|
Aspirantura (doktorantura) to'g'risida
Ushbu Nizom O'zbekiston Respublikasining "Ta'lim to'g'risida"gi va "Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to'g'risida"gi Qonunlariga muvofiq hamda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006 yil 7 avgustdagi PQ-436 sonli "Fan va texnologiyalar rivojlanishini muvofiqlashtirish va boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi Qarorida belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda ishlab chiqilgan bo'lib, oliy o'quv yurtidan keyingi ta'lim, xususan aspirantura, ad'yunktura va doktoranturalarni tashkil etish; oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarni (fan nomzodlari va fan doktorlari) tayyorlash tartibi; aspirant (ad'yunkt) va doktorantlar, ularning ilmiy rahbarlari (maslahatchilari), oliy ta'lim muassasalari (OTM) va ilmiy-tadqiqot muassasalari (ITM)ning vazifalari, huquq va majburiyatlarini belgilab beradi. Mustaqil tadqiqotchilik yo'li bilan fan nomzodlari va doktorlarini tayyorlash masalalari oliy ta'lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari zimmasiga yuklatiladi. Aspirantura (ad'yunktura) - yagona uzluksiz ta'lim tizimining oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashga yo'naltirilgan tarkibiy qismidir. Aspirant - OTM yoki ITMning aspiranturasiga belgilangan tartibda qabul qilingan va ma'lum mutaxassislik bo'yicha nomzodlik dissertatsiyasi ustida ilmiy ish olib borayotgan mutaxassislik yoki magistrlik diplomiga ega bo'lgan oliy ma'lumotli izlanuvchi. Ad'yunkt - oliy ta'lim yoki ilmiy-tadqiqot muassasasining ad'yunkturasiga belgilangan tartibda qabul qilingan va harbiy yo'nalishdagi alohida dastur asosida ma'lum mutaxassislik bo'yicha nomzodlik dissertatsiyasi ustida ilmiy ish olib borayotgan mutaxassislik yoki magistrlik diplomiga ega bo'lgan oliy ma'lumotli izlanuvchi. Doktorantura - yagona uzluksiz ta'lim tizimining oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashga yo'naltirilgan aspiranturadan keyingi tarkibiy qismidir. Doktorant - fan nomzodi ilmiy darajasiga ega bo'lgan va oliy ta'lim yoki ilmiy-tadqiqot muassasasining doktoranturasida ma'lum mutaxassislik bo'yicha doktorlik dissertatsiyasi ustida ilmiy ish olib borayotgan izlanuvchi. II. OTM VA ITMDA ASPIRANTURA (AD'YUNKTURA)LAR FAOLIYATINI TASHKIL ETISH Aspirantura - oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar hamda zamonaviy ilmiy tadqiqot bazasiga ega bo'lgan OTM yoki ITMda tadqiqotchilarning ilmiy tadqiqot olib borish usullari va vositalarini o'rganishlari, yuqori saviyada mustaqil ilmiy, pedagogik va tarbiyaviy ish olib borish qobiliyatini egallashlari uchun ochiladi. Tegishli mutaxassislik bo'yicha aspirantura Fanlar Akademiyasi (FA), vazirlik va idoralar tomonidan O'zR Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestasiya komissiyasi (OAK) bilan kelishilgan holda "Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar mutaxassisliklari ro'yxati"ga muvofiq ochiladi. Muayyan mutaxassisliklar bo'yicha oliy malakali kadrlar (fan doktorlari va nomzodlari) hamda zamonaviy ilmiy-tadqiqot bazasiga ega bo'lgan OTM va ITMlari aspirantura ochishning maqsadga muvofiqligi to'g'risidagi asoslangan takliflarini idoraviy bo'ysinuviga muvofiq tegishli vazirlik va idoralarga taqdim etadilar. Taklifga OTM yoki ITM ilmiy kengashining Qarori, aspirant (ad'yunkt)lar tayyorlanadigan mutaxassisliklar va shu mutaxassisliklar bo'yicha to'liq shtatda faoliyat ko'rsatayotgan fan doktorlari hamda ilmiy rahbarlik huquqiga ega bo'lgan fan nomzodlari ro'yxati kadrlar bo'limi tomonidan tasdiqlangan holda ilova qilinadi (1 ilova). FA, vazirlik va idoralar o'z tasarrufidagi muassasalaridagi aspiranturalar faoliyatini nazorat qilib boradilar va ularga ilmiy-uslubiy rahbarlik qiladilar. Respublika OTM va ITMlarining aspiranturalari o'rnatilgan tartibda Davlat attestsiyasi va akkreditasiyasidan o'tkaziladi. Aspiranturani yopish to'g'risidagi qaror aspirantura faoliyatini attestasiyadan o'tkazish natijalarini jiddiy o'rganish va tahlil qilish asosida qabul qilinadi. Aspiranturaga Davlat grantlari bo'yicha yillik qabul rejalari Davlat akkreditasiyasidan o'tgan mutaxassisliklar bo'yicha FA, vazirlik va idoralar tomonidan Moliya vazirligi ajratgan mablag' hajmidan kelib chiqqan holda ishlab chiqiladi. Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni aspirantura orqali to'lov-kontrakt asosida tayyorlash OTM va ITMlar tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi. Aspiranturalarga qabul tasdiqlangan Davlat buyurtmasiga asosan FA, vazirlik va idoralar, OTM va ITMlarning ommaviy axborot vositalarida bergan e'lonlariga muvofiq odatda tanlov asosida amalga oshiriladi. Aspiranturaga ilmiy izlanish olib borish qobiliyatiga ega, o'zini istiqbolli ilmiy yoki ilmiy-pedagog xodim sifatida namoyon eta olgan, odatda 30 yoshdan oshmagan, mutaxassislik yoki magistrlik diplomiga ega bo'lgan oliy ma'lumotli izlanuvchilar 3 yillik muddatga qabul qilinadilar. Aspiranturaga qabul qilinuvchining tanlagan mutaxassisligi odatda magistrlik mutaxassisligiga mos bo'lishi lozim. Aspiranturalarga qabul tasdiqlangan Davlat buyurtmasi bo'yicha yilda bir marta sentyabr oyida amalga oshiriladi hamda joriy yilning oktyabridan rasmiylashtiriladi. Qabul to'grisidagi tahliliy hisobotlar yilning 15 oktyabrigacha FA, vazirlik va idoralarga taqdim etiladi. Aspiranturaga kirayotgan shaxslar aspirantura faoliyat ko'rsatayotgan ITM direktori yoki OTM rektori nomiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadilar: - ariza; - kadrlarni hisobga olish shaxsiy varaqasi va tarjimai holi; - ish joyidan tafsifnoma-tavsiyanoma (boshqa tashkilotlardan yuboriladigan shaxslar uchun); - chop etilgan ilmiy ishlari, ixtirolari va ilmiy-tadqiqot ishlari to'g'risidagi hisobotlar ro'yxati (shakl bo'yicha) hamda ularning kseronusxalari. Ilmiy ishlari e'lon qilinmagan va ixtirolari bo'lmagan shaxslar tanlagan mutaxassisligi bo'yicha 20 betdan kam bo'lmagan ilmiy ma'ruza (referat) taqdim etadilar. - aspiranturaga bevosita OTMni tugatgandan keyin hujjat topshirayotgan shaxslar (O'zbekiston Prezidenti Davlat stipendiatlari; imtiyozli diplom egalari; OTM Ilmiy kengashi tavsiyasi mavjud da'vogarlar) uchun OTM Ilmiy kengashi majlisining bayonidan ko'chirma; - oliy ma'lumot to'g'risidagi mutaxassislik yoki magistrlik diplomi nusxasi; - nomzodlik imtihonlarini topshirganligi to'g'risidagi guvohnoma (topshirgan bo'lsa); - mehnat daftarchasining tasdiqlangan nusxasi; - salomatligi to'g'risida tibbiy ma'lumotnoma; - 4 x6 hajmdagi 4 ta fotosurat; - pasport va harbiy bilet shaxsan ko'rsatiladi. Aspiranturaga qabul qilish uchun OTM rektori yoki ITM direktori raisligida qabul komissiyasi tashkil etiladi. Qabul komissiyasining a'zolari rektor (direktor) tomonidan aspirantura mutaxassisliklari bo'yicha yetakchi olimlardan tayinlanadi. Komissiya tarkibiga imtihon topshiriladigan mutaxassislik bo'yicha fan doktori yoki professorlar kiradi, komissiyaning qolgan a'zolari fan nomzodlari bo'lishi mumkin. Aspiranturaga kirayotgan shaxslar mo'ljallanayotgan ilmiy rahbar bilan suhbatdan o'tadilar. Mo'ljallanayotgan ilmiy rahbar OTM rektori yoki ITM direktoriga ilmiy rahbarlikka roziligini rasman ma'lum qiladi. Qabul komissiyasi mo'ljallanayotgan ilmiy rahbarning roziligini hisobga olib, shuningdek aspiranturaga kiruvchining mutaxassislik bo'yicha referati yoki taqdim etgan ilmiy ishlari, ilmiy-texnik hisobotlari, ixtirolari, tajriba-konstruktorlik ishlari va nashr etilgan maqolalarini tahlil qilib, kirish imtihonlarini topshirishga ruxsat etish to'g'risida xulosa beradi. OTM rektori yoki ITM direktori ushbu xulosa asosida aspiranturaga kiruvchini imtihonlarni topshirishga qo'yish to'g'risida buyruq chiqaradi va uni bir haftalik muddatda unga ma'lum qiladi. Aspiranturaga kirish imtihonlari ro'yxati va dasturi qabul komissiyasi tomonidan tegishli mutaxassislik mohiyatidan kelib chiqqan holda ishlab chiqilib, tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi. Aspiranturaga kiruvchilar odatda O'zbekiston tarixi, falsafa, chet tili (ingliz, nemis, fransuz yoki boshqa tillar) va mutaxassislik bo'yicha kirish imtihonlarini topshiradilar. Aspiranturaga kirish imtihonlarini topshirishga qo'yilgan shaxslarga imtihonlarga tayyorlanish va topshirish uchun ish joyidan o'rtacha oylik ish haqini saqlab qolgan holda 12 kalendar kungacha qo'shimcha ta'til beriladi. OTM rektori yoki ITM direktorining kirish imtihonlariga qo'yilganlik haqidagi bildirish xati qo'shimcha ta'til berish uchun asos hisoblanadi. Aspiranturaga kiruvchining ish joyidan OTM yoki ITMga kelishi va qaytishi uchun ta'til muddatiga qo'shimcha ish haqi saqlanmaydigan vaqt beriladi. Yo'l harajatlari (aviatransportdan tashqari) yo'llovchi tashkilot hisobidan qoplanadi. Aspiranturaga kiruvchilar haq to'lanadigan qo'shimcha ta'tildan bir yilda bir marta foydalanadilar. Aspiranturaga kirish imtihonlarini topshirmasdan qabul qilinadigan (ya'ni nomzodlik imtihonlarini topshirgan) shaxslar bunday huquqdan foydalanmaydilar. Nomzodlik imtihonlarini qisman yoki to'la (mutaxassisliqdan tashqari) topshirgan shaxslar, agar nomzodlik imtihonlarini (yaxshi yoki a'lo baholarga) topshirgan kundan 3 (uch) yil o'tmagan bo'lsa, aspiranturaga kirishda tegishli kirish imtihonlarini topshirishdan ozod etiladilar. Nomzodlik imtihonlarini to'la (mutaxassislikdan tashqari) topshirgan shaxslar mutaxassislik bo'yicha kirish imtihonini a'lo yoki yaxshi baholarga topshirsalar, aspiranturaga tanlovsiz qabul qilinadilar. