Alisher Navoiy nomidagi Samarqand Davlat Universiteti

llmiy va ilmiy pedagogik kadrlar tayyorlash bo'limi

english . russian . uzbek

«To’qqizinchi - o’n beshinchi asrlarda ma’rifatli dunyo Buxoriylar, Farg’oniylar, Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Ulug’beklarni qanchalik izzat-ikrom qilgan bo’lsa, yigirma birinchi asrda biz xalqimiz, millatimizga nisbatan ana shunday ehtiromni qaytadan qo’lga kiritishimiz kerak. O’sha davrda ulug’ ajdodlarimiz asos solgan va olamga dong taratgan ilmiy maktablarni zamonaviy shaklda qaytadan tiklashimiz lozim».

Islom Karimov

 

SAMARQAND DAVLAT UNIVERSITETI VATANIMIZNING NUFUZLI OLIY TA’LIM MUASSASASI

Samarqand shahrining ilm-fan va ta’lim sohasida jahonga tanilishida Alisher Navoiy nomidagi Samarqand Davlat universitetining o’rni beqiyosdir. Chunki Samarqand Davlat universitetini dunyoda o’zining ilm-fani, maorif va arxitektura-qurilish inshootlari bilan mashhur bo’lgan Temuriylar davri madrasai oliyalari, xususan Ulug’bek akademiyasining boy tarixi va shonli an’analarining davomchisi deyish mumkin.

Bugungi kunda SamDU Markaziy Osiyodagi eng qadimgi va yirik oliy ta’lim muassasalaridan bo’lib, u rasmiy ravishda XX asrning boshlaridan faoliyat ko’rsatayotgan bo’lsada, uning tarixiy ildizlari Mirzo Ulug’bek davriga borib taqaladi (XV-XVI asrlar). Chunki ilmu-fan, ma’naviyat va ma’rifat targ’ibotchilari bo’lgan temuriylar hukmronligi davrida Movarounnahr hududida, xususan, Samarqand shahrida fan va ta’lim taraqqiyoti uchun ijodiy muhit va iqtisodiy asos yaratilgan edi.

SamDUning jahondagi nufuzli ilmiy va o’quv markazlari orasida alohida mavqyega ega bo’lishida uning bag’rida shakllangan ko’plab ilmiy maktablar va muammoviy ilmiy tadqiqotlar laboratoriyalarining o’rni alohida ahamiyat kasb etadi.

 

SAMDU ning ILMIY MAKTABLARI

SamDUning jahondagi nufuzli ilmiy va o’quv markazlari orasida alohida mavqyega ega bo’lishida ko’plab ilmiy maktablar va muammoviy ilmiy tadqiqot laboratoriyalarining o’rni beqiyosdir. Ular ichida quyidagilar o’z salohiyati bilan ajralib turadi:

