Imom al-Buxoriy kompleksi

Qadimgi Samarqandning me’morchilik yodgorliklari bilan tanishgan sayyohlar ko’pincha yana bir muqaddas ziyoratgohga borishni istab qoladilar. Bu ziyoratgoh, ayniqsa musulmon mamlakatlaridan tashrif buyurgan sayyohlar uchun bag’oyat qadrlidir. Chunki, bu yerda, o’z xizmatlari bilan islom dunyosida mashhur bo’lgan ulug’ olim Imom al-Buxoriy abadiy uyquda yotibdilar. Imom al-Buxoriy dafn etilgan joy Chelak tumanidagi Xartang kishlog’i bo’lib, bu yerda Buxoro xoni Abdullaxon tomonidan qurilgan masjid ham saqlangandir. Bir necha o’n yillardan buyon qarovsiz bo’lib yotgan bu ulug’ joy 1974 yildan so’ng obodonlasha boshlagan edi, negaki, o’sha yili Imom al-Buxoriyning tavalludiga 1200 yil to’lishi munosabati bilan dunyodagi musulmon davlatlarining yirik olimlari bu yerga kelish istagini bildirgandilar. Xorijiy meh¬monlarga bu xarob joyni ko’rsatishga uyalgan Moskvalik «xo’jayin»lar maqbarani obodonlashtirishga ruxsat berishga majbur bo’ldilar. Shundan so’ng bu tabarruk ziyoratgohda katta obodonchilik ishlari bajarildi. Hozirda Imom Buxoriyning qabri O’zbekistonga tashrif buyuruvchi mehmonlar uchun tabarruk ziyoratgohga aylangandir. O’zbekiston Prezidenti Islom Karimov 1992 yilning aprel oyida Saudiya Arabistonga tashrif buyurganda podshoh Fahd ibn Abdul Aziz al Saud hazrati oliylari kamoli extirom ifodasi sifatida Prezidentimizga Ka’batullohga yopiladigan ka’bapushning katta bir bo’lagini hadya qilgan edi. Prezidentimiz I.Karimov ushbu ka’bapushni lutfan Al-Buxoriy maqbarasi majmuyiga sovg’a qildi. Shu o’rinda, Imom al Buxoriyning xotirasiga bu darajada katta ehtirom ko’rsatilishiga sabab nima ? - degan savol tug’ilishi mumkin. Bu savolga javob berish uchun gapni sal oldinroqdan boshlamoq lozimdir. Alloma Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil ibn Ibrohim ibn Al-Mug’ayra ibn Bardazbeh Al-Jufariy Al-Buxoriy hijriy 194 yilning shavvol oyini 13 kunida (810 yil 20 iyul) Buxoro shahrida tavallud topgan. Yoshilgidanoq ilmga ehtiyoji zo’r, zehni o’tkir bo’lgan Al Buxoriy, ayniqsa payg’ambarimiz hadislarini alohida mehr va ixlos bilan o’rgangan. 825 yili Al-Buxoriy onasi va akasi Ahmad bilan haj safariga jo’naydi. Haj ibodatini ado etganidan keyin esa olti yil Hijozda qolib hadis ilmi bo’yicha astoydil ta’lim olish uchun Damashq, Qohira, Basra, Kufa va Bag’dod kabi shahar¬larda bo’lib mashhur hadisshunos olimlar bilan uchrashadi. Imom al Buxoriy o’n olti yil davomida olti yuz ming hadisni ajratib, ularni tartibga solib "Al-Jome, As-Sohiyh" nomli ulkan asarni yaratadi. "Sohiyh Al-Buxoriy" nomi bilan mashhur bu asarni islom dini uchun ahamiyati g’oyatda kattadir. Negaki, islom dinining dastlabki asrlarida noaniq, chala va har-xil g’arazli maqsadlarda ataylab to’qilgan soxta hadislar ham xalq orasiga tarqalgan edi. davomi