Abu Mansur al-Motrudiy

Samarqand shahrining kuhna qismida joylashgan, bir necha yuzlab ulug’ allomalar, sayyidlar, shayxlar, imomlar va g’oziylar dafn etilgan Chokardiza qabristoni islom olamida Madinadagi Boqyea va Makkadagi Muallo qabristonlaridan keyingi sharafli uchinchi o’rinda turadi. Chokardiza guzari, so’ngra qabristoni joylashgan maydonda IX-XIII asrlarda Samarqand shahrining rabodi joylashgan bo’lib, uning g’arbiy qismida bahavo bog’lar, ko’shklar barpo qilingan. Chokardiza nomi «chokar» - lashkar, «diza» qal’a so’zlarining birikmasidan paydo bo’lib, sig’dcha lashkarlar qarorgohi, qal’asi» degan ma’noni anglatadi. Ilk o’rta asrlarda bu yerda shaharni qo’riqlashga mo’ljallangan harbiy istehkom qurilgandir. Samarqand tarixi bir muncha yoritilgan «Qandiya» va «Samariya» kitoblarida yozilishicha, bu yerda alloma Abu Is’hoq bin Ibrohim Samosiyning bog’i bo’lgan. Allo¬ma vafot etgach o’z vasiyatiga binoan uni ushbu bog’ning eng baland joyiga dafn etganlar. 944 yili shayx Abu Mansur al-Moturidiy Samarqandda vafot etgach uni ham ushbu boqqa dafn etganlar. Shu tariqa bu yerda yangi kabriston shakllana boshlagan. Chokardiza qabristoniga ayniqsa XI-XIII asrlarda juda ko’plab ulug’ allomalar dafn etilganligi tarixiy manbalarda ham qayd etilgandir. 1999 yilning dekabr oyida Prezidentimiz I.A. Karimov, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Imom Abu Mansur al-Moturidiy tavalludining 1130 yilligini nishonlash to’g’risida»gi Qaroriga imzo chekdi. Shundan so’ng Prezidentimizning shaxsiy tashabbusi va bevosita ko’rsatmalari bilan Chokardiza qabristonida, Imom Moturidiy qabri ustida memorial majmua qurilishi boshlandi. Muqaddas Chokardiza qabristoni 1948 yildan boshlab buzilganligi va uning ustida hovli joylar qurilganligi uchun O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Arxeologiya instituti olimlariga Chokardiza qabrisonini ilmiy jihatdan o’rganish va Imom Moturidiy qabrini aniqlash vazifasi topshirildi. Arxeologlar to’rt oy mobaynida Chokardiza qabristoni o’rnida tadqiqotlar olib borishib bu qabristonning umumiy maydoni va qatlamlarini aniqlashga muvaffaq bo’ldilar. Tadqiqotlar natijasida Chokardiza qabristonining umumiy maydoni 4,5 ga ekanligi, bu yerda qabrlar ayrim joylarda 5-6 qavatga yetishi aniqlandi. Shuningdek, XIV-XV asrlarda Sohibqiron Amir Te¬mur tomonidan sayyidlar uchun qurdirilgan maqbara, Imom al-Moturidiyning qabri yonida barpo qilingan masjidning poydevori, Imom Moturidiy va uning nabirasi Maxmud ibn Umar Xasan al-Moturidiy al-Ansoriyning qabrlari aniqlanib o’rganildi. Qazishmalar paytida hali shaxsiyatlari fanga noma’lum bo’lgan 30 dan oshiq allomalarning qabrlari ustiga qo’yilgan qabrtoshlar ham topildi. davomi