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat stipendiatlari OTMni tugatganlaridan so'ng 2 yil, atokli shaxslar nomidagi Davlat stipendiatlari esa 1 yil davomida aspiranturaga kirish imtihonlarisiz qabul qilinadilar. Kirish imtihonlari natijalari bo'yicha aspiranturaga qabul qilish OTM rektori yoki ITM direktorining buyrug'i bilan Davlat buyurtmasi asosida rasmiylashtiriladi. Har bir aspirantga ilmiy rahbarlikka rozilik bergan fan doktori yoki fan nomzodi ilmiy rahbar etib tayinlanadi. OTM yoki ITMlari Ilmiy kengashining qaroriga ko'ra aspirantga ilmiy rahbarlik qilish uchun tegishli mutaxassislik bo'yicha kamida 5 yillik ilmiy va ilmiy-pedagogik staj, dosent yoki katta ilmiy xodim ilmiy unvoniga ega bo'lgan fan nomzodlari ham tayinlanishi mumkin. O'zaro yaqin mutaxassisliklar orasida ilmiy-tadqikot ishlari bajarilayotganda ikkita ilmiy rahbar yoki ilmiy rahbar va maslahatchi tayinlanishiga ruxsat etiladi, bunda ularning biri fan nomzodi bo'lishi mumkin. Aspirantga aspiranturaga qabul qilingan kundan boshlab, lekin ish joyidan yakuniy hisob-kitob qilingani to'g'risida ma'lumotnoma taqdim etilganidan keyin stipendiya tayinlanadi. Moliya vazirligi aspiranturalarga qabul bo'yicha Davlat buyurtmasi (prognoz) asosida tasdiqlangan harajatlar smetasiga ko'ra ilmiy-tadqiqot muassasalari uchun fan bo'limi, OTMlari uchun ta'lim bo'limi bo'yicha belgilangan tartibda tegishli mablag'larni ajratadi. Aspirantlarga stipendiya ilmiy-tadqiqot muassasalarida fan bo'limi, OTMlarida ta'lim bo'limi bo'yicha ko'zda tutilgan mablag'lar hisobidan mehnatga xaq to'lashning yagona tarif setkasi bo'yicha belgilangan razryadlarga muvofiq to'lanadi. Ad'yunktlarga stipendiya o'rnatilgan tartibga muvofiq to'lanadi. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining aspirantlar o'rtasidagi Davlat stipendiatlariga OO'MTV Qaroriga asosan OTM va ITM buyrug'i bilan belgilangan miqdorda stipendiya to'lanadi. Aspirantura orqali oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash muddati uch yildan oshmasligi kerak. Aspiranturada o'qish muddatiga 30 kalendar kundan iborat yillik haq to'lanadigan ta'til ham kiradi va bu muddat ilmiy-pedagogik (harbiy) stajga qo'shiladi. Aspirantura muddati tegishli hujjatlar mavjudligida uzoq davom etgan kasallik, tug'ish ta'tillari davriga uzaytirilishi mumkin, ularning moddiy ta'minoti qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Aspirantlar qonunchilikda belgilangan hollardan tashqari butun o'qish davri davomida ilmiy va ilmiy-pedagogik faoliyat bilan bog'liq bo'lmagan ishlarga jalb qilinmaydilar. Aspiranturani muddatidan ilgari dissertatsiya himoyasi bilan tamomlagan aspirantlarga tejalgan stipendiyalar hamda ITM va OTMning byudjetdan tashqari mablag'lari hisobidan besh oylik stipendiya miqdorida mukofot to'lanadi. dissertatsiya ishini muddatidan ilgari himoya qilgan aspirant 30 kalendar kundan iborat haq to'lanadigan ta'til berilgandan so'ng aspiranturadan chiqariladi. ITMlarida ilmiy rahbarga har bir aspirant uchun amaldagi Soatbay haq to'lash to'g'risidagi Nizomga muvofiq fan bo'limi mablag'laridan, aspirant kontrakt bo'yicha tayyorlanayotgan bo'lsa kontrakt summasidan bir yilda 100 soat hisobidan haq to'lanadi. OTMlarida esa ilmiy rahbarlarning aspirantlar bilan olib boradigan ishi har bir aspirant uchun 100 soat hisobidan ularning umumiy dars soatlari hisobiga kiritiladi. dissertatsiya ishini muddatidan ilgari yoki muddatida himoya qilgan aspirantning ilmiy rahbari ITM yoki OTM rahbariyati tomonidan byudjetdan tashqari mablag'lar hisobidan uch oklad miqdorida moddiy rag'batlantiriladi. Aspirantning avtoreferatini chop etish va tarqatish bilan bog'liq sarf-harajatlar OTM yoki ITM tomonidan qoplanadi. Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlashning asosiy shakllaridan biri idora ichida, idoralararo va davlatlararo maqsadli aspiranturadir Idora ichida maqsadli aspirantura orqali kadrlar tayyorlash - bu biror OTM yoki ITM o'z vazirligi yoki idorasi tasarrufidagi boshqa OTM yoki ITM uchun kadrlar tayyorlashidir. Idoralararo maqsadli aspirantura orqali kadrlar tayyorlash bu biror OTM yoki ITMning boshqa vazirlik yoki idora tasarrufidagi OTM yoki ITM uchun kadrlar tayyorlashidir. Davlatlararo maqsadli aspirantura orqali kadrlar tayyorlash - bu bir mamlakatning OTM yoki ITM boshqa mamlakatning OTM yoki ITM uchun kadrlar tayyorlashidir. Aspirantlarni idora ichida, idoralararo va davlatlararo maqsadli tayyorlash uchun ularni yo'llovchi va qabul qiluvchi tashkilot o'rtasida shartnoma tuziladi. Maqsadli aspiranturaga o'rinlar yo'llovchi va qabul qiluvchi tomon o'rtasida tuzilgan shartnoma tegishli vazirlik va idoralarda ro'yxatga olingandan so'ng ajratiladi. Maqsadli aspiranturaga yo'llovchi va qabul qiluvchi tomon o'rtasida tuzilgan shartnoma (kontrakt)ga muvofiq (2-ilova) ITM, OTMlari va tashkilotlar tomonidan yuboriladigan shaxslar odatda tanlov asosida qabul qilinadilar. Maqsadli aspiranturaga qabul tasdiqlangan Davlat buyurtmasi bo'yicha ITM va OTMlarining ommaviy axborot vositalarida bergan e'lonlariga muvofiq yilda bir marta sentyabr oyida amalga oshiriladi. Qabul to'g'risidagi hisobotlar yilning 15 oktyabrigacha tegishli vazirlik va idoralarga taqdim etilishi lozim. Maqsadli aspiranturaga yuboriladigan nomzodlarni yo'llovchi tashkilot tanlaydi. Kirish imtihonlari qabul qiluvchi OTM yoki ITMda topshiriladi. Maqsadli aspiranturaga mo'ljallangan davlat byudjeti mablag'lari tegishli vazirlik va idoralar orqali maqsadli aspiranturaga qabul qiladigan OTMva ITMlarga ajratiladi. Aspirantlarning sarf-harajatlaridagi farq ularni yuborayotgan vazirlik hamda idoralar tomonidan qoplanadi. Nomzodlik minimumi bo'yicha imtihonlarni topshirish bilan bog'liq sarf-harajatlar yo'llovchi tashkilot tomonidan qoplanadi. Maqsadli aspiranturaga qabul qilingan shaxslarga belgilangan miqdorda stipendiya, 30 kalendar kundan iborat ta'til, talabalar turar joyida yashash haqi va bir yilda bir marta har ikki tomonga borib kelish harajatlari (aviatransportdan tashqari) to'lanadi. Ilmiy rahbarlarga har bir aspirant uchun yiliga 100 soat hisobidan haq to'lanadi. 3. ASPIRANTURAGA EGA OTM VA ITMLARNING Aspiranturaga ega OTM va ITMlar quyidagi huquqlarga ega: - ilmiy rahbarning aspirantni xorijiy yetakchi ilmiy markazlar yoki OTMlariga ilmiy xizmat safariga yuborish to'g'risidagi iltimosnomasi asosida qabul qiluvchi tomonning taklifnomasi mavjud bo'lgan holda Ilmiy kengashda ilmiy xizmat safariga yuborishning maqsadga muvofiqligi masalasini ko'rib chiqish va tegishli qaror qabul qilish; - shaxsiy ish rejalarini bajarmagan va attestasiyadan o'tmagan yoki ilmiy etika, ma'naviy va axloq-odob normalarini buzgan aspirantni aspiranturaga qayta kirish hukuqisiz aspiranturadan chetlatish va bu haqda mutaxassisni o'qishga yo'llagan OTM, ITM yoki tashkilotga xabar berish; - aspirantlarni shartnoma (idoralararo, davlatlararo) asosida o'qitish uchun tushadigan (shu jumladan valyutada) mablag'larni belgilangan tartibda moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va chet ellarda o'z mutaxassislarining malakasini oshirishga sarflash. Aspiranturaga ega OTM va ITM quyidagi majburiyatlarga ega: - aspiranturaga ilmiy-tadqiqot olib borish qobiliyatli, mutaxassislik yoki magistrlik diplomiga ega bo'lgan oliy ma'lumotli shaxslarni (imtiyozli diplom bilan tugatganlar, O'zR Prezidenti va atoqli olimlar nomidagi Davlat stipendiatlari imtiyozli huquqga ega) tanlov asosida qabul qilishni ta'minlash; - Ilmiy kengashlarda aspirantlarga fan, texnika, ta'lim va madaniyat sohalarining respublika uchun ustivor yo'nalishlarini (Davlat ilmiy-texnika dasturlari) hisobga olgan holda ilmiy ishlar mavzuini va ish rejasini 3 oydan kechiktirmay tasdiqlash; - aspirantlarning nomzodlik minimumlarini topshirishi, umumnazariy tayyorgarligi va eksperimental tadqiqotlar o'tkazishi uchun zarur sharoitlarni yaratib berish, shuningdek tajribali olimlardan ilmiy rahbarlar tayinlanishiga alohida e'tibor berish hamda ularni stipendiya bilan o'z vaqtida ta'minlash; - aspirantlarning O'zR Prezidenti Davlat stipendiyalari tanlovlarida va xorijiy mamlakatlarda mutaxassisligi bo'yicha tashkil etiladigan ilmiy anjumanlarda ishtirok etishini ta'minlash; - nomzodlik minimumi bo'yicha imtihonlarni topshirish bilan bog'liq sarf-harajatlarni qoplash; - aspirantlar faoliyatini muntazam nazorat qilish, Ilmiy kengashlarda ilmiy rahbarlarning hisobotlarini eshitish, aspirantlar faoliyatini bir yilda ikki marta attestasiyadan o'tkazish va tegishli qaror qabul qilish; - aspirant bilan ilmiy rahbar o'rtasida ilmiy izlanishlar bo'yicha jiddiy kelishmovchiliklar yuz berganda Ilmiy kengashda aspirantning ilmiy rahbarini almashtirish to'g'risidagi asoslangan arizasini ko'rib chiqish va tegishli qaror qabul qilish. 