Registon

1420 yili qurib bitkazilgan bu madrasa o’z salobati va go’zalligi bilan zamondoshlarining hayratiga sazovor bo’lgan edi. Madrasaning to’rt burchagida to’rtta baland minora bunyod qilinadi. Madrasaning ichki hovlisida bir necha qulay va shinam hujralar, darsxonalar yuksak mahorat bilan ikki qavatli qilib qurilgan edi. Shuningdek, madrasaning ichki va tashqi devorlari rang-barang koshinlar bilan bezatilgan edi. Madrasa hovlisidagi hovuzchada limmo-lim suv jimirlab turar, unga quyosh nuri tushgach esa, devorlardagi naqshlarga quyosh nuri urilib kishi ko’zini qamashtirarli darajada aks-berar edi. Registonda Mirzo Ulug’bek hashamatli madrasa qurishdan tashqari ulkan xonaqoh va ulug’vor karvonsaroy ham bunyod qildiradi. Buning uchun kuhna imoratlar tekislanadi. Bulardan tashqari Mirzo Ulug’bek, karvonsaroyning yaqinida yangi hammom ham bunyod qildiradi. Mirzo Hammomi nomi bilan mashhur bo’lgan bu inshoot o’z me’moriy yechimlari bilan temuriylar davri me’morchiligida alohida o’rin egallagandir. Mirzo Boburning ta’rificha, bu xildagi ajoyib hammom Movarounnahr va Xurosonda yagona bo’lgan. Shuningdek, hozirgi Registon maydonida Mirzo Shohruhning tarbiyachisi Alika Ko’kaltosh tomonidan bunyod qilingan hashamatli masjid ham qad rostlab turgan. Mirzo Bobur Samarqand haqida yozar ekan, Ulug’bek tomonidan Registon maydonida barpo qilingan Muqatta masjidini ham eslab o’tadi. Ushbu masjid Ulug’bek madrasasining janubiy tomonida qad rostlab turgan. Temuriylardan keyin Samarqand taxtiga o’tirgan shayboniylar ham bu shaharning obodonchiligi borasida katta ishlar qildilar. Tarixchi Hofiz Tanish Buxoriyning yozishicha, Abdullaxon 1581 va 1587 yillarda, ikki marta, Samarqanddagi me’morchilik yodgorliklarini ta’mirlashga farmon bergan, shu maqsadda katta mablag’ sarflangan. Registon maydoni XVII asrning boshlarida yana ulkan qurilish maydoniga aylandi. Bu yerda Samarqand hokimi Yalangto’shbiy Bahodir biri - biridan go’zal, hashamatli va ulug’vor ikki madrasasini bunyod qildirdi. Ulug’bek madrasasining qarama-qarshi tomonida qad rastlagan Sherdor madrasasini qurilishi 1619 yili boshlangan edi. Bu madrasaning loyihasini yaratgan me’morlar uni har tomonlama Ulug’bek madrasasiga o’xshatishga harakat qildilar. Shu tufayli Sherdor madrasasining peshtog’ini balandligi, moviy gumbazlari, salobatli minoralari XV asrda qurilgan Ulug’bek madrasasiga o’xshab ketadi. Ammo, Ulug’bek madrasasidan ikki asr keyin qurilgan Sherdor madrasasi uning takrori, nusxasi deyish adolatsizlik bo’lar edi. Ammo, Sherdor madrasasining koshinlari, va bezaklari faqat o’zigagina xos, betakrordir. Shuningdek, Sherdor madrasasining hovlisi va undagi hujralar ham o’z me’moriy yechimlari bilan Ulug’bek madrasasidan farq qiladi. davomi