Bibixonim maqbarasi
Samarqand me’morchilik yodgorliklarni o’rgangan arxeolog M.Ye.Massonning arxeolog Ya.Fulomovga aytishicha, Bibixonim maqbarasidagi tosh tobutlar dastlab 1871 yili Samarqand Rossiya imperiyasi tomonidan istilo qilinganidan so’ng ochilgan. Ammo, tobutlar qanday maqsadda ochilganligini M.Ye.Masson ham bilmagan.
Tosh tobutlar ikkinchi marta 1926 yili bir guruh o’g’rilar tomonidan ochilgan. O’g’rilar tobutlarni titib marhumlarni taqinchoqlarini va boshqa bezaklarini o’g’irlaganlar. Shu tufayli, toshtobutlar 1941 yili uchinchi marta ochilganida uning ichidagi suyaklar ag’dar-to’ntar bo’lib yotardi. Bibixonim maqbarasidagi tosh tobutlarning qopqoqlarida hyech qanday yozuvlar bo’lmaganligi uchun bu yerga dafn etilgan marhumlarning shaxsiyatlarini aniqlash ancha mushkul bo’ldi. Olimlar birinchi bo’lib ochilgan tosh tobutdagi malikaning shaxsiyatini aniqlay olmadilar, ammo, uni temuriylar xonadoniga mansub oliy martabali malika bo’lganligini e’tirof etdilar. Shimoliy tokchadagi ikkinchi tosh tobutga dafn etilgan marhumani Bibixonimning onasiga tegishli ekanligi aytildi.
Sharqiy tokchada joylashgan, uchinchi bo’lib ochilgan maqbaradagi eng yirik tosh tobutga dafn etilgan jasadning shaxsiyati haqida ancha bahslar bo’ldi. Shun¬ing uchun ko’plab tarixiy manbalar o’rganildi, har xil taxminlar farazlar tahlil qilindi, antropologlar jasadning yoshini aniqladilar. Skulptor M.Gerasimov marhumaning hujjatli portretini yaratdi.
Barcha dalillar, taxminlar va ilmiy xulosalar jamlanib muhokoma etilgach, tadqiqotchilar bu suyaklar Amir Temurning suyukli xotini Katta xonim-Bibixonimniki, degan qarorga keldilar.
Shu o’rinda Bibixonim shaxsiyati haqida ham ozgina to’xtalmoq lozimdir. Tarixchilarning yozishlaricha, Bibixonim, XIV asrning 40yillarida Movorounnahrga xonlik qilgan Chig’atoy xonadoniga mansub amir Qozonxonning qizi bo’lgan. Taxminlarga ko’ra u 1341 yili hozirgi Qashqadaryo vohasidagi Zanjirsaroyda tavallud topgan. Amir Qozonxon davlatda tartib o’rnatish yo’lida har xil qarshiliklarga uchrab 1346 yili bir guruh beklar tomonidan o’ldiriladi. Bu fojea yuz berganida Bibixonim 5-6 yoshlarda edi. U balog’atga yetgach amir Qozog’onning nabirasi Husayn¬ga turmushga beradilar. 1370 yili amir Xusayn Xuttalon amiri Kayxusrav tomonidan uldirilgach, Bibixonimga Amir Temur uylanadi. U xonning qizi bo’lganligi tufayli Amir Temurning haramida Katta xonim degan unvonga ega bo’ladi.
Bibixonimning go’zalligi, aql-farosati, nozik didi, keng va shafqatli qalbi haqida xalq orasida necha-necha afsonalar saqlanib qolgan. davomi