O’ZBEK ADABIYOTSHUNOSLIGI ilmiy maktabiga 1920-1930-yillarda asos solingan bo’lib, uning asoschilari Abdurauf Fitrat, Abdurahmon Sa’diy, Sadriddin Ayniy, akademik Vohid Abdullayevlar hisoblanadilar. Keyinchalik bu yo’nalish professorlar Rahim Muqumov, Orif Ikromov, Nuriddin Shukurov, Boturxon Valixo’jayev, Saydullo Mirzayev, Isroil Mirzayev, Hotam Umurovlar tomonidan rivojlantirildi. O’zbek adabiyotshunosligi maktabidagi eng muhim yo’nalishlardan biri navoiyshunoslik yo’nalishidir. SamDU navoiyshunoslari respublikada taniqli bo’lib, alohida nufuzga egadirlar. Vohid Abdullayev va Boturxon Valixo’jayevlarning O’zFA akademigi bo’lishlari ham navoiyshunoslar maktabining nufuzini ko’rsatadi. Bugungi kunda ustozlar an’analarini Muslihiddin Muhiddinov, Rahmonqul Orzibekov, Qobiljon Tohirov, Dilorom Salohiy va ularning shogirdlari-Navoiy hayoti va ijodining yangi, noma’lum qirralarini topish va yoritish istagidagi izlanishlarini davom ettirmoqdalar. O.Ikromov, N.Shukurov kabi olimlar tomonidan o’zbek adabiyoti tarixining dolzarb muammolari, o’zbek adabiyotining X V - XIX asrlardagi tarixi, o’zbek lirik poeziyasining janrlari va poetikasini tadqiq etish, poetik matn masalalari kabi tadqiq etilishi lozim bo’lgan mavzularda ilmiy izlanishlar olib borganlar. XX asr o’zbek adabiyotining muhim qirralari uning o’ziga xos jihatlarini hamda istiqlol va o’zbek adabiyoti masalalari, badiiy mahorat qudrati, badiiy psixologizm va hozirgi o’zbek romanchiligi, she’riyat va badiiy tafakkur yo’nalishlari bo’yicha boshlangan an’ana S.Mirzayev, H.Umurov, Sh.Hasanovlar hamda ularning izdoshlari tomonidan davom ettirilmoqda. Mustaqillik yillarida ushbu maktab vakillari erishgan eng yirik yutuqlar sifatida akad. B.Valixo’jayevning 1997 yilda Tehronda nashr qilingan «Xo’ja Ahrori Vali» (2001 y.) va «Samarqandda oliy ta’lim - madrasayi oliya-universitet tarixidan lavhalar» (Samarqand, 2001 yil) monografiyalarini hamda «Mirzo Ulug’bek davri madrasalari» (Samarqand, 2001 yil) risolasini ko’rsatish mumkin. Jumladan, olimning "Mirzo Ulyg’bek davri madrasalari" kitobida XIV-XV asrdagi ta’lim muassasalari vazifasini bajargan madrasalar haqidagi ma’lumotlar, shuningdek ilk bor O’zbekistonda oliy ta’lim tizimi tarixiga oid ma’lumotlar keltirilgan. Ilmiy maktab vakillari istiqbolda o’zbek adabiyoti tarixining dolzarb muammolari (qadimdan XVI asrlargacha), o’zbek adabiyotining XV-XIX asrlardagi tarixi, tasavvuf va o’zbek-klassik adabiyoti, o’zbek xalq og’zaki poetik ijodi, ta’lim tizimida, mumtoz adabiyotni o’rganish muammolari, hozirgi o’zbek adabiyotida janrlar va uslublar rang-barangligi muammolari bo’yicha izlanishlar olib borishni rejalashtirganlar.

O’ZBEK TILSHUNOSLIGI ilmiy maktabi. Samarqand tilshunoslik maktabining poydevorini XX asrning 20-30-yillarida D.Polivanov, Abdurauf Fitrat, G’ozi Olim Yunusovlar qo’yishgan. Ular safini 30-yillarda Sayid Rizo Alizoda, 40-yillarda esa Ulyg’ Tursunovlar to’ldirishdi. O’zbek tilshunosligi Samarqand ilmiy maktabining shakllanishi va tanilishida Ulyg’ Tursunovning xizmatlarini alohida e’tirof etmoq lozim. U 1936 yildan 1971 yilgacha Alisher Navoiy nomidagi SamDUda kafedra mudiri bo’lib ishlagan. Keyinchalik bu maktabni ravnaq topishida professorlar X.Berdiyorov, X.Doniyorov, R.Qo’ng’upov, N.Rajabovlarning xizmati katta bo’lgan. Xozirgi kunda SamDUda ushbu ilmiy yo’nalishda fan doktorlari- professorlar B.O’rinboyev, S.Karimov, I. Mirzayev,B. Yo’ldoshev va o’nlab fan nomzodlari faoliyat ko’rsatmoqda. O’tgan davr mobaynida o’zbek tilshunosligi ilmiy maktabining Samarqanddagi vakillari o’zbek dialektologiyasi, til tarixi, hozirgi o’zbek adabiy tili, nutq madaniyati va stilistikasi, leksikografiya, o’zbek mumtoz adabiyotidagi sufizm terminologiyasini lingvistik talqin qilish, mustaqillik davridagi o’zbek tili lug’at tarkibining holati, o’zbek tilining badiiy uslubi, badiiy uslub va tilning ifoda-tasvir vositalariga oid tadqiqotlar olib borib, o’zbek tilshunosligining dolzarb muammolarini hal etishda munosib ishtirok etib kelayapti.

