SHOHIZINDA ANSAMBLI

Samarqand taxtiga Amir Temur o’tirgach Shohizinda ansamblining hayotida ham katta o’zgarishlar ruy berdi. Amir Temur bu yerdagi ko’pgina, xarobaga aylangan inshootlarning o’rniga yangisini qurdi, ko’plarini qayta ta’mirladi, Qusam ibn Abbos qabri ustiga hashamatli qabrtosh o’rnattirdi. Shuningdek, sohibqironning buyrug’i bilan bu yerda yangi masjid ham barpo qilindi. Bu o’rinda shuni aytishimiz lozimki, Shohizinda me’morchilik ansambli turli davrlarda har xil hukmdorlar va amaldorlar tomonidan barpo qilingan maqbaralar, masjid va madrasalardan iborat murakkab yodgorlikdir. Shu sababli bu yerga tashrif buyurgan sayyohlar ham osonlik bilan uni anglashlari, tushunishlari mushkuldir. Biz sayyohlarga oson bo’lishi uchun, Shohizinda ansamblining darvozasidan boshlab, tartib bilan qurilgan inshootlar va maqbaralar haqda so’z yuritishga qaror qildik. Siyob dehqon bozorining sharq tomonga yo’l olgan sayyohlarning ko’zi Afrosiyob qiyaliklari o’zra buy cho’zib turgan moviy gumbazlarga tushadi. Shohizindani ziyorat qilmoqchi bo’lgan sayyohlar zinapoyalarga oyoq qo’yib darvoza orqali ichkariga kiradilar. Bu darvozaning peshtog’ida: "Bu ulug’vor inshoot Abdulaziz Bahodir ibn Ulug’bek Kuragon, ibn Shohruh, ibn Amir Temur Kuragon tomonidan 838 (1434-35) yilida bunyod qilingan - degan yozuv saqlan¬gandir. Tarixchilarning fikrlaricha, bu darvoza va peshtoqni Mirzo Ulug’bekning o’zi bunyod qildirgan, ammo, uni o’z nomiga emas, kichik o’g’li Abdulaziz nomiga yozdirgandir. Darvozadan kirgan sayyohlar chap tomonga burilsa XIX asrda qurilgan masjidga, o’ng tomonga burilsa 1813 yili Davlat qushbegi tomonidan qurilgan kichik madrasaga kiradi. Madrasaning qarama-qarshi tomonida esa 1910 yili usta Sodiq tomonidan qurilgan yozgi masjid joylashgan. Bu inshootlardan o’tgan sayyohlar g’ishtlardan terilgan zinopoyalar orqali yuqori tomonga yo’l oladilar. Sayyohlar zinapoyalarning qariyib o’rtasiga yetganlarida ularning ko’zlari chap tomondagi hashamatli maqbaraga tushadi. Yaqin-yaqinlargacha ko’pchilik olimlar, bu maqbaraga, Mirzo Ulug’bek davrida Samarqandda yashagan turkiyalik astronom Qozizoda Rumiy dafn etilgan deb hisoblar edi. Ammo bu yerdagi qabrlar ochib ko’rilganida ularda ayollar dafn etilganligi ma’lum bo’ldi. Bu holat hali Shohizinda ansambli bilan bog’liq siru-asrorlar to’liq o’rganil-maganligini ko’rsatib turibdi. Zinapoyadan yuqoriga ko’tarilgan sayyohlar yo’lakning o’ng tomonida To’g’luq Tekinning o’g’li Amir Husaynning maqbarasiga duch keladilar. Bu maqbaraning qarama-qarshi tomonida Amirzodaning qabri bo’lib, uning ham shaxsiyati hozircha ma’lum emasdir. Bu maqbaralarning yonidan o’tgan sayyohlar, sohibqironning singlisi Shirinbeka og’a maqbarasiga kirib boradilar. davomi