4. ASPIRANTURAGA YO'LLOVCHI OTM, ITM VA Aspiranturaga yo'llovchi OTM va ITM quyidagi huquqlarga ega: - aspirantning ilmiy faoliyatini nazorat qilish hamda attestasiya materiallarini so'rab olish; - aspirant shartnoma shartlarini bajarmaganda (aspiranturani tugatib ish joyiga qaytib kelmaganda) uni aspiranturada tayyorlash bilan bog'liq sarf-harajatlar qoplanishini o'rnatilgan tartibda talab qilish. Aspiranturaga yullovchi OTM (ITM) quyidagi majburiyatlarga ega: - aspiranturaga qabul qilingan shaxslar bilan aspiranturaga qabul qilinganlik to'g'risidagi buyruq yoki undan tasdiqlangan ko'chirma asosida mehnat shartnomasini bekor qilish; - shartnoma shartlariga muvofiq aspirantga stipendiya to'lash, shuningdek o'qish, yashash bilan bog'liq barcha harajatlarni qoplash maqsadida tegishli mablag'larni o'z vaqtida kadr tayyorlab berayotgan OTM yoki ITM hisob raqamiga o'tkazib berish. 5. ASPIRANTNING HUQUQ VA MAJBURIYATLARI Aspirant quyidagi huquqlarga ega: OTM va ITMning uskuna, laboratoriya, kabinet, kutubxona va boshqalardan foydalanish; mutaxassisligi bo'yicha ilmiy ekspedisiya, konferensiya, seminar va boshqalarda ishtirok etish; O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat stipendiyalari tanlovida ishtirok etish; ilmiy xizmat safarlariga, shu jumladan xorijiy mamlakatlarga borish (O'zR Prezidentining Davlat stipendiatlari aspiranturani tugatganlaridan keyin uch yil mobaynida ilmiy ish bajarish uchun xorijiy mamlakatlarga yuborishda imtiyozdan foydalaniladilar); ilmiy-tadqiqotlar bo'yicha ziddiyatlar yuzaga kelgan holda ilmiy rahbarni almashtirish to'g'risida Ilmiy kengashga asoslangan ariza berish; Davlat grantlari hamda xo'jalik hisobidagi ilmiy ishlarni bajarishda ishtirok etish, shuningdek ilmiy rahbarning ruxsati bilan bir yilda 100 soatgacha hajmda pedagogik faoliyat olib borish. Aspirant quyidagi majburiyatlarga ega: OTM yoki ITM Ilmiy kengashi tomonidan tasdiqlangan shaxsiy ish rejasi bo'yicha ilmiy-tadkiqot olib borish va uni to'la bajarish; kafedra, bo'lim, laboratoriya va sektor majlislarida shaxsiy ish rejasining bajarilishi to'g'risida muntazam ravishda (yilda kamida ikki marta) hisobot berib borish va attestasiyadan o'tish; OAK tomonidan tasdiqlangan talablarga muvofiq ravishda o'z vaqtida nomzodlik imtihonlarini topshirish; OAK reyestriga kiritilgan ilmiy jurnallarda dissertatsiya mavzui bo'yicha kamida ikkita ilmiy maqola chop ettirish; chuqur kasbiy bilimlar, mustaqil ilmiy-tadqiqot va pedagogik ish olib borish malakasi, ilmiy-tadkiqotlarni o'tkazish uslubiyatini egallash; nomzodlik dissertatsiyasini muddatida himoya qilish yoki Ixtisoslashgan kengashga himoya uchun taqdim etish; maqsadli aspiranturani tugatgandan so'ng uni o'qishga yuborgan ilmiy-tadqiqot muassasasi, OTM va tashkilot ixtiyoriga qaytish va kamida 5 (besh) yil ishlab berish. aspiranturadan shaxsiy ish rejalarini bajarmaganligi, attestasiyadan o'tmaganligi yoki ilmiy etika, ma'naviy va ahloq-odob normalarini buzganligi uchun chetlatilgan shaxslar aspiranturaga qayta tiklanmaydilar. 6. ILMIY RAHBARNING HUQUQ VA MAJBURIYATLARI Ilmiy rahbar quyidagi huquqlarga ega: bir vaqtning o'zida ko'pi bilan 3 aspirantga ilmiy rahbarlik qilish; Ilmiy rahbar bir vaqtning o'zida doktorantga ham ilmiy maslahatchi bo'lsa, davlat grantlari bo'yicha doktorant va aspirantlarning umumiy soni uch kishidan oshmasligi kerak. Ilmiy kengashga aspirantni xorijiy yetakchi ilmiy markazlar va OTMlariga xizmat safariga yuborishning maqsadga muvofiqligi to'g'risida asoslangan yozma iltimosnoma bilan murojaat qilish. Ilmiy rahbar quyidagi majburiyatlarga ega: aspirantning ilmiy ishiga samarali ilmiy rahbarlik qilish; aspirantning tasdiqlangan shaxsiy ish rejasini bajarishini muntazam nazorat qilish; dissertatsiya ishining OAK talablariga muvofiq ravishda sifatli, o'z vaqtida tugallanishi va himoyaga taqdim etilishini ta'minlash; har yili Ilmiy kengash oldida aspirant bilan birga hisobot berish. dissertatsiya ishlarini muddatida himoya qilinishini ta'minlaydigan ilmiy rahbarlar Ilmiy kengash qarori bilan davlat grantlari yoki shartnoma bo'yicha qo'shimcha bir yoki ikki aspirantga ilmiy rahbarlik qilishi mumkin. dissertatsiya ishlarini muddatida himoyaga taqdim etishni muntazam ta'minlamaydigan (asossiz sabablar bilan) ilmiy rahbarlar Ilmiy kengash qarori bilan aspirantlarga ilmiy raxbarlik qilish huquqidan mahrum qilinadi. III. OTM VA ITMLARDA DOKTORANTURALAR Doktorantura nufuzli ilmiy maktablar va laboratoriya-tadqiqot bazalari, dissertatsiyalarni himoya