Ulug'bek rasatxonasi

Ulug’bekning shogirdi Ali Qushchi ham o’z yurtini tark etishga majbur bo’ldi va Turkiyaga jo’nab ketdi. Ali Qushchi rahbarligida Turkiyada ham rasadxona qurildi, rasadxonani barpo qilishga Samarqanddagi Mirzo Ulug’bek rasadxonasining loyihasi asos qilib olindi. Shuningdek, Ulug’bek rasadxonasining loyihasi asosida Hindi¬stonda ham yangi rasadxona qurildi, bu rasadxonalarning barchasida Ulug’bek yaratgan "Ziji jadidi Kuragonii" kitobi dasturi amal bo’lib xizmat qildi. Mirzo Ulug’bekning "Ziji" Ovrupoga tarqalib ketgach, ovrupoliklar o’rtasida Ulug’bekning shaxsiyatiga va qurdirgan rasadxonaga qiziqish kuchayib bormoqda edi. Shu sababli, Samarqandga tashrif buyurgan ko’pgina Ovrupolik sayyohlar va olimlar rasadxona o’rni bilan qiziqar edilar. Samarqandga kelgan venger olimi Armeniy Vamberi (1832-1913) ham rasadxona o’rni bilan qiziqdi va uni Tillaqori madrasasining ichida joylashgan bo’lsa kerak, deb taxmin qildi. Ammo venger olimning bu taxmini mutlaqo asossiz edi. Shu bilan birga rasadxona o’rnini topishga ko’pgina rus tarixchi, astronom va arxeologlari ham qiziqa boshladilar. Ammo, ularning bu qiziqishlari hyech bir samara bermadi. 1908 yili omad havaskor arxeolog V.Vyatkinga kulib boqdi, u samarqandlik ziyolilar Abu Said Maxsum va Egamxo’ja mullolar yordamida, XVII asrga oid vaqf hujjatlari asosida rasadxona o’rnini topishga erishdi. 1908-09 yillari V.Vyatkin olib borgan arxeologik qazishmalar o’z samarasini berdi. Shundan so’ng turli arxeologlar tomonidan bu yerda olib borilgan qazishmalar o’z natijasini ko’rsatdi va hozirda rasadxona poydevori va qoyatoshni o’yib yasalgan kvadrant to’liq ochildi. Qazishmalar natijasidan ma’lum bo’lishicha rasadxona dumaloq shaklda, uch qavatli bo’lgan ekan. Pastki qavatda kvadrant tepadagi qavatlarda esa kutubxona, dam oladigan, ilmiy ishlar bilan shug’ul¬lani¬ladigan hujralar mavjud bo’lgan. 1914 yili kvadrant ustiga pishiq g’ishtlardan g’ilof barpo qilingan. Shuningdek, bu yerda ikki qavatli Ulug’bek memorial muzeyi ham qurilgan. Bu muzeydagi eksponatlarda ulug’ munajjim Mirzo Ulug’bekning ilm yo’lida chekkan zahmatlari o’z aksini topgandir. Muzey yonida, rasadxonani o’rnini topib fan olamiga qaytarishda katta xizmatlar qilgan arxeolog V.Vyatkinning qabri ham bor. Bu zahmatkash olim o’limi oldidan bu yerga dafn etishlarini vasiyat qilgandir. Rasadxona qurilgan maydonda astronomlar sultoni Mirzo Ulug’bekning granitdan yasalgan haykali ham qad rostlab turibdi. Kechalari samoning uzoq-uzoq burchaklariga boqib, 1018 yulduzni harakatini kuzatgan ulug’ munajjim nima uchundir boshini qo’yi solib turibdi. Samoning qa’ridagi olis yulduzlarning harakatidan voqif bo’lgan, ammo oyog’i ostidagi fitnalardan bexabar qolgan Mirzo Ulug’bek, osmondagi hayot bilan yerdagi hayot o’rtasidagi qanchalik katta tafovutlar borligini o’ylayotganmikan? XV asrda Mirzo Ulug’bek tomonidan yaratilgan bu noyob ilmiy markaz-rasadxona ajdodlarimizning yuksak ilmiy tafakkurlari va salohiyatlariga quyilgan tirik yodgorlikdir.