Samarqand davlat universiteti – Ulug‘bek madrasai oliyasining vorisi

img

Mar­kaziy Osiyo, xususan, bugungi O‘zbekiston hududi tarixda ilm-fan, madaniyat va san’atning qadimiy beshigi sifatida mavjud bo‘lib kelgan. Bu haqda islomga qadar mavjud manbalarda ham ma’lumotlar keltiriladi. Jumladan, Avestoda ham ma’naviy muhit, ilm-fan va ta’lim-tarbiya xususida o‘z davri uchun ilg‘or g‘oyalar ilgari surilgan. Shu bilan birga eng qadimgi davrlardanoq  oromiy, sug‘diy, turkiy, pahlaviy, xorazmiy, suryoniy, boxtariy, uyg‘ur, xo‘taniy kabi yozuvlarda astronomiya, tibbiyot, huquq, dinga bag‘ishlangan asarlar yaratilgan va bu ilmiy meros keyingi davrlardagi kuchli tamaddun uchun asos bo‘lib xizmat qilgan.

Shu bilan birga O‘zbekiston hududlari tarixan Buyuk Ipak Yo‘lining markazi va uning turli tarmoqlari kesishgan nuqtada joylashgani uchun Sharq va jahonning turli  mamlakatlaridan diniy va dunyoviy bilim olish istagidagi insonlar Xorazm, Buxoro, Samarqand, Toshkent, Farg‘ona kabi ko‘hna madaniyat markazlariga intilganliklari tarixiy haqiqat. Imom Buxoriy, Imom Motirudiy, Bahovuddin Naqshband singari mutafakkirlarning, al-Xorazmiy, al-Beruniy, Ibn Sino, al-Farg‘oniy, Mirzo Ulug‘bek kabi qomusiy olimlarning ilmiy-falsafiy qarashlari hamda  bebaho ilmiy meroslari madrasa ta’limi asosida yaratilgani, madrasalar o‘z davrida dunyo fani, madaniyati va ma’naviyatiga olim va fuzalolar yetishtirib bergan ta’lim va bilim maskani bo‘lgani ma’lum.

Shu sababli Markaziy Osiyoda qadimgi davrlardan faoliyat yuritgan bilim maskanlari – madrasalar o‘z davrining oliy ta’lim muassasasi, ya’ni, universitetlari maqomida bo‘lgan, deyish mumkin. Tarixiy manbalarda qayd etilishicha, X asrning oxiriga kelib Samarqandda 17 ta madrasa faoliyat yuritgan. Bular orasida oliy madrasa maqomiga ega madrasalar ham bo‘lgan.

Temur va Temuriylar Renessansi davrida Movarounnahr va Xurosonda, xususan, poytaxt Samarqandda fan va madaniyatning misli ko‘rilmagan tarzda yuksalishi bu davrda mamlakatning yirik shaharlarida oliy madrasalar qurilgani, bu ta’lim maskanlarida yetuk allomalar va mudarrislar faoliyat ko‘rsatgani bilan bog‘liq. Ayniqsa, 1420 yilda Mirzo Ulug‘bek ta’sis etgan madrasa o‘zining ko‘lami, salohiyati va oliy maqomi bilan Sharqda juda tez shuhrat qozondi. Bu madrasa boshqa oliy madrasalardan bu dargohda dunyoviy, ayniqsa, aniq  fanlarning o‘qitilishi va shu yo‘nalishlarda olib borilgan tadqiqotlar ko‘lamining kengligi va olamshumulligi, ilmiy-pedagogik kadrlarning yuksak ilmi va mahorati bilan tubdan farq qilar edi. Mirzo Ulug‘bek qurdirgan oliy madrasa  va uning qoshida barpo etilgan rasadxona me’moriy betakrorligi va nodirligi, devorida va peshtoqida aks etgan yetti iqlim xaritasi va yulduzli osmon chizilgan bu inshootlar haqli ravishda o‘rta asrlardagi Samarqand madrasalarining ramziga aylandi.

Zayniddin Vosifiyning “Badoe’ ul-vaqoe’” asarida keltirilishicha, Mirzo Ulug‘bek madrasasida Klavdiy Ptolomeyning “Al-Majastiy” (“Almagest” astronomiya fani yutuqlariga bag‘ishlangan) asari bo‘yicha ilk darsni 1420 yil 21 sentabrda mashhur olim Shamsiddin Muhammad Xavofiy o‘tgan. Xuddi shu kunni, madrasai oliyada madrasa faoliyatining boshlanish sanasi, deb hisoblash o‘rinlidir.

Mirzo Ulug‘bekning Movarounnahr temuriylar saltanatini boshqargan qariyb 40 yillik davr mobaynida  uning Samarqand, Buxoro, G‘ijduvondagi madra­salaridan va mamlakatning boshqa madrasalaridan yetishib chiqqan olimlarning katta ilmiy maktabi shakllandi. Ulug‘bek yaratgan ilmiy maktabda 200 dan ortiq olimlar faoliyat olib borgan. Ayniqsa, madrasada astronomiya, matematika, geometriya fanlariga bag‘ishlangan bir qator qo‘llanmalar yara­tilgan. Mirzo Ulug‘bek madra­sasidagi ilm-fan Markaziy Osiyolik mashhur olimlar, dunyo ilm-fani rivojiga ta’sir ko‘rsatgan Muhammad Xorazmiy, Ahmad al-Farg‘oniy, Abul Abbos al-Javhariy, Ibn Turk al-Xuttaliy, Xolid al-Marvarrudiy, Ahmad al-Marvaziy, Abu Nasr Forobiy, Abu Ali Ibn Sino, Abu Rayhon Beruniylar boshlab bergan ilmiy an’anaga asoslanar edi.

