Hazrati Xizir masjidi

Sanamlar uyumi gurillab yonib ketdi, so’ngra ularning kuli ichidan arablar 50 ming misqol oltin va kumush mixlarni yig’ib oldilar. So’ngra Qutayba namoz o’qish uchun minbar qo’yilgan ibodatxonaga kirdi va ibodat tugagach ziyofatga o’tirdi Ziyofatdan so’ng arablar tahorat qilishib yana ikki rakaat namoz o’qidilar. Shundan so’ng Qutayba o’z mirzasi Sabitga haqiqiy shartnoma matnini yozishga buyruq berdi. Haqiqiy shartnomaga avval ikki o’rtada tuzilgan muvaqqat shartnoma asos qilib olindi. Ushbu shartnoma yozilayotganda Samarqand istilosida qatnashgan 14 arab lashkarboshilari guvoh sifatida qatnashdilar. Shartnoma yozib bo’lingach barcha guvohlar imzo chekdilar, Qutayba esa o’z muhri bilan tasdiqladi. Ertasi kuni podsho Furek Qutayba bilan uchrashdi va Samarqandni qaytarib berishni so’radi, chunki ikki o’rtada tuzilgan shartnomaga ko’ra, Furek Samarqand podshosi sifatida tilga olingan, bunga Furekning o’zi ham ishongan edi. Ammo Qutayba Furekning yuziga nafrat bilan qarab: "Shahardan chiqib ket" - deya buyurdi. Furek shaharni tark etishga majbur bo’ldi. Shahar ichidagi otashparastlar ibodatxonasi vayron qilinib uning yoniga hashamatli masjid qurildi. Qutayba sanamlarni yoqmoqchi bo’lganida Furek aytgan bashorat to’g’ri chiqdimi yoki boshqa sababdanmi, 715 yili Qutayba Farg’onada o’z odamlari tomonidan o’ldirildi. Samarqand va uning atrofidagi tumanlar asta-sekinlik bilan istilo qilingach, arablar otashparastlar ibodatxonalarini vayron qildilar. Masjidlar qurishib yangi islom diniga da’vat qildilar... Shu tariqa ajdodlarimiz otashparastlik dinini unutishib sekinlik bilan islom dinini qabul qildilar...