Samarqand davlat universitetiga 1420 yilda asos solingan

Soxta hujjat o’qishni ko’chirishda pand beradi

img

Samarqand davlat universitetida qo’shni davlatlar oliy ta’lim muassasalaridan o’qishini ko’chirayotgan fuqarolarning hujjatlarini tekshirish va talabalikka qabul qilish ishlari davom etmoqda. Shu paytgacha SamDUga o’qishini ko’chirish tavsiya etilgan jami 2939 nafar fuqaroning salkam 550 nafariga talabalikka qabul qilish haqida buyruq chiqarilgan.

O’qishini ko’chirayotgan fuqarolarning haqiqatan xorijiy oliy ta’lim muassasalarida o’qiganligini aniqlash maqsadida qo’shni davlatlar oliy ta’lim muassasalariga yuborilgan so’rovnoma-xatlarga javoblar kelishda davom etmoqda. Shunday javob xatlari kuni kecha Sadriddin Ayniy nomidagi Tojikiston davlat pedagogika universiteti hamda Rossiyaning Tver viloyatida joylashgan “Tadbirkorlik oliy maktabi” xususiy oliy ta’lim muassasasidan (Частное учреждение высшего образования «Высшая школа предпринимательства») olindi.

Sadriddin Ayniy nomidagi Tojikiston davlat pedagogika universitetidan Samarqand davlat universitetiga 88 nafar O’zbekiston fuqarosi o’qishini ko’chirish uchun hujjat topshirgan bo’lib, so’rovnoma-xatda ularning haqiqatan qo’shni davlat oliy ta’lim muassasasida o’qiyotganligini tasdiqlab berish so’ralgan edi. Mazkur OTMdan kelgan javob xatida ko’rsatilishicha, 2020 yil 9 iyul holatiga ko’ra, ularga yuborilgan ro’yxatda ko’rsatilgan 88 nafar O’zbekiston fuqarolaridan 33 nafari haqiqatdan ham mazkur universitetda tahsil olayotgan talabalar hisoblanadi. Shuningdek, xatda ularning aksariyati qo’shni davlatda masofaviy ta’lim olayotgani ham ko’rsatib o’tilgan. Bundan tashqari javob xatida Tojikiston Respublikasi Ta’lim va fan vazirligi bo’yrug’iga binoan, ushbu davlat oliy ta’lim muassasalarining birinchi bosqichida o’qiyotgan xorijlik talabalarga faqatgina birinchi bosqichni tugatganlaridan keyingina o’qishini ko’chirishga ruxsat berilishi ta’kidlangan. 2-4 bosqich talabalariga esa, ikkala OTM rektorlarining roziligi bilan, faqatgina yozgi ta’til paytida o’qishini ko’chirishga ruxsat berilishi qayd etilgan.

Tojikiston davlat pedagogika universiteti ro’yxatdagi qolgan 55 nafar fuqaro hyech qachon mazkur universitet talabalari safiga qabul qilinmaganliklarini(!), ya’ni qo’shni davlat oliy ta’lim muassasasining kunduzgi, sirtqi, masofaviy ta’lim shakllarining hyech birida tahsil olmaganliklarini ma’lum qilgan.

Rossiyaning Tver viloyatida joylashgan “Tadbirkorlik oliy maktabi” xususiy oliy ta’lim muassasasidan (Частное учреждение высшего образования «Высшая школа предпринимательства») olingan javob xatida 40 nafar fuqaroning hujjatlari mazkur OTMning Qozog’istondagi filiali orqali berilganligi ta’kidlangan. Javob xatiga mazkur ta’lim muassasining Tver viloyati ta’lim vazirligida davlat akkreditasiyasidan o’tganligi to’g’risidagi guvohnoma ilova qilingan.

Hammasi risoladagidek ekanku, dersiz?! Unda bizga yuborilgan javob xatida xususiy oliy ta’lim muassasasi deb yozilgani holda, guvohnomada xususiy professional ta’lim muassasasi deb yozilganiga nima deysiz? Ustiga-ustak, mazkur ta’lim muassasasining internetdagi veb-sahifasida uning boshqa joylarda tarkibiy bo’linmalari – filiallari yo’qligi qayd etilgan (https://institute.vshp.online/sveden/common). Eslatib o’tamiz, qo’shni davlatlardagi oliy ta’lim muassasalaridan respublikamiz OTMlariga o’qishini ko’chirishga ruxsat berilgan fuqarolarni talabalikka qabul qilish to’g’risidagi hujjatlarni rasmiylashtirishda qo’shni davlatlarning akkreditasiyaga ega bo’lmagan OTMlarida yoki ularning filiallarida o’qiganlarning o’qishini ko’chirishga ruxsat etilmasligi belgilab qo’yilgan.

Ta’kidlash joizki, qo’shni davlatda rostdan ham o’qiyotgan fuqarolar, o’z hujjatlarining haqiqiy ekanligiga ishonchlari komilligi tufayli, sabr va ishonch bilan talabalikka qabul qilinishlarini kutayotgan bo’lsalar, aynan qalbaki hujjat egalari karantin chog’idagi shoshilinch qarorlar va ola-g’ovurdan foydalanib, o’z maqsadlariga yetishga urinmoqdalar.

Samarqand davlat universitetida xorijdan o’qishini ko’chirayotganlarni talabalikka qabul qilishda shu kabi holatlar sinchiklab o’rganib chiqilganidan so’nggina qaror chiqariladi. Hujjatlarida kamchilik aniqlanmagan fuqarolargina talabalar safiga qabul qilinadi.

 

SamDU ma’muriyati