Imom al-Buxoriy kompleksi
Bu g’arazli va soxta hadislar el orasida tarqalib islom dini va uning Payg’ambarining obro’siga katta ziyon yetkazmoqda, ishonchsizlik tug’dirmoqda edi. Imom al-Buxoriy to’plagan haqiqiy hadislar esa o’zining to’g’riligi va mantiqliligi bilan barchaga manzur bo’ldi. Natijada islom dinining dushmanlari o’z niyatlariga yeta olmadilar. Shu sababli Imom al Buxoriy to’plagan "Al-Jome As-Sohiyhning obro’si juda oshib ketdi va uni to’plovchisini ham shonu-shuhrati islom olamiga yoyildi.
Imom al-Buxoriy xorijiy ellardan qaytgach o’z ona shahri Buxoroda yashay boshladi va ko’plab tolibi ilmlarga ta’lim bera boshladi. Ammo, hasadchilar allomani tinch qo’ymadilar, ular Al-Buxoriyni Buxoro amiri Xolid ibn Ahmad az Zuhayliyga yomonladilar. Amir Xolid ibn Ahmad Al-Buxoriyga saroyimga kelib bolalarimga ta’lim berasan, deb buyruq qiladi. Al-Buxoriy hokimning xabarchisiga: "Men ilmni xor qilib uni hokimlar eshigi oldiga olib bormayman, kimga ilmga kerak bo’lsa o’zi izlasin" - deb javob beradi.
Allomaning bu javobi hokimga yoqmaydi va unga shaharni tark etishni buyuradi.
Shundan so’ng Al-Buxoriy Samarqand tomonga yo’lga chiqib, shahar yaqinidagi Xartang qishlog’iga yetib kelib qarindoshlarinikida bir oz yashaydi va kasallanib 62 yoshida hijriy 256 yili (870 yil 1 sentyabr) vafot etadi. Uni katta izzat-ikrom bilan Xartang qishlog’idagi qabristonga dafn etadilar. Uning qabriga hashamatli maqbara quradilar. Imom al-Buxoriyning maqbarasini o’z ko’zlari bilan ko’rib ziyorat qilganliklarini XII asrda yashagan tarixchi Samaniy va XIV asrlarda yashagan sayyoh Ibn Battutalar yozib qoldirganlar.
Imom al Buxoriy "Al-jome, As-Sohiyh» dan tashqari bir necha o’nlab kitoblarning muallifidir.
Prezidentimiz I.A.Karimovning tashabbusi va ko’rsatmasi bilan Xartang qishlog’ida ulkan, hashamatli Imom al-Buxoriy majmuasi bunyod etildi. Bugun u barcha uchun tabarruk ziyoratgohga aylangandir.