qayd etganlar. U yerga yuborilgan soʼrovnomaga 2020 yil 10 iyulda olingan javob xatida «Oliy tadbirkorlik maktabi» instituti mazkur fuqarolar haqiqatan ham shu institut talabasi ekanligini tasdiqladi. Biroq, masofaviy taʼlim olganlar yoki tegishli tartibda davlat roʼyxatidan oʼtmagan OTM talabalarining oʼqishi koʼchirilmasligi maʼlum boʼlgach, yuqoridagi fuqarolar yana gʼimirlab qolishdi. Natijada 2020 yil 24 iyulda Qozogʼistonning Xalqaro gumanitar-texnik universitetidan (Mejdunarodnыy gumanitarno-texnicheskiy universitet) kelgan javob xatida ham xuddi shu fuqarolar – endilikda mazkur universitetda tahsil olayotganliklari (!) maʼlum qilingan. Bundan shu narsa ayonlashadiki, ayrim fuqarolar qanday yoʼl yoki usul bilan boʼlmasin, talabalikka qabul qilinish payiga tushganlar.

Kuzatishlar shuni koʼrsatadiki, aynan norasmiy firmalar, har qanaqa “ishbilarmon” fuqarolar va boshqa shu kabi firibgarlarga ishonib, yuqorida aytilgan talablarga mos kelmaydigan hujjat taqdim etganlar shikoyat ustiga shikoyat yozishga mukkasidan ketganlar.

Biz bugun demokratik jamiyatda yashayapmiz. Fuqarolarimiz mansabdor shaxslarga ijtimoiy tarmoqlar yoki davlat idorasining rasmiy veb-sahifalari orqali murojaat qilmoqda, oʼzlarini tashvishga solayotgan ijtimoiy-iqtisodiy muammolar boʼyicha ochiq fikr bildirmoqda. Boshqaruv sohasida jamoatchilik va aholining keng ishtiroki natijasida koʼp hollarda bunday muammolar oʼzining maqbul yechimini ham topmoqda.

Biroq nohaq boʼla turib turli idoralarga shikoyat qilayotgan, oʼz maqsadiga gʼirromlik orqali erishishdan qaytmaydigan toifadagi insonlar ham borki, ular shu xatti-harakatlari bilan har qanday tartib-qoida va qonunlarni chetlab oʼtishga urinayotgani yoki tizimdagi tartiblarni mensimayotganligi tashvishlanarli holatdir.

 

Samarqand davlat universiteti matbuot xizmati