qilish bo'yicha Ixtisoslashgan ilmiy kengashga ega bo'lgan yetakchi OTM va ITMlari qoshida fan va texnikaning eng muhim sohalari bo'yicha oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash maqsadida va, birinchi navbatda, fundamental tadqiqotlarni rivojlantirish, davlat ilmiy-texnika dasturlarini hamda fan va texnikaning ustivor yo'nalishlarini amalga oshirish maqsadida tashkil etiladi. Doktorantura FA, vazirlik va idoralar tomonidan OAK bilan kelishilgan holda Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar mutaxassisliklari ro'yxati ga muvofiq ochiladi. Tegishli mugaxassisliklar bo'yicha oliy malakali kadrlar (fan doktorlari) hamda zamonaviy ilmiy-tadqiqot bazasiga ega bo'lgan OTM va ITMlari doktorantura ochishning maqsadga muvofiqligi to'g'risidagi asoslangan takliflarini tegishli vazirlik va idoralarga taqdim etadilar. Taklifga ITM yoki OTM Ilmiy kengashining qarori, doktorantlar tayyorlanadigan mutaxassisliklar va shu mutaxassisliklar bo'yicha to'liq shtatda faoliyat ko'rsatayotgan fan doktorlari ro'yxati kadrlar bo'limi tomonidan tasdiqlangan holda ilova qilinadi (1-ilova). Doktoranturani yopish to'g'risidagi qaror OTM yoki ITMning doktorantura faoliyatini attestasiyadan o'tkazish natijalarini jiddiy o'rganish va tahlil qilish asosida qabul qilinadi. FA, vazirlik va idoralar o'z tasarruflaridagi muassasalar doktoranturalari faoliyatini nazorat qilib boradi va ilmiy-uslubiy rahbarlik qiladi. Respublika ilmiy-tadqikot muassasalari va OTMlarining doktoranturalari o'rnatilgan tartibda Davlat attestasiyasi va akkreditasiyadan o'tkaziladi. Doktoranturalarga yillik qabul rejalari davlat akkreditasiyasidan o'tkazilgan mutaxassisliklar bo'yicha FA, vazirlik va idoralar tomonidan Davlat buyurtmasi sifatida ishlab chiqiladi. Doktoranturaga faqat doktorlik dissertatsiyasiga asos bo'la oladigan hamda odatda nomzodlik dissertatsiyasiga mos mutaxassislik bo'yicha salmoqli ilmiy yutuqlarga erishgan, fundamental tadqiqotlarni yuksak saviyada olib borish va muhim xalq xo'jaligi, ijtimoiy va iqtisodiy ahamiyatga ega bo'lgan ilmiy muammolarni hal qilish qobiliyatiga ega, odatda 40 yoshdan oshmagan iste'dodli ilmiy va ilmiy-pedagogik xodimlar, dosent (katta ilmiy xodim) unvoniga ega fan nomzodlari qabul qilinadi. Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarni doktorantura orqali to'lov-kontrakt asosida tayyorlash tegishdi vazirlik va idoralar bilan kelishilgan holda OTM va ITMlar tomonidan amalga oshiriladi va muvofiqlashtiriladi. Doktoranturaga kirayotgan shaxslar ITM direktori yoki OTM rektori nomiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadilar: ariza; kadrlarni hisobga olish shaxsiy varaqasi va tarjimai holi; oliy ma'lumot, fan nomzodi diplomlari va dosent (katta ilmiy xodim) attestatlari nusxasi; tadqiqot mavzui bo'yicha ilmiy ma'ruza va doktorlik dissertatsiyasining kengaytirilgan reja-loyihasi; chop etilgan ilmiy ishlari, ixtirolari ro'yxati (shakl bo'yicha) hamda ularning nusxalari; ish joyidan tafsifnoma-tavsiyanoma (boshqa tashkilotlardan yuboriladigan shaxslar uchun); mehnat daftarchasining tasdiqlangan nusxasi; salomatligi to'g'risida tibbiy ma'lumotnoma; 4x6 hajmdagi 4 ta fotosurat; pasport va harbiy bilet shaxsan ko'rsatiladi. Doktorantura faoliyat ko'rsatayotgan OTM yoki ITMning Ilmiy kengashi tegishli kafedra, bo'lim va laboratoriyaning doktoranturaga tavsiya etilgan nomzodning ilmiy ma'ruzasi va doktorlik dissertatsiyasining kengaytirilgan reja-loyihasi bo'yicha xulosalarini ko'rib chiqadi va bajarilgan tadqiqotlar hajmini hisobga olgan holda nomzodni doktoranturaga qabul qilish yoki qilmaslik to'g'risida qaror qabul qiladi. Ilmiy kengash qarorida doktoranturada o'qish muddati tabaqalashtirilgan tarzda 1 (bir) yildan 3 (uch) yilgacha belgilanadi, Doktoranturaga qabul tasdiqlangan Davlat buyurtmasi bo'yicha ITM va OTMlarining ommaviy axborot vositalarida bergan e'lonlariga muvofiq yilda bir marta sentyabr oyida amalga oshiriladi . Qabul to'g'risidagi hisobotlar yilning 15 oktyabrigacha taqdim etiladi. Doktorantlarga ularni tayyorlash joyida dissertatsiya tadqiqotlari o'tkazishlarida yordam ko'rsatish uchun zaruriyat tug'ilganida ITM direktori yoki OTM rektori buyrug'i bilan oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar orasidan (akademik, fan doktori-professor) ilmiy maslahatchilar tayinlanadi. Maslahatchi sifatida boshqa tashkilotlardai yetakchi olim va mutaxassislar ham jalb etilishi mumkin. Doktorantlarni idora ichida, idoralararo va davlatlararo maqsadli tayyorlash uchun ularni yo'llovchi va qabul qiluvchi