SamDUdagi adabiyotshunoslik va tilshunoslik maktablarining mintaqamizdagi roli beqiyosdir. Ushbu maktablar Samarqand shahridagi, shuningdek Buxoro, Navoiy, Qarshi, Termiz, Jizzax viloyatlaridagi oliy ta’lim muassasalari uchun ko’plab kadrlar tayyorlab berdi.

TARIXCHILAR ilmiy maktabiga O’rta Osiyo xalqlari tarixining chuqur bilimdoni professor Po’lat Soliyev va XIX-XV asr temuriylar davri manbashunosligining mutaxassisi professor I.Umnyakovlar asos solishgan deyish mumkin. Tarixshunoslik maktabining rivojlanishida akademik I.Mo’minov va professorlar Yu.Aleskerov, M.Aminov, M.Abramov, M.Egamberdiyev, A.Tilavov, F.Haydarovalarning ilmiy va ilmiy-pedagogik faoliyatlari alohida o’rin tutadi. Ular o’zlarining izlanishlari va yetuk mutaxasislar tayyorlash faoliyatlari bilan oliy ta’lim muassasamiz nufuzini ko’tarib keldilar. Bugungi kunda Samarqand davlat universiteti o’zining tarixchi olimlari professorlar Sh.Pirimqulov, I.Saidov, Sh.G’afforov, dosentlar M.Xudoyberdiyev, X.Mamaraximov, B.To’raqulov, M.Nasrullayev, A.Malikov va boshqalar bilan faxrlanadi.

ARXEOLOGIYA ilmiy maktabi. SamDUda arxeologiya bo’yicha ilmiy yo’nalishga 1944-1945 o’quv yillarida asos solingan bo’lib, uning asoschilari sifatida akademik Yahyo Fulomov va professor D.Levlarni ta’kidlash lozim. Bugungi kunda professorlar M.Jo’raqulov va T.Shirinov, dosentlar N.Avanesova, A.Berdimurodov, N.Xolmatov va boshqalar tomonidan O’zbekiston ilk jamoalari madaniyatining Turon markazi, Turon zamini ibtidoiy davr moddiy madaniyati, bugungi kunda uning mohiyati, kelib chiqish ildizlari, madaniy an’analarning shakllanishi (ilk va qadimgi jamiyatlar), qadimgi jamiyat madaniyatining o’ziga xos xususiyatlari, urbanizmgacha bo’lgan madaniyatning genezis i va rivojlanish dinamikasi tarqqiyoti O’zbekiston ma’naviy madaniyati va o’ning Markaziy Osiyo xalqlari madaniyatida tutgan o’rni muammolari yunalishida tadqiqotlar olib borishmoqda. Ayniqsa, Samarqandda shaharsozlik madaniyati hamda uning tarixiga oid qimmatli materiallar to’plandiki va bu daliliy ashyolar Samarqandimizning yoshini 2750 yilga tengligini isbotladi. Ilmiy izlanishlar AQSh, Italiya, Fransiya, Rossiya olimlari hamda O’zFAning Arxeologiya instituti olimlari bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda va bu sohani yanada kengroq ko’lamda rivojlantirish ko’zda tutilmoqda.

FALSAFA ilmiy maktabi. Samarqand falsafa maktabi 1930-1940 yillarda akademik Ibrohim Mo’minov rahbarligida shakllantirilgan bo’lib, keyinchalik uning ilmiy rahbarligida M.Xayrullayev, S.Shermuhammedov, A.Axtamovlar falsafa fanlari bo’yicha doktorlik dissertasiyalarini yoqladilar. Ushbu maktabning bugungi kundagi yutuqlari professorlar O.Bozorov, H.Karimov, B.Normurodov, J.Yaxshilikov, Sh.Qo’shoqov kabi olimlar va ularning shogirdlarining ilmiy tadqiqotlari bilan boyitildi. Hozirda maktab vakillari Markaziy Osiyo ma’naviy taraqqiyotining falsafiy muammolari (umumbashariy va mintaqaviy jihatlar), O’zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy taraqiyotining obyektiv va subyektiv omillari, O’zbekistonda demokratik qurish nazariyasi va amaliyoti muammolarini o’rganishga qaratganlar.

