AMIR TEMUR MAQBARASI

Sohibqironni tanasini Utrordan olib kelishib Muhammad Sulton qabri yoniga dafn etdilar. Amir Temur maqbarasi Xalil Sulton hukmronligi davrida oxiriga yetgan, degan fikrlar mavjud. Ammo, u bobosi Amir Temur va Muhammad Sultonlarning jasadlarini yangi maqbaraga ko’chirib o’tkazishga ulgurmagan edi. 1409 yili Mirzo Shohruh Samarqand taxtini Xalil Sultondan tortib oladi, uni taxtdan tushirib Eronning Ray shahriga hokim qilib tayinlaydi. Mirzo Shohruh hozirgi Afg’onistonning Andhoy shahridan 1403 yilning qishida vafot etgan, otasining piri, ulug’ shayx Mir Sayyid Barakaning xokini olib keltirib yangi maqbaraga dafn etdirdi, so’ngra, Amir Temur va Muhammad Sultonlarning jasadlari ko’chirib o’tkazildi. Shu tariqa Go’ri Amir maqbarasi temuriylar sulolasining xilxonasiga aylandi... Mirzo Shohruh Samarqand taxtiga o’g’li Ulug’bekni o’tqazib o’zi Xurosonga qaytib ketadi... Samarqandda barpo qilingan bu ulug’vor maqbara haqida juda ko’p yozilgan. Ne-ne sayyohlar uning salobati va ulug’vorligi oldida lol qolmagan deysiz. Maqbara ikki qavatli bo’lib uning pastki qavatida sag’ana ustida esa ziyoratxona qurilgan. Sag’ana va ziyoratxona ustida dumaloq shaklli, sakkiz qarrali inshoot qurilgan. Maqbaraning moviy gumbazi ham ikki qavatli bo’lib, ularning orasidagi markaziy bino ichini o’ta isib yoki sovub ketishdan saqlagan. Maqbaraning ikki yonida ikki ulug’vor minora ko’kka bo’y cho’zib turibdi. Dastlabki loyihaga ko’ra maqbaraga shimoliy tomonidan kirilgan, Mirzo Ulug’bek o’z hukmronligi davrida bu eshikni yopib sharqiy tomonda galereya qurgan va yangi eshik ochgan. Maqbaraning ichki va tashqi devorlari, gumbazi, rang-barang koshinlar, naqshlar bilan qoplangan. Shuningdek, devorlarga Qur’ondan suralar yozilgandir. Ayniqsa, maqbara gumbazning ichki tomonida oltin suvi bilan ishlangan nafis, jimjimador naqshlar barchani hayratga soladi. Maqbara hovlisiga Cho’ponotadan keltirilib silliqlangan toshlar yuksak did bilan terilgan. Yuqorida aytganimizdek, maqbara sag’ana va ziyoratxonadan iborat bo’lib, sag’anada haqiqiy jasadlar dafn etilgan. Yuqoridagi ziyoratxonada esa pastdagi qabrlarning aynan nusxalari yasalgandir. Shu sababli, ko’pchilik, haqiqiy jasadlarni qayerda ekanligini ham chalkashtiradilar. Pastdagi sag’ana har qanday bezaklardan xoli, oddiy qurilgan bo’lsa, ziyoratxona o’ta hashamatli qilib bezatilgandir. Bu yerdagi qalbaki qabrlar atrofi qimmatbaho aqiq (oniks) toshdan, jimjimador qilib yasalgan panjara bilan o’ralgan. Gumbazning shiftiga esa charog’on nur sochuvchi qimmatbaho qandil osilgan. davomi