tashkilot o'rtasida shartnoma (2-ilova) tuziladi. Maqsadli doktoranturaga o'rinlar yo'llovchi va qabul qiluvchi, tomon o'rtasida tuzilgan shartnoma tegishli vazirlik va idoralarda ro'yxatga olingandan so'ng ajratiladi. Boshqa shahardan kelgan doktorantlar ularni o'qishga yuborgan tashkilot mablag'i hisobidan turar joy bilan ta'minlanadilar. Doktoranturada o'qish muddati ilmiy-pedagogik ish stajiga qo'shiladi. Doktoranturada o'qish muddatiga har yili beriladigan 30 kalendar kundan iborat haq to'lanadigan mehnat ta'tili ham kiradi. Moliya vazirligi doktoranturalarga qabul bo'yicha Davlat buyurtmasi (prognoz) asosida tasdiqlangan harajatlar smetasi bo'yicha bazani hisobga olgan holda vazirlik va idoralarga tegishli mablag'larni ajratadi. Doktorantlarga ilmiy-tadqiqot muassasalarida fan bo'limi, OTMlarida esa ta'lim bo'limi bo'yicha ajratilgan mablag'lar hisobidan mehnatga haq to'lashning yagona tarif jadvali bo'yicha belgilangan razryadlarga muvofiq stipendiya to'lanadi. Ilmiy-tadqiqot muassasalarida doktorantlarning ilmiy maslahatchilari mehnatiga amaldagi Soatbay haq to'lash to'g'risida gi Nizomga muvofiq fan bo'limi bo'yicha ko'zda tutilgan mablag'lardan, shuningdek kontrakt summasidan har bir doktorant uchun bir yilda 100 soat hisobidan xaq to'lanadi. OTMlarida esa ilmiy maslahatchilarning doktorantlar bilan olib boradigan ishi bir doktorant uchun bir yilda 100 soat hisobidan ularning umumiy dars soatlari hisobiga kiritiladi. Doktorantning avtoreferatlarini chop etish va tarqatish bilan bog'liq sarf-harajatlarini Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda Ixtisoslashgan ilmiy kengash faoliyat ko'rsatayotgan ITM yoki OTM qoplaydi. Doktorantlarga amaldagi mehnat konunchiligiga muvofiq o'rindoshlik bo'yicha ishlashga ruxsat etiladi. Doktoranturani muddatidan ilgari dissertatsiya himoyasi bilan tugatgan doktorantlarga tejalgan stipendiya va ITM yoki OTMning byudjetdan tashqari mablag'lari hisobidan besh oylik stipendiya miqdorida mukofot to'lanadi. dissertatsiyasini muddatidan ilgari himoya qilgan doktorant 30 kalendar kundan iborat ta'til berilgandan so'ng doktoranturadai chiqariladi. Doktorantlar qonunchilik bilan belgilangan hollardan tashqari butun o'qish davri davomida ilmiy va ilmiy-pedagogik faoliyat bilan bog'liq bo'lmagan ishlarga jalb qilinmaydilar. Doktoranturada o'qish muddati tegishli hujjatlar mavjudligida uzoq davom etgan kasallik, dekret ta'tili va boshqa uzrli sabablarga ko'ra uzaytiriladi hamda ularning moddiy ta'minoti Qonunda belgilangan tarzda amalga oshiriladi 2. DOKTORANTURAGA EGA OTM VA ITMLARNING Doktoranturaga ega OTM va ITM quyidagi huquqlarga ega: Ilmiy kengashda ilmiy maslahatchining asoslangan taklifiga ko'ra doktorantni xorijiy yetakchi ilmiy markazlar yoki OTMlariga ilmiy xizmat safariga yuborish, qabul qiluvchi tomonning taklifnomasi mavjud bo'lgan holda, masalasini ko'rib chiqish va tegishli qaror qabul qilish; shaxsiy ish rejalarini bajarmagan va attestasiyadan o'tmagan yoki ilmiy etika, ahloq-odob me'yorlarini buzgan doktorantni doktoranturaga qayta kirish xuquqisiz doktoranturadan chetlatish va bu haqda mutaxassisni o'qishga yo'llagan ITM, OTM yoki tashkilotga xabar berish; doktorantlarni shartnoma (idoralar ichida, idoralararo, davlatlararo) asosida tayyorlash uchun tushadigan mablag'larni (shu jumladan valyutada) belgilangan tartibda moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va o'z mutaxassislarining malakasini oshirishga sarflash. Doktoranturaga ega OTM va ITM quyidagi majburiyatlarga ega: - fan, texnika, ta'lim va madaniyat sohasining respublika uchun ustuvor yo'nalishlari (Davlat ilmiy-texnika dasturlari)ni hisobga olgan holda doktorantning dissertatsiya mavzui va shaxsiy ish rejasini uch oydan kechiktirmay tasdiqlash; - doktorantlarning faoliyatini muntazam nazorat qilish hamda Ilmiy kengashlarda ilmiy rahbarlari, kafedra, bo'lim, sektor, laboratoriya mudirlarining doktorantlarni tayyorlash bo'yicha faoliyatlari to'g'risidagi hisobotlarini eshitish. Doktorantlar faoliyatini yilda bir marta attestasiyadan o'tkazish va tegishli qaror qabul qilish. 3. DOKTORANTNING HUQUQ VA MAJBURIYATLARI Doktorant quyidagi huquqlarga ega: laboratoriyalar, uskunalar, kabinetlar, kutubxonalar va boshqalardan foydalanish; ilmiy safarlarga, shu jumladan xorijga chiqish; ilmiy ekspedisiyalar, konferensiyalar, seminarlar va boshqalarda ishtirok etish; doktoranturani muvaffaqiyatli tugatgach ilmiy-tadqiqot muassasasi, OTM yoki tashkilotga qaytish. Doktorant quyidagi majburiyatlarga ega: har yili Ilmiy kengashga shaxsiy ish rejalarining bajarilishi to'g'risida hisobot topshirish; dissertatsiya ishini OAK talablariga muvofiq o'z muddatida tugallash, shu jumladan dastlabki ekspertizadan o'tkazish va Ixtisoslashgan kengashda himoya qilish yoki himoya uchun taqdim etish; maqsadli doktoranturani tugatgandan so'ng uni doktoranturaga yuborgan ilmiy-tadqiqot muassasasi, OTM yoki tashkilot ixtiyoriga qaytish va kamida 3 (uch) yil ishlab berish. 