Falsafa maktabi tarkibida sosiologiya va ijtimoiy ish mutaxassisliklari rivojlanib, yangi mustaqil yo’nalish sifatida shakllanib bormoqda (B.Normurodov, S.Karimov, N.Bo’riyev, A. Ro’zimurodov). Istiqbolda Markaziy Osiyoning hozirgi davr sivilizasiyasi va ijtimoiy integrasiya muammolari, miliy ma’naviy qadriyatlar tiklanishining O’zbekistonda demokratik jamiyat qurishdagi o’rni kabi yo’nalishlarda tadqiqotlar olib borish rejalashtirilmoqda.

PEDAGOGIGA-PSIXOLOGIYA ilmiy maktabi 1960 yillarda prof. A.Yefimovning bevosita sa’yi-harakatlari natijasida yaratilgan, keyinchalik prof. N.Shodiyev va dos. B.Rahimovlar tomonidan uning tadqiqotlar ko’lami kengaytirilgan. Bygyngi kunda SamDUda professorlar N.Shodiyev, M.Quronov, va X.Ibragimov, dosentlar M.Xalilov, M.Ashurov, A.Abduaxatovlar rahbarligida kasb tanlashga bo’lajak o’qituvchilarni tayyorlash, o’quvchi yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda milliy madaniy merosdan foydalanish, ichki ishlar xodimlarining muloqot psixologiyasi, talabalarda oila psixologiyasi yo’nalishlarida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borilmoqdalar. Ushbu maktabning kelajakdagi tadqiqotlari oliy o’quv yurtlari ta’lim tizimida talabalarni ma’naviy-axloqiy tarbiyalashning ilmiy-pedagogik asoslari, hozirgi zamon psixologiyasining dolzarb muammolari, talabalarda o’z-o’zini tarbiyalash psixologiyasi, yoshlar psixologiyasi, bolalar psixodiagnostikasiga qaratilmoqda.

MOLEKULYAR OPTIKA ilmiy maktabi - Sankt-Peterburg universiteti professori M.Vuksning bevosita tashabbusi va yordamida akademik Akbar Otaxo’jayev tomonidan 1960 yillarda yaratilgan. Maktabning ayni paytdagi vakillari professorlar F.Tuxvatulin, L.Sobirov, N.Nizomov, Sh.Fayzullayev, F.G’aniyev, A.Jumaboyev va U.Toshkenboyevlar rahbarligida yorug’likning molekulyar sochilishi va yutilishi muammolari, yorug’likning kombinasion sochilishi, infraqizil spektroskopiya, nochiziqli optik jarayonlar, molekulyar lyuminessensiya, gaz va suyuq aralashmalarning tebranish spektrlarini o’rganish, lazer spektroskopiyasi sohalarida izlanishlar olib bormoqda. Bu sohadagi turkum ishlar uchun akademik A.Otaxo’jayev, prof.L.Sobirov Beruniy davlat mukofotiga sazovor bo’lishgan. Optika va spektroskopiya kafedrasi hamda molekulyar optika maktabi bazasida juda ko’p yillardan beri 01.04.05. optika mutaxassisligi bo’yicha aspirantura va doktorantura, nomzodlik dissertasiyalarini bo’yicha ixtisoslashgan ilmiy kengash faoliyat ko’rsatib kelmoqda. Ushbu maktab namoyondalari tomonidan ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashga ham juda katta e’tibor qaratilmoqda. Keyingi yilllarda bu maktab tarbiyalanuvchilari orasidan O’zbekiston Respublikasi Prezidenti stipendiyasi g’oliblari: L.To’raqulov, Sh.Nizamov, B.Osmanovlar yetishib chiqdi, bundan tashqari har yili 2-3 nafar tadqiqotchilar fan nomzodi ilmiy darajasini olishga muvaffaq bo’lishmoqda.