Ta’kidlash lozimki, Markaziy Osiyo mintaqasidagi buyuk tamaddunlar bir-birining mantiqiy davomi sifatida o‘rtaga chiqqan, bu sivilizatsiyalarning jon tomirlari bo‘lgan madrasalar tizimi ham davrlar osha rivojlanib va takomillashib kelgan. Shu ma’noda Samarqand davlat universiteti Mirzo Ulug‘bek oliy madrasasining bevosita vorisi bo‘lib, uning ta’sis etilish tarixi ham 1420 yilga Mirzo Ulug‘bek oliy madrasasining ta’sis etilish sanasiga borib taqaladi. Bu esa Samarqand davlat universiteti Mirzo Ulug‘bek asos solgan madrasai oliyaning bevosita davomchisi, deb xulosa chiqarishga asos bo‘ladi. Chunki Mirzo Ulug‘bek madrasasi faoliyati Samarqand davlat universiteti tashkil topgunga qadar uzviy davom etgan, 1868 yil ma’lumotlariga ko‘ra, Mirzo Ulug‘bek madrasasida barcha 24 ta hujra faoliyat ko‘rsatgan bo‘lib, ularda 48 nafar talaba yashagan bo‘lsa, XX asr boshlariga kelib esa talabalar soni 108 nafarga yetgan.

Ulug‘bek madrasasi keyingi davrda – to XX asr boshlarigacha mintaqaning eng qadimiy va e’tiborli oliy ta’lim maskani sifatida bu yerdagi xalqlarning ta’limiy, ma’naviy-ma’rifiy ehtiyojini qondirib keldi. Bu madrasani bitirgan mutaxassislar Markaziy Osiyo mintaqasidagi tamaddunning tarixdagi eng og‘ir kunlarida ham oyoqda qolishiga ko‘maklashdi.  

XX asr boshida sobiq Sovet hukumati Samarqandning qadimgi ilmiy va madaniy salohiyati, madrasa ta’limi asosida shakllangan ma’rifatparvarlar, ziyolilarning takliflarini e’tiborga olib, o‘sha vaqtda respublika poytaxti bo‘lgan 1920 yili Samarqandda ikki yillik pedagogik yo‘nalishdagi oliy o‘quv yurtini ochish haqida qaror qabul qiladi. Yangi bilim maskanlari Samarqand madrasalari, xususan, Ulug‘bek madrasasi talabalarini ham qamrab oldi. Shu bilan Samarqand davlat universitetining yangi maqomda shakllanishiga dastlabki asos yaratildi.

1927 yili bu o‘quv muassasasi Samarqand pedagogika akademiyasiga aylandi. 1930 yilda esa ushbu o‘quv dargohi O‘zbekiston pedagogika instituti, nihoyat 1933 yili O‘zbek Davlat universiteti maqomini oldi. 1941 yilda buyuk o‘zbek mutafakkiri tavalludining 500 yilligi munosabati bilan universitetga Alisher Navoiy nomi berildi. 1960 yildan 2016 yilgacha bu dorilfunun Alisher Navoiyning qutlug‘ nomi bilan atalib keldi. Uning dastlabki professor-o‘qituvchilari tarkibida yurtimizning, Samarqand va Buxoro oliy madrasalarini bitirgan pedagoglar Abdurauf Fitrat, Hoji Muin Shukurullaev, G‘ozi Olim Yunusov, Po‘lat Soliev, Mirzojon Saidjonov va boshqalar dars berganlar.

O‘zbekistonda ta’lim va ilm-fan sohalarida  amalga oshirilayotgan islohotlar Samarqand davlat universiteti taqdirida ham g‘oyat muhim hayotbaxsh o‘zgarishlarni vujudga keltirdi. Dunyo ta’lim tizimining ilg‘or texnologiyalarini o‘quv-tarbiya jarayoniga tatbiq etish bilan birgalikda, bu qutlug‘ maskanda ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy-pedagogik sohalarda shonli an’analar davom ettirilmoqda va ular Samarqandda zamonaviy universitet modelining yaratilishiga  xizmat qilmoqda.

O‘zbekistonda ta’lim tizimi shakllanishi va rivojlanishini o‘sha davrlardagi madrasa – ta’lim muassasalari tarixi bilan bog‘lash davlatimiz rahbarining ta’lim sohasida olib borayotgan islohotlarining yuksak namunasi bo‘lib, u yosh avlodni vatanparvarlik hamda ilmiy-madaniy merosimizga faxr-iftixor ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi. Samarqand davlat universitetiga Mirzo Ulug‘bek nomini berish masalasini o‘rganib chiqish ham tarixiy haqiqatning tiklanishi va vorisiylikni ta’minlash yo‘lidagi yana bir muhim qadam bo‘ladi.

Xulosa shuki, Samarqand Davlat universitetining yoshini 600 yil etib belgilash hamda bu sanani 2020 yil 21 sentabrda nishonlash bilan O‘zbekiston ta’lim tizimining qadimiy ekanligi e’tirof etiladi.