Registon
Shuningdek, Sherdor madrasasi peshtog’iga ishlangan sher, uning belidagi odamyuzli quyosh, va orqasiga qarab hadiksirab, hurkib borayotgan ohu tasvirlari ham bu madrasaning ko’rkiga ko’rk qo’shib turibdi.
Quyosh, sher va ohu tasvirlari qanday falsafiy g’oyani anglatishi haqidagi bahslar haligacha o’zinining tugal yechimini topgan emasdir.
Sherdor madrasasining devorlarida uni qurgan usta-me’mor Abdul Jabborning va me’morchilik bezaklarini yaratgan mohir usta Muhammad Abboslarning nomlari abadiy muhrlanib qolgandir. Madrasa devorlarida, uni bunyod qildirgan
Samarqand hokimi Yalangto’shbiy Bahodirning nomi va uning nomiga bitilgan madhiya ham saqlangandir. Ushbu madrasa qurilgan paytda xalq orasida va hujjatlarda "Yalangto’shbiyning katta madrasasi" deya atalar edi, ammo, keyingi davrlarda noto’g’ri ravishda Sherdor deya atalib ketgandir.
Registon maydonida bunyod qilingan uchinchi madrasa Tillakori madrasasidir. Bu madrasa ham Yalang¬to’shbiy Bahodir tomondan barpo qilingan bo’lib, tarixiy manbalardan anglashilicha 17yil davomida qurilgandir.
Tillakori madrasasining peshtog’i ham xuddi Ulug’bek va Sherdor madrasalariniki kabi baland va ulug’vordir. XVII asrlarga kelib Amir Temur jome’ masjidi anchayin xarobaga aylangan, Registondagi Alika Ko’kaldosh masjidi esa batomom yo’q bo’lgan edi. Shu sababli, Samarqand ahli yangi jome’ masjidga ehtiyoj sezar edi. Buni yaxshi anglagan Yalantushbiy Bahodir yangi qurila¬digan madrasada hashamatli masjidni ham uyg’unlashtirishga qaror qidi. Me’morlar hukmdorni niyatini yaxshi angladilar va uni loyihaga ko’chirdilar.
Madrasa hovlisi ham bu yerga namoz o’qishga keladigan namozxonlarga qulay qilib qurildi. Masjid va madrasani bezatishda juda ko’plab oltin ishlatilganligi uchun uning devorlari yarqirab turardi. Shu sababli ham bu madrasa qurilgan davrlarda, "Yalangtushbiyning kichik madrasasi" deb atalganligiga karamay, keyinchalik, "Tillakori" degan nom bilan atalib ketdi.
Tillakori masjid - madrasasining devorlardagi koshinlar va mozaik pannolar o’z go’zalligi bilan tanho, betakrordir.
Registon maydonida qad rastlab turgan bu uch ulug’vor madrasalarda bir necha asrlar davomida yuz-yuzlab tolibi ilmlar ta’lim olganlar. Uning hujralarida tunni tongga ulab ilm sirlarini egallaganlar. Ularga o’z davrining ne-ne ulug’ allomalari ta’lim berganlar.
Bundan tashqari bu uchala madrasalarda Markaziy Osiyoning XV-XVII asrlardagi yuksak me’morchilik goyalari abadiy muhrlanib qolgandir. Registon bugungi kunlarda O’zbekiston hayotidagi muhim madaniy tadbirlarni o’tkazadigan bosh maydonga aylangandir.