Maxdumi A'zam memorial kompleksi

Samarqand shahrining janubiy tomonidagi Miyonqol orolida joylashgan Dahbed qo’rg’onida bir tabarruk ziyoratgoh borkim, bu joy ham bugungi kunda ko’pchilik sayyohlar uchun serqatnov manzilga aylangandir. Bu yerda, Naqshbandiya tariqatini rivojlantirishda va takomillashtirishda katta xizmatlar qilgan - axloqshunos, faqix, faylasuf va ilohiyotchi Sayyid Ahmad ibn Mavlono Jaloliddin Kosoniy abadiy uyquda yotibdilar. Bu ulug’ zot 1461 yili Axsikent viloyatining Koson kentida tavallud topgandir. Yoshligidanoq ilmga chanqoq Kosoniy dastlabki bilimni o’z yurtida olgach, so’ngra, Samarqandga ke¬lib o’qishni davom ettiradi va mavlono Muhammad Qozidan ilm - ma’rifat sirlarini o’rganadi. Sayyid Ahmad Kosoniyning kelib chiqishi payg’ambarimiz avlodlaridan bo’lganligi uchun uning va sulolasining xalq o’rtasida mavqyeyi baland edi. Kosoniy Samarqand va Toshkentda o’z bilimini oshirgach o’z yurtiga qaytib boradi va ilm-e’tiqod bilan mashg’ul bo’ladi. Shayboniy Jonibek Sulton Kosoniyga elchi yuborib katta hurmat bilan o’z saroyiga chorlaydi. Kosoniy Sultonning taklifiga rozi bo’lib, dastlab, Samarqandga keladi va so’ngra Karmanada yashay boshlaydi. So’ngra Jonibek Sulton Miyonqoldagi hozirgi Dahbed qishlog’idagi yer-suvlarni unga mulk qilib beradi. Shundan so’ng Sayyid Ahmad Kosoniy to umrining oxirigacha bu yerda yashaydi va 1542 vafot etadi. Kosoniy tariqat ilmiga qo’shgan katta hissasi va favqulodda jasorati uchun islom olamidagi eng ulug’ unvonlardan biri, Mahdumi A’zam unvoniga sazovor bo’ladi. Bu ulug’ zot tinmay ijod qildi va shariat - tariqatga, axloq va ilohiyet masalalariga oid 30 dan ortiq risolalar yozdi. Mahdumi A’zam "inson din uchun emas, balki, din inson uchun yaratilgandir» degan g’oyani o’rtaga tash¬ladi, bu g’oya o’sha davr uchun ham eng jasoratli g’oya edi. Shuningdek, Mahdumi A’zam toat-ibodatda kamtarlikni afzal bilganlar, zikr va namozning xufiya shakli, ya’ni, ortiqcha dabdabasiz va namoyishkorona bo’lmagan shaklini ma’qul ko’rganlar. Bu ulug’ zot bag’oyat kamtarona yashaganlar, to umrlarini oxirigacha o’z mehnatlari bilan kun kechir¬ganlar. Ammo, o’z davrining juda ko’plab yetuk olimlari, shoirlari va davlat arboblari Mahdumi A’zamga «qo’l berishib» murid bo’lganlar. Jumladan, Zahriddin Muhammad Bobur, Jo’yboriy xojalardan Muhammad Islom, Shayboniy hukmdorlardan Ubaydullaxon, Abdulazizxon va Jonibek Sultonlar unga murid bo’lganlar. Maxdumi A’zamning obru-e’tibori nafaqat Movarounnaxr, balki, Xuroson va Hindistonda ham juda baland edi. Shu sababli bu mamlakatlarda ming-minglab musulmonlar Maxdumi A’zamni o’zlariga pir deb bilardilar. davomi