YADRO va KOSMIK NURLAR FIZIKASI ilmiy maktabi – 1940 yillarda professor Muso Mo’minov tomonidan shakllantirilgan bo’lib, hozirda akad. T.Mo’minov, prof.U.Salixbayev, prof.B.Mahmudov, prof.R.Ibodov, dos.A.Safarovlar tomonidan rivojlantirilmoqda. Ilmiy maktabda O’zFA Yadro fizikasi instituti, O’zMU qoshidagi Amaliy fizika ilmiy tadqiqotlar instituti, Dubna shahridagi Birlashgan yadro tadqiqotlari instituti olim-mutaxassilari bilan o’zaro qamkorlikda radioaktiv nurlanishlarning moddalar bilan ta’sirlashuvi, radioaktiv nurlanishlarning o’simliklarga ta’siri, yadro va elementar zarralar fizikasi, tezlatgichlar texnikasi, kosmik nurlar va astrofizika, kvant maydonlar nazariyasi sohalarida ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda. Bugungi kunda Yadro fizikasi laboratoriyasi akademik Tolib Mo’minovning ilmiy rahbarligida Markaziy Osiyoda yagona bo’lmish «Mikrotron-22S», «Impuls-3M» elektron tezlatgichlar, ion manbalari, fotoyadro reaksiyalarini o’rganuvchi eksperimental qurilma, gamma-spektrometr va zamonaviy kompyuterlar yordamida jahon miqyosida tan olinadigan fundamental tadqiqotlar, shuningdek elektromagnit nurlanishlarning moddalarga ta’siriga oid amaliy izlanishlar izchillik bilan davom ettirilmoqda.

MAGNIT HODISALARI FIZIKASI ilmiy maktabining shakllanishi va bugungi kundagi nufuzi professor, fizika-matematika fanlari doktori, Xalqaro Pedagogika Fanlari akademiyasi a’zosi Obloqul Quvondikovning sermahsul ilmiy va ilmiy-pedagogik faoliyati bilan bevosita bog’liqdir. Bo’lajak olim 1970 yillarda MDUda nomzodlik dissertasiyasi ustida ishlash bilan bir qatorda Samarqandda moddalarning magnit xususiyatlarini o’rganishga ixtisoslashgan muammoviy ilmiy tadqiqot laboratoriyasini ochishga yetarli bo’lgan moddiy-texnik baza va kadrlar salohiyatini shakllantirishga qaratilgan tashkiliy-uslubiy faoliyatni amalga oshirdi. Jumladan, Moskva va Yekaterinburg shaharlaridan ilmiy asbob-uskunalar olib kelindi, jahonga taniqli olimlar Vonsovskiy va Kondorskiy yaratgan ilmiy maktablar bilan mustahkam aloqalar o’rnatildi hamda shu markazlarda yuqori malakali kadrlar tayyorlash yo’lga qo’yildi. Bugungi kunda O.Quvondiqov o’zining shogirdlari dosentlar X.Shakarov, I.Suvonqulov, N.Hamrayev, R.Rajabovlar bilan O’zbekistonda birinchilardan bo’lib, siyrak yer elementlarining elektr, magnit va galvanomagnit xususiyatlari, shuningdek Ni-Cu sistemasiga kiruvchi qotishmalarning magnit qabul qiluvchanligi va Xoll effekti laboratoriya sharoitida tadqiq etib, nufuzli ilmiy jurnallarda maqolalar chop etishmoqda, OO’Yular va ilmiy tadqiqot institutlari uchun malakali kadrlar yetkazib berishmoqda. Mana bir necha yillardan buyon 01.04.11 magnit hodisalari fizikasi bo’yicha nomzodlik dissertasiyalari himoyasi bo’yicha ixtisoslashgan kengash faoliyat ko’rsatmoqda.