4. ILMIY MASLAHATCHINING HUQUQ VA MAJBURIYATLARI Ilmiy maslahatchi quyidagi huquqlarga ega: OTM direktori yoki ITM rektorining roziligi bilan tasdiqlangan oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash rejasini hisobga olgan holda bir vaqtning o'zida ko'pi bilan ikki doktorantga ilmiy maslahatchilik qilish. Agar ilmiy maslahatchi bir vaqtning o'zida aspirantning ham ilmiy rahbari bo'lsa, doktorant va aspirant (ad'yunkt)larning soni 3 (uch) kishidan oshmasligi kerak. dissertatsiya ishlarining o'z vaqtida himoyaga taqdim etilishini ta'minlaydigan ilmiy maslahatchiga OTM yoki ITM Ilmiy kengashining qarori bilan qo'shimcha ravishda bir yoki ikki doktorantga ilmiy maslahatchilik qilishga ruxsat etiladi; OTM yoki ITM Ilmiy kengashiga doktorantni xorijiy ilmiy markazlar va OTMlariga ilmiy safarga yuborishning maqsadga muvofiqligi to'g'risida asoslangan yozma iltimosnoma bilan murojaat etish. Ilmiy maslahatchi quyidagi majburiyatlarga ega: doktorantning ilmiy ishiga samarali ilmiy maslahatchilik qilish; doktorantning tasdiqlangan shaxsiy ish rejasini bajarishini nazorat qilish; OAK talablariga muvofiq ravishda dissertatsiya ishining o'z vaqtida sifatli tugallanishi va himoyaga taqdim etilishini ta'minlash; har yili Ilmiy kengash oldida doktorant bilan birga hisobot berish. Muntazam ravishda dissertatsiya ishlarining o'z vaqtida himoyaga taqdim etilishini (uzrli sabablarsiz) ta'minlamaydigan ilmiy maslahatchi ITM yoki OTM Ilmiy kengashining qarori bilan doktorantlarga ilmiy maslahatchilik qilish huquqidan mahrum qilinadi. 5.ASPIRANTURA VA DOKTORANTURALAR FAOLIYATINI KONTRAKT ASOSIDA TASHKIL ETISH Davlat akkreditasiyasidan o'tgan ilmiy-tadqiqot muassasalari va OTMlari oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash maqsadida fuqarolarni, shu jumladan xorij fuqarolarini tanlangan mutaxassislik bo'yicha aspirantura, ad'yunktura, doktoranturaga kontrakt asosida (2-ilova) qabul qiladilar. O'qish fuqaroning istagiga ko'ra Davlat (o'zbek) yoki rus tilida olib boriladi. Xorij fuqarolarini aspirantura, ad'yunktura va doktoranturaga qabul qilish: O'zbekiston Respublikasi va xorij davlatlari o'rtasidagi hukumatlararo bitimlar; - jamoa va yakka tartibdagi kontraktlar asosida amalga oshiriladi. Aspirantlar, ad'yunktlar, doktorantlarning O'zbekiston Respublikasida bo'lish muddati ushbu Nizomga muvofiq ular qabul qilingan kundan boshlab belgilanadi. Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash uchun haq to'lash turi, mikdori va tartibi, stipendiya bilan ta'minlash, turar joy sharoitlarini yaratib berish, tibbiy xizmat ko'rsatish va fors-major vaziyatlari natijasida yetkaziladigan zararni qoplash ushbu Nizomning 2-bandida ko'rsatilgan bitim va kontraktlar bilan belgilanadi. Aspirantura, ad'yunktura va doktorantura o'tishga kirayotgan fuqarolar quyidagi hujjatlarni taqdim etadilar; aspirantura, ad'yunktura va doktoranturaga qabul kilish to'g'risida ariza; o'rganilgan fanlar hamda ular bo'yicha imtihonlarda olingan baho (ballar) ko'rsatilgan xolda ma'lumoti to'g'risidagi hujjatlarning asl yoki notarius tomonidan tasdiqlangan nusxalari; salomatligi to'g'risida tibbiyot muassasasi xulosasi; 4x6 o'lchamdagi 6 dona fotosurati; viza hujjatlari; milliy pasport shaxsan ko'rsatiladi. Aspirantura, ad'yunktura va doktorantura o'tishni istagan o'zbek yoki rus tilini bilmaydigan xorij fukarolari tegishli vazirlik va idoralarning Til o'qitish markazlarida yoki boshqa mavjud Til markazlarida o'qitiladilar. Xorijlik aspirant, ad'yunkt va doktorantlar ushbu Nizomda ko'zda tutilgan xukuq va majburiyatlardan foydalanadilar. ITM va OTM ichki tartibini, yotoqxona intizomini, shuningdek O'zbekiston Respublikasi me'yoriy hujjatlarida ko'zda tutilgan boshqa qonun va qoidalarni buzgan xorij fuqarolari aspirantura, ad'yunktura va doktoranturadan chetlatiladi. Aspirantura (ad'yunktura) hamda doktorantura ochiladigan ilmiy-tadqiqot muassasalari va OTMlarda ma'lum mutaxassislik bo'yicha to'liq shtatda faoliyat ko'rsatayotgan fan doktorlari, professorlar hamda ilmiy rahbarlik huquqiga ega fan nomzodlari to'g'risida
Pavel Redkin dizayni.
|







