Address:140104, O`zbekiston, Samarqand shahri, Universitet xiyoboni, 15-uy

Fakultet dekani

  • Qabul vaqti: Har kuni 14:00 dan 16:00 gacha
  • Telefon: +99866-239-19-40
  • Elektron pochta:

FAKULTET HAQIDA

1927-yilda O‘zbek davlat universiteti (hozirgi SamDU) tashkil etilgan vaqtdan boshlab, fizika-matematika fakulteti ham faoliyatini boshlagan edi. Birinchi marta Samarqandda fiziklar tayyorlash ishiga Rossiyadan taklif etilgan olim prof.A.M.Titov rahbarlik qilib, 1933 yilda A.Yu.Pedder va N.P.Kuznesovlar bilan birgalikda «Umumiy fizika», 1935-yilda «Optika va nazariy fizika» kafedralarni tashkil etgan edi.

1933-yilda prof.A.M.Titov rahbarligida birinchi marta Quyosh energiyasidan foydalanish (Geliofizika) bo’yicha ilmiy ishlar olib borishdi va uning rahbarligida 1935-yilda K.T.Abdirashidov, A.G.Kochnevlar, 1936-yilda A.N.Tekuchyov, S.U.Sultonov, Muso Mo’minovlar nomzodlik dissertasiyasini himoya qildilar.

Fizika fanining rivojida prof. Muso Mo‘minovning xizmatlarini alohida e’tirof etish kerak. U 1944-yilda O‘zbek Davlat universitetiga rektorlik qilish bilan birga «Nazariy fizika» kafedrasi mudiri lavozimini ham bajardi va «Umumiy fizika», «Optika» kafedralarini tashkil etdi. 1951-yilda M.Mo‘minov, H.Haydarov bilan birga birinchi marta o‘zbek tilida «Molekulyar fizikadan» laboratoriya va o‘quv qo‘llanmalarini yaratdi.

1961-yil avgustda fizika-matematika fakulteti tarkibidan fizika fakulteti alohida ajralib chiqdi va fizika fani rivojida yangi davr boshlangan edi. 1959-yilda A.Q.Otaxo‘jayev (keyinchalik O‘zFA akademigi) Optika kafedrasiga mudir bo‘lib tayinlanishi, SamDUda Optiklar maktabining shakllanishiga olib keldi.

Fakultetda uzoq yillar davomida olib borilgan ilmiy-tadqiqot ishlari natijalari asosida hozirgi kunda 4 ta ilmiy maktab yaratildi. 1.Optika (Asoschisi va ilmiy rahbari akademik A.Q.Otaxo’jayev), 2. Yadro fizikasi (Asoschisi prof. Muso Mo‘minov), 3. Magnetizm (Asoschisi va ilmiy rahbari prof.O.Quvondiqov), 4. Kosmos fizikasi va astrofizika (Asoschisi va ilmiy rahbari prof.B.Maxmudov).

Bundan tashqari, Optiklar ilmiy maktabi tarkibida 2 ta alohida yo‘nalish ajralib chiqdi va rivojlantirildi. Nochiziqli optika yo’nalishi (Ilmiy rahbari prof.L.M.Sobirov) va Molekulyar lyuminesensiya yo‘nalishi (Ilmiy rahbari prof.N.Nizomov).

Hozirda fizika fakultetida 6 ta mutaxassislik kafedralari faoliyat ko‘rsatmoqda: Optika (kafedra mudiri prof.A.Jumaboyev), Umumiy fizika (kafedra mudiri dots.R.Rajabov), Nazariy fizika va kvant elektronika (kafedra mudiri prof.N.Eshqobilov), Astronomiya (kafedra mudiri prof.M.Qodirov), Qattiq jismlar fizikasi (kafedra mudiri dots.E.Arziqulov), Yadro fizikasi (kafedra mudiri dots.R.M.Eshbo‘riyev).

Fakultetda 3 ta’lim yo‘nalishi (fizika, astronomiya, elektronika va asbobsozlik) bo’yicha 600 dan ko’proq talabalar va 6 magistratura mutaxassisliklari (Fizika (yo‘nalishlar bo‘yicha), Geliofizika va quyosh energiyasidan foydalanish, Astronomiya, Kondensatsiyalangan holatlar fizikasi va materialshunoslik, Nazariy fizika, Atom yadrosi va elementar zarralar fizikasi, tezlashtiruvchi texnika) bo’yicha 70 nafardan ortiq malakali magistr mutaxassislar tayyorlanmoqda.

Fakultetda ilmiy salohiyat bugingi kunda 70%ni tashkil qilgan, kafedralarda 2 nafar O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademiklari, 17 nafar fan doktorlari, professorlar, 35 nafar fan nomzodlari, dosentlar hamda 18 nafar katta o‘qituvchi, assistentlar yoshlarga tahsil berishmoqda.