SHOHIZINDA ANSAMBLI

Samarqandning qadimgi o’rni Afrosiyobni tomosha qilgan sayyohlar uning janub tomoniga yursalar, qiyalikda joylashgan, moviy gumbazlari quyosh nurida yarqirab turgan Shohizinda ansanbmliga duch keladilar. Samarqandliklar uchun muqaddas ziyoratgohga aylangan bu ulug’ yodgorlik uzoq-yaqindan kelgan sayyohlar uchun doimo suyukli ziyoratgohdir. "Samarqand marvaridi" degan nomga sazovor bo’lgan Shohizinda ansambli nafaqat tarixiy-me’morchilik yodgorligi, balki, mashhur allomalar, avliyolar malikalar, lashkarboshilarning abadiy oromgohi hamdir. Bu yerdagi har bir maqbara faqat o’zigagina xos bezaklar bilan qoplangan bo’lishiga qaramay ularning barchasi yaxlit bir kompozisiyani, tugal bir me’morchilik asarini tashkil etadi. Shohizindaning yana bir qimmatli tomoni shundaki, bu yerda Samarqandning qariyib uch ming yillik tarixi mujassamdir. Negaki, Shohizinda ansambli joylashgan maydon Afrosiyobning janubiy hududlariga kiradi, agarda bu yer qazib ko’rilsa eramizdan oldingi VI-I asrga oid arxeologik materiallar topiladi. Tarixchilarning aniqlashlaricha, Shohizinda ansamblining shakllanishi eramizning XI asrlaridan boshlangandir. Shohizinda so’zining ma’nosi "tirik shoh" bo’lib, qariyib ming yildan buyon bu nom xalq o’rtasida yashab kelmoqda. Musulmon tarixchilarining yozishlaricha, tirik shoh-Muhammad payg’ambarimizning amakivachchasi Qusam ibn Abbosga berilgan unvondir. Samarqandlik tarixchi Abul Hakimiyning yozishicha, Qusam ibn Abbos payg’ambarimizning muborak yuzlarini ko’rgan oxirgi kishidir. Musulmon tarixchilarining yozishlaricha, Qusam ibn Abbos VIII asrlarda arab lashkarlari tarkibida Samarqandga kelgan va bu yerda dini islomni targ’ib qilish bilan mashg’ul bo’lgan. Bir kuni Qusam ibn Abbos namoz ibodati bilan mashg’ul bo’lib turganida kofirlar hujumiga uchragan va uzilgan boshini qo’liga olib g’or orqali yerning tagiga tushib ketgan. U to qiyomatga qadar tirik yurar emish. Qusam ibn Abbos kirib ketgan g’orning oldida unga atab qabr yasalgan va XI asrda uning ustiga maqbara qurilgan. Maqbaradan tashqari bu yerda hashamatli ziyoratxona, masjid va chillaxonalar ham faoliyat ko’rsatgandir. 1220 yili ro’y bergan mo’g’ul istilosi Shohizinda maqbarasi taqdirida ham ayanchli rol o’ynadi. Mug’ullar bu yerdagi ko’pgina inshootlar va qabrlarni ostin-ustun qilib tashladilar. Ammo, ular ham Qusam ibn Abbos qabriga tegishdan cho’chidilar. Lekin, qarovsizlik oqibatidan bu qabr ham ancha xarobaga aylangan edi. XIV asrning boshlariga kelib samarqandlik din ahllari va rahbarlarning sa’y harakatlari bilan Qusam ibn Abbosning qabri ustiga qaytadan maqbara qurildi, ziyoratxona va chillaxona ham qayta ta’mirlandi. davomi