DIFFERENSIAL TENGLAMALAR va MATEMATIK FIZIKA ilmiy maktabi – 1940-1950 yillarda SamDU professori, O’zFA a’zosi I.Kukles, akademiklar M.Yevgrafov va M.Lavrentevlar tomonidan asos solingan. Maktab vakillari professorlar Sh.Yarmuhammedov, A.Haydarov, A.Xotamov, S.Laqayev, I.Ikromov va boshqalar tomonidan fizikaning klassik tenglamasi uchun Koshi masalasini yechishning yangi usuli ishlab chiqildi, bu usul elastiklik nazariyasida va yadro fizikasi eksperimentlarini tushuntirishda o’z tadbig’ini topdi. Panjaradagi ikki, uch va to’rt darajali Shredinger operatorlarining spektral xossalari tadqiq qilinmoqda. Bu yo’nalishdagi tadqiqotlar Germaniya ilmiy tadqiqotlar markazi bilan hamkorlikda olib borilmoqda. Mazkur maktab vakillari matematik tahlil va matfizikaning nokorrekt masalalari, differensial tenglamalarning sifat nazariyasi yo’nalishlarida ham tadqiqotlar olib borishmoqda.

ALGEBRA VA SONLAR NAZARIYASI ilmiy maktabi – professor N.Romanov va dosent R.Iskandarovlar tomonidan 1940-1950 yillarda asos solingan bo’lib, ilmiy maktab vakillari algebra va sonlar nazariyasi muammolari bilan shug’ilanagan. Bugungi kunda professorlar X.Narzullayev va A.Soleyevlar rahbarligida robototexnikada yuzaga keladigan algebraik egri chiziqlarni lokal tahlil qilish masalalari, Minkovskiy teoremasini umumlashtirish, ikki xil qirarali graflarning rekkurent funksiyalarini tadqiq qilish hamda singulyar integrallarni taqribiy hisoblashning optimal algoritmlarini yaratish masalalari yo’nalishlarida izlanishlar olib borilmoqda.

BOTANIKA ilmiy maktabi – professorlar Ye.Proskoryakov, J.Qabulov, M.Ikramovlar tomonidan 1960 yillarda shakllantirilgan bo’lib, maktab vakillari botanikaning nazariy va amaliy muammolari, yem-xashak, dorivor o’simliklar yetishtirishning ba’zi muammolari hamda o’simliklar fiziologiyasi yo’nalishlarida ilmiy-tadqiqotlar olib borishgan. Keyinchalik shu ilmiy maktab vakillari professorlar N.Amirxanov, J.Xo’jayev va ularning shogirdlari (X.Keldiyorov, M.Normurodov, F.Qobilova va h.k.) tomonidan Zarafshon vodiysida o’sayotgan dorivor o’simliklarning resurslari va biologiyasi, g’o’zaninig optimal mineral oziqlanishi va unga elektrotexnologiyaning ta’siri, yangi yem-xashak o’simliklarning biologiyasi muammolari mavzularida ilmiy ishlar bajarilmoqda.

ZOOLOGIYA ilmiy maktabi – professorlar I.Turkevich, A.Sagitovlar tomonidan 1940 yillarda tashkil qilingan. Uning asosiy ilmiy-tadqiqotlari sohasi ornitologiya bo’lib, hozirgi paytda maktab namoyondalarining izlanishlari O’zbekistonning quruqlikda yashovchi umurtqali va umurtqasiz hayvonlar faunasi, ularning ayrim guruhlarining ekologiyasi va muhofazasi mavzusi hamda O’zbekiston tereofaunasining shakllanishi va sut emizuvchilarning ekologiyasini o’rganish mavzulariga qaratilgandir. Hozirgi paytda mazkur ilmiy maktab vakillari professor J.Laxanov, dosentlar A.Jabborov, S.Fundukchiyev va boshqalar janubiy-g’arbiy O’zbekiston hayvonot dunyosining faunasi, ekologiyasi va muhofazasi hamda ulardan oqilona foydalanish, Zaravshon vodiysida qishloq xo’jaligi zararkunandalari va parazitlarining biologiyasi va ekologiyasini o’rganish va ularga qarshi kurash choralarini ishlab chiqish yo’nalishlarida izlanishlar olib borishmoqda.

