Ulug'bek rasatxonasi
Zamondoshlarining guvohlik berishlaricha, uch qavatli rasadxona binosi o’sha davrning eng hashamatli va mukammal ilmiy markazi bo’lgan. Qurilish ishlari tugashi bilan bu yerda ilmiy kuzatishlar boshlanib ketadi. Mirzo Ulug’bek bu yerda tunni tongga ulab, osmonga boqib, yulduzlar harakatini urgana boshlaydi. Rasadxonada Mirzo Ulug’bek bilan yonma-yon uning ustozi, zabardast olim Qozizoda Rumiy, shogirdlari Fiyosiddin Jamshid al-Koshiy va Ali Qushchilar tinmay ter to’kadilar.
Mirzo Ulug’bekning rasadxonada 20 yildan ortiq vaqt mobaynida olib borgan ilmiy kuzatishlari uning shoh asari "Ziji jadidi Kuragoniy" ya’ni "Kuragoniyning yangi jadvali" nomli asarida jamlangandir. Bu shohona ilmiy asar to’rt kitobdan iborat bo’lib, uning birinchi kitobi eralar va kalendarlar bilan bog’liq muamolarni chuqur tahlil qilishga bag’ishlangan.
Zijning ikkinchi kitobi asosan, matematika va sferik astronomiyaning muhim tomonlarining tahliliga bag’ishlangan. Zijning uchinchi kitobi faqat astronomiya masalalarining tahliliga oid bo’lib, bu asosiy kitob hisoblanadi. Bu kitobda Quyosh, Oy va besh yirik sayyoraning harakatlari har tomonlama chuqur va asosli ravishda tahlil qilingan. Ziji jadidi Kuragoniyning oxirgi to’rtinchi kitobi ikki bobdan iborat bo’lib, ularda asosan ilmi nujumga oid muammolar tadqiq etilgan. Shuningdek, bu ilmiy asar mukammal yozilgan "Muqaddima" bilan boshlangan bo’lib, unda Mirzo Ulug’bek, kitobni yozishdan maqsad, va unga bu ishda ko’mak bergan olimlarning hammalarini minnatdorchilik bilan eslab o’tgandir.
Mirzo Ulug’bekning ushbu ilmiy asari o’z davridayoq juda mashhur bo’lib ketgan, bu asar dunyoning turli mamlakatlarida astrono-miyaning rivojiga katta ta’sir ko’rsatgan. Unga Ali Qushchi, Mirim Chalabiy va Husayn Birjandiy kabi astronomlar sharhlar yozganlar. Ulug’bekning shogirdi Ali Qushchi 1473 yili "Zijni Istanbulga olib keladi, so’ngra, bu asar Ovrupoga tarqalib ketadi. Oksford universitetining professori Jon Trivs (1602-1652) Ulug’bekning «Zij»ini Ovrupoda birinchi bo’lib tadqiq qilgandir. O’sha universitetning yana boshqa olimi sharqshunos Tomas Xayid (1636-1703) Zijni lotin tiliga tarjima qilib nashr etdirdi. Asrlardan asrlarga o’tib Ulug’bekning bu ilmiy asarini shon-sho’hrati oshib bordi va dunyoning ko’pgina tillariga tarjima qilindi.
1449 yili Mirzo Ulug’bek fojeali ravishda uldirilgach, rasadxona ham qarovsiz qoldi, ilmiy kuzatishlar to’xtadi. davomi