BIOKIMYO va TUPROQSHUNOSLIK ilmiy maktabi 1960 yillarda professor Mark Rish tomonidan tashkil qilingan mikroelementlar muammoviy ilmiy tadqiqot laboratoriyasi bazasida shakllandi. Laboratoriya xodimlari O’zFA Qorako’lchilik ilmiy tadqiqot instituti olimlari bilan hamkorlikda yaylovli yerlar tuprog’ining hosildorligini yaxshilash, hayvonlar qon tarkibining biokimyoviy xususiyatlari masalalari (dos.A.Kavaz-Ogli, V.Oni ù yenko, Ye.Fedirko) bilan shug’ullanganlar. Keyinchalik akad. J.Sattorov, prof. Sh.Xoliqulov va dos.M.Nosirovlar rahbarligida laboratoriya kengayib, O’zbekiston tuproqlari bonitirovkasi va kadastr kartasini tuzish, tuproq tarkibidagi mikroelemnetlar miqdorini aniqlash ishlari yo’lga qo’yilgan. Ilmiy maktab vakillari Zaravshon vohasidagi sug’oriladigan tuproqlarining bonitet ballarini belgilash va ularning xaritasini yaratish, tuproq ekologiyasi (og’ir metallar miqdorini aniqlash va ularni kamaytirish usullarini ishlab chiqish), shahar aholisi organogen chiqindilaridan organo-mineral o’g’itlar tayyorlash, organik va mineral o’g’itlarning g’o’za va boshqa qishloq xo’jalik ekinlari hosildorligiga ta’sirini o’rganish bo’yicha ilmiy ishlar olib bormoqdalar.

ORGANIK va ANALITIK KIMYO ilmiy maktabi faoliyati dots. N.Zokirov, prof. Yu.Kurbatov tomonidan 1950-1960 yillarda yangi moddalarni sintez qilish va moddalar tarkibini analitik nazorat qilish usullarini ishlab chiqishdan boshlangan. 1987 yilda ushbu maktab vakillari professorlar T.Hamroqulov, A.Nasimov va dos. A.Abdurahmonovlar «Tabiiy xom-ashyolarni, ba’zi sanoat va oziq-ovqat chiqindilarini analitik nazorat qilish uslublarini ishlab chiqish» turkum tadqiqotlari uchun Beruniy nomidagi davlat mukofotiga sazovor bo’ldilar. Bugungi kunda maktab namoyondalari professor E.Abdurahmonov, dosentlar E.Lutfullayev, Z.Normurodov, U.Norqulov, A.Berdiyevlar gazoanalitik asbob (sensor)larning yangi modifikasiyalarini yaratish, neft va gazni qayta ishlash komplekslari uchun avtomatik tizimlar yaratish va ekologik monitoringni yo’lga qo’yish, havo, suv va tuproq tarkibidagi moddalarning ekspress analizi uslubini yaratish, qon tarkibidagi organik moddalar tahliliga oid tadqiqotlar ustida izlanishlar olib bormoqdalar.

TABIIY GEOGRAFIYA va GEOEKOLOGIYA ILMIY maktabi – 1960 yillarda shakllana boshlagan bo’lib, uning rivojlanishida professorlar M.Umarov, A.Abulqosimov, L.Alibekovlarning hissalari kattadir. Bugungi kunda mazkur ilmiy maktab vakillari Markaziy Osiyo va Zaravshon vohasining tabiiy geografiyasi, landshaftshunosligi, yo’llanish muammolari va geoekologiyaga oid tadqiqotlar bilan shug’ullanmoqdalar. Shuningdek, geografiya fakultetida Italiya va Belgiyalik olimlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan o’quv-ilmiy tadqiqot markazi - «Urbalayf» laboratoriyasi faoliyat ko’rsatmoqda.

IQTISODIY NAZARIYA ilmiy maktabi – 1930 yillarda professorlar N.Bixovskiy, A.Revalar tomonidan asos solingan bo’lib, uning so’nggi yillardagi rivojida professorlar Yu.Dunayev, K.Saidov, E.Aliqulovlarning hissalarini e’tirof etish lozim. O’zbekiston mustaqillikka erishgandan so’ng bu maktab vakillarining ilmiy tadqiqotlari asosan bozor munosobatlarining shakllanishi, xususiy mulk, aholi daromadi va mehnat taqsimoti, ijtimoiy mahsulot ishlab chiqarish, resurslardan foydalanishning ilmiy asoslarini yaratish, bir so’z bilan aytganda, iqtisodiyotning asosiy qonuni bo’yicha yangicha qarashlar ustida izlanishlar